Ruxsatnomasiz olib kelingan karantin ostidagi mahsulotlar yoʻq qilindi

    Xavfsizlik 14 Oktabr 2021 1224

    Toshkent shahar Oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektorlari tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy davlatlardan mamlakatimizga urugʻliklar, ekish materiallari, mevalar va boshqa karantin ostidagi mahsulotlarni olib kelish bilan bogʻliq bir nechta qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.

    Xususan, fuqarolar tomonidan import karantin ruxsatnomasi va eksportyor davlatning fitosanitariya sertifikatisiz turli xorijiy davlatlardan olib kelingan umumiy miqdorda 103 tup manzarali daraxtlar koʻchatlari, shuningdek, yuqori fitosanitar xavfga ega boʻlgan 238 kilogramm urugʻlik, meva va boshqa mahsulotlar Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan toʻxtatib qolindi.

    Har kuni minglab yoʻlovchilar aeroport, temir yoʻl va avtomobil transportida qaysidir davlatga borish yoki kelish uchun nazorat-tekshiruv postlaridan oʻtib-qaytishadi.

    Kimdir sovgʻa sifatida, yana kimdir boshqa maqsadda karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish yoki olib chiqishni rejalashtiradi. Biroq, davlat chegarasidan turli mahsulotlarni olib oʻtayotgan aksariyat fuqarolar karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikati haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlmaganligi uchun ham turli muammolar yuzaga keladi.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan xorijiy mamlakatlardan yuqori darajadagi fitosanitar xavfga ega boʻlgan karantin ostidagi mahsulotni pochta joʻnatmalarida yuborilishi taqiqlangan.

    Maʼlumot uchun: yuqori fitosanitar xavfga ega karantin osti mahsulotlariga ekish materiallari, xususan, koʻchat, urugʻ, piyozboshlar hamda tuganaklar kabilar kiradi.

    Amaldagi qonunchilikka asosan mahsulotlar Oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari hamda tegishli tashkilotlarning masʼul xodimlari ishtirokida yoqish yoʻli bilan yoʻq qilindi, deb xabar beradi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati.