Unda Toshkent viloyati, Toshkent shahar hamda Respublika miqyosida aholi va turistlarga qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish borasidagi faoliyatini namunaviy tarzda yoʻlga qoʻygan avtomobillarga yoqilgʻi va gaz quyish stansiya vakillari qatnashdi.
Tadbirda Bosh vazir oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, infratuzilma obyektlarining sanitar-gigiyenik holatini yaxshilash boʻyicha har bir hududda monitoring olib borgan mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Ishchi guruh aʼzolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Taqdirlash marosimida 2017-2021-yillar mobaynida respublika boʻyicha 6,2 mingdan ortiq sanitariya-gigiyena shoxobchalari hozirgi zamon talablari asosida yangidan qurilib, qayta taʼmirlanganligi hamda joylardagi umumiy holat bir muncha yaxshilanganligini alohida qayd etildi.
“Respublikamizning deyarli barcha hududlarida Hukumat qarorlariga asosan tadbirkorlik va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, shuningdek, mahalliy hokimliklarga namuna sifatida koʻrsatish uchun 2-3 tadan, jami 30 ga yaqin namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari barpo etilib, davlat ijtimoiy sheriklik shartlari asosida foydalanishga topshirildi. Turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar natijasida yoʻlboʻyi hamda turistik infratuzilmalardagi holat koʻrsatkichi oʻtgan davrga nisbatan (2019-yil holatiga qamrov 20%ni tashkil etgan) 4-5 barobar (hozirgi vaqtda 90 %) ga oshdi. Jumladan, avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalarida (AGTKS) 96 %, avtomobillarga gaz quyish (AGQS) va avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalarida (AYOQSH) 85 foizdan yuqori boʻlishiga erishildi.
Tadbirkorlik subyektlari uchun mazkur stansiyalar hududida zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari qatorida asosiy faoliyat turidan tashqari aholiga savdo va maishiy xizmat koʻrsatish, tez ovqatlanish maskanlari barpo etish, wi-fi zonalari tashkil etish orqali foydalanuvchilar oqimini kengaytirish imkoniyatlari ham yaratilgan. Biroq, respublika boʻyicha 600 dan ortiq yoqilgʻi quyish stansiyasi, xususan, yangi qurilganlarining aksariyati talabga hali ham javob bermasligi ayni haqiqat”, — deya taʼkidladi turizm va sport vaziri.
Jumladan, Respublika ishchi guruhi tomonidan mazkur yoʻnalishda har bir hududdagi 450 ga yaqin AGTKS, AGQS va AYOQSHlar koʻzdan kechirildi. Ularning 186 tasida kamchiliklar aniqlangan boʻlsa, 146 tasida tegishli Hukumat qarorlarida belgilangan talablar bajarilmaganligi sababli kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar faoliyatini qisqa muddatga toʻxtatish choralari koʻrildi.
Shuningdek, aholi va turistlarga qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish borasidagi faoliyatini namunaviy tarzda yoʻlga qoʻygan quyidagi AGTKS, AGQS va AYOQSHlar gʻolib deb topildi:
- “Sof Xizmat KoʻRsatish Kompleksi” MCHJ – jahon standartlari asosida xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻygan “Eng yaxshi AGTKS” (Qashqadaryo viloyati);
- “Yangi Metan Gaz” MCHJ – qaror talablari ijrosiga sidqidildan yondashgan “Eng yaxshi AGTKS” (Sirdaryo viloyati);
- “Ibr Petrolium Station” MCHJ – Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha xizmatlar turi va sifatini yanada rivojlantirayotgan “Eng yaxshi AYOQSH” (Toshkent shahri).
Gʻoliblar Bosh vazir oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov tomonidan taqdirlandi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.