Butunrossiya o‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti vakillari Samarqandda

    Agrosektor 9 Dekabr 2021 1689

    O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga tashrif buyurgan Butunrossiya o‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti federal davlat budjet tashkiloti (FGBU «VNIIKR») vakillaridan iborat delegatsiya Samarqand viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    Tashrif doirasida VNIIKR vakillari Boshqarma va uning tarkibidagi fitosanitariya laboratoriyasi faoliyatini hamda viloyatdagi O‘simliklar karantini va himoyasi nazorat o‘tkazish maskani orqali import qilinayotgan mahsulotlardan laboratoriya uchun namuna olish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

    Shuningdek, delegatsiya a’zolari boshqarmaning har bir bo‘limidagi ish faoliyati, xususan, «e-fito» dala nazorati monitoringi, «tt.biznesvakil.uz» elektron tizimiga o‘z vaqtida ma'lumotlarni kiritib borishning amalga oshirilishi, eksport qilinayotgan mahsulotlarni tekshirish jarayonlari hamda ularga xalqaro namunadagi sertifikatlarni rasmiylashtirish va sohaga oid boshqa ma’lumotlar bilan tanishdi.

    Shu bilan bir qatorda, rossiyalik mutaxassislarga zamonaviy fitosanitariya laboratoriyasida zararlangan namunalarning olib kelinishi hamda etomologik, fitopatologik, gerborlogik ekspertiza o‘tkazish jarayonlari, jumladan hasharot va kasalliklarni laboratoriya sharoitida tezkor indentifikatsiya qilish, o‘ta xavfli zararli organizmlarni belgilangan usullardan foydalangan holda aniqlash, doimiy kolleksiya qilish va klassik usullardan foydalanish kabi ish jarayonlaridan ko‘rgazmali namunalar ko‘rsatildi. Qolaversa, «Bermen» usulidan foydalangan holda nematodalarni aniqlash hamda «Eliza» testlarining qanday amalga oshirilishi haqida fikr almashildi.

    Ma’lumot uchun, 2018-yilda O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi hamda Rossiya Federatsiyasining (FGBU «VNIIKR») Butunrossiya o‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolangan edi. Kelishuvga asosan ikki tashkilot o‘rtasida fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, O‘zbekiston va Rossiya ilmiy-tadqiqot doiralarining tajriba almashinuvini rivojlantirish masalasida istiqbolli kelishuvga erishilib, ushbu yo‘nalishda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

    Samarqand viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi

    Axborot xizmati.