Mamlakatimiz elchixonasi vakillari Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasida ushbu kutubxona direktori, proffessor A.Tugʻlu bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tadbirda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning yaqinda elchixona va TYURKSOY tomonidan turk tiliga tarjima qilinib, Anqarada chop etilgan saylangan hikoyalar toʻplami kutubxonaga topshirildi.

A.Tugʻlu oʻzbek xalqi merosini targʻib etish, oʻzbek tilining xalqaro maydondagi obroʻsini oshirish, qatagʻon qurbonlari xotirasini tiklash va abadiylashtirish masalalarida Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasi Oʻzbekistonning tegishli tashkilotlari bilan amaliy hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Shuningdek suhbatda, Turkiyada oʻzbek tili va adabiyotiga qiziqish yildan-yilga ortib borayotganligi, oʻzbek xalqining buyuk merosiga oid asarlarni oʻrganish ham ancha jadallashgani taʼkidlandi.

Jumladan, kutubxona xodimi, Turkiyaning Trakiya universiteti oʻqituvchisi, filologiya fanlari doktori Nursel Dinler Komil Xorazmiyning “Devoni Komil” asariga oid tadqiqot ishlarini olib borayotganligi, Alisher Navoiy ilmiy merosiga bagʻishlangan doktorlik ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan N.Dinler oʻzbek tilini oʻrganish va Turkiyada targʻib qilish boʻyicha samarali ish olib borayotgan yosh turk olimlaridan biri ekanligi eʼtirof etildi.