Bu haqda qirgʻiz prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Parijda boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida qirgʻizistonlik bokschi Munarbek Seyitbek oʻgʻli yarim finalga chiqqanida unga sekundantlik qilgan Oʻzbekiston delegatsiyasidan borgan murabbiy Akmal Hasanovga 11-sentyabr kuni Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Chevrolet Tracker avtomobilini sovgʻa qildi.
“Markaziy Osiyo xalqlari bir-birini qoʻllab-quvvatlab, hamjihatlik va doʻstona munosabatlarni namoyon etishini butun dunyo koʻrdi. Sport tinchlik elchisi, deb ataladi. Siz oʻz namunangiz bilan oʻzaro totuvlikni mustahkamlashga hissa qoʻshdingiz. Birligimiz yanada mustahkamlanishini tilayman”, — dedi Sadir Japarov.
Eslatib oʻtamiz, Akmal Hasanov avvalroq “Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl forumi” xalqaro jamoat birlashmasi tomonidan “Chingiz Aytmatov” medali bilan taqdirlangandi.