Salomat boʻling! Bu hozir eng koʻp ishlatayotgan ibora

    Mamlakatimizda 9 Iyul 2020 1125

    Ayni paytda mamlakatimizda pandemiyani jilovlash va yoyilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni jarayonning ichidagi insonlargina yaxshi biladi. Agar hamma bilganida, his qilganida edi, karantin tartiblari yengillashganini imtiyoz bilib, koʻchalarni toʻldirib yurmagan, niqobni iyakka tushirib yoki mutlaqo taqmay oliftalik qilmagan boʻlardi.

    Shu kunlarda Uchtepa tuman davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirusning tuman hududiga kirib kelishi va aholi orasida tarqalishining oldini olish uchun qator profilaktik, epidemiologik chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Jumladan, profilaktika maqsadida har bir muassasa xodimlaridan surtma olinib, laboratoriya tahlillari oʻtkazilyapti. Ishlab chiqilgan maxsus dasturga koʻra, oldin tibbiyot xodimlaridan surtma oldik. Chunki ular bemorlar bilan bevosita muloqot qiladi. Hududimizdagi barcha klinikalarning ayni paytda faoliyat yuritayotgan xodimlaridan surtmalar olindi. Lekin birortasida kasallik aniqlanmadi. Keyin esa bozorlarga oʻtdik. Har bir bozorning ishchilaridan surtmalar olyapmiz.

    Kasallik oʻchogʻidagi kurash

    Kasallik tarqalgan oʻchoqlarni aniqlab, zararsizlantirish boʻyicha epidemiologlar zimmasiga masʼuliyatli va mashaqqatli vazifa yuklangan. Ular tezkor harakatlanib, kasallarni darhol izolyatsiya qilishi kerak. Soʻng jonini xatarga qoʻyib, bevosita virus tashuvchilariga yuzma-yuz boʻladi. Bemorlardan kimlar bilan muloqotda boʻlgani, qayerlarga borganini maydalab soʻrab-surishtiradi. Pandemiya bilan bogʻliq birinchi holat hududimizda 18-19-mart kunlari aniqlandi. Bemorni tezda ayoli, oila aʼzolari bilan izolyatsiya qildik. Shifoxonaga olib borganimizda uning ayolidan ham virus chiqdi. Qolgan oila aʼzolari va qoʻni-qoʻshnilarida kasallik aniqlanmadi.

    Ikkinchi holat byudjet tashkilotda ishlaydigan ikki nafar farrosh ayolda aniqlandi. Ularni tez shifoxonaga joylashtirdik. Birinchi bemor xonadonining 17 nafar, ikkinchisining esa 10 nafar aʼzosi hamda 1 nafar qoʻshnisini birlamchi muloqotchi sifatida oʻz paytida izolyatsiya qildik. Natijada birinchi oilaning 16 nafar, ikkinchisining 9 nafar aʼzosida koronavirus aniqlandi. Holatdan xabar topib borganimizda tun yarmiga yaqinlashgandi. Agar tong otishini kutib, hayallaganimizda ular koʻchaga chiqib ketgan va ishimiz yana-da qiyinlashgan boʻlardi.

    Navbatdagi holat Shayxontohur tumanida aniqlangan. Bir xonadonda ikki kishida — uy bekasi va qizida virus alomatlari kuzatilgan. Ularni shifoxonada yotqizmaslik uchun turmush oʻrtogʻi ayoli va qizini olib qochib kelib, hududimizdagi manzilga joylashtirgan. Bundan xabar topib bordik. Erkakning qattiq qarshiligiga qaramay, ona-bolani shifoxonaga yotqizdik. Ikkalasida ham koronavirus aniqlandi. Ular bilan muloqot qilgan 19 nafar odamni 14 kun poylab oʻtirdim. Xayriyatki, ular orasidan kasal chiqmadi. Erining haqorati, baqirishiga qaramasdan, bemorlarni oʻz vaqtida yotqizganimiz natija berdi. Uydagi 19 kishiga yuqmadi. Agar ular koʻchaga chiqib ketganida, ahvol qanday boʻlishini tasavvur qilish ogʻir.

    Yana ikki nafar fuqarodan profilaktika maqsadida surtma olindi. Yutugʻimiz shuki, oʻzlari chiqib keldi. Ularni ham oʻz vaqtida shifoxonaga yotqizdik. Oila aʼzolariga bu kasallik yuqmadi. Bizga faqat isitmalayotgan bemordan tahlil olish toʻgʻrisida koʻrsatma berilgan. Biroq bir xonadonga borganimizda istisno qilishga toʻgʻri keldi. Xonadon bekasi betob boʻlsada, oilaning hamma aʼzosidan surtma oldik. Natijada bemor ona qolib, sogʻlom koʻringan 11 yashar qizda virus aniqlandi. Bu yerdayam olib borgan ishimiz toʻgʻri boʻldi. Uydagi qolgan 11 kishiga kasallik yuqishining oldi olindi.

    Virus odam tanimaydi

    Malaka oshirayotganda bir domlamiz aytgan gaplar shu kunlarda isbotini topayotganidan hayratdaman. U kishi “Bizning tibbiyot taʼlim muassasalarida yuqumli kasalliklar epidemiologiyasi oʻtiladi. Shu bois, biz, epidemiologlar “Epidemiologiya nima?” degan savolga doim “Yuqumli kasalliklarni oʻrganuvchi fan”, deb javob berganmiz. Biroq Yevropa mamlakatlari mutaxassislari yuqumli kasalliklarni oʻrganmayapti. Ular, barcha yuqumli kasalliklarning vaksinasini ishlab chiqdik, toʻliq gʻalaba qozondik, deb yuqumsiz kasalliklar epidemiologiyasi bilan shugʻullanyapti. Bu keyinchalik xavfli salbiy taʼsirini koʻrsatadi”, degan edi.

    Gʻarb davlatlari yuqumli kasalliklar bilan shugʻullanmay qoʻygandan keyin koronavirusga qarshi kurashish ular uchun qiyin kechyapti. Infeksiya davriyligi, qachon bemorni ihotalash kerakligi, qaysi paytda virus yuqumli yoki yuqumsiz boʻlishi, birlamchi va ikkilamchi tashuvchilarni bilmayapti. Aynan Ispaniya, Italiya, Fransiya davlatlarida yuqumsiz kasalliklar epidemiologiyasini oʻrganish birinchi oʻringa chiqqan.

    Biz pandemiyaga qarshi kurash uchun Xitoyning tajribasini, erishgan natijalarini obdon oʻrgandik. Hatto har kunlik maʼlumotni olib sinchiklab tahlil qildik. Klinikasi, epidemiologiyasi, davolash usullarini oʻzlashtirdik. Xullas, kutilmagan vaziyatga tayyor edik. Shunga qaramay, koronavirus mamlakatimizga kirib kelgani aniq boʻlganda hamma esankirab qoldi. Vaholanki, bizda barcha zarur maʼlumotlar mavjud edi. Ikki hafta oʻtib, tizim ishga tushgandan keyin sekin-asta kasallikni jilovlashni oʻrgandik.

    Bu kunlar biz uchun sinov. Uni toqatsizlik yoki yengil fikrlash bilan emas, matonat bilan yengish mumkin. Bu yoʻlda xalqimiz bizga koʻmakchi boʻlsa, karantin qoidalariga nechogʻli qatʼiyat bilan rioya etsa, gʻalaba onlarimizga yetadigan muddat shuncha qisqaradi.

    Shahnoza MUXSIMOVA,

    Uchtepa tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazining

    epidemiologik monitoring va profilaktika boʻlimi mudiri