Shuning uchun unda-bunda maqola, tadbirlardan xabarlar yozib, sahifalarni toʻldirishga hissa qoʻshib turishimga toʻgʻri keladigan sharoit. Boz ustiga? maoshi ozligi uchun fotograf oʻrni ham boʻsh. Ammo yaxshi, oʻsha payt uchun ilgʻor zamonaviy fotoapparat bor.
Bir kuni Asaka zavodida ishlab chiqarishi yoʻlga qoʻyilayotgan «Captiva» avtomobili yangilangan modelining taqdimot marosimiga taklifnoma tashlab ketishdi. Bu yaxshi yangilik, albatta yoritishimiz kerak, degan qarorga keldim. Tadbir kechki paytga belgilangan ekan. Suratga ham tushirib kelaman, deb fotoapparatni shartta yelkaga ilib, manzil – Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga qarab yoʻl oldim.
Taʼlim muassasasining koʻchadan kiraverishi dabdabali bezatilgan, eshikdan ichkarida orkestr musiqa chalyapti. Toʻrdagi sahna oʻnlab chiroqlar yorugʻida joziba kasb etgan. Bu yerga kecha «qahramoni»ni olib chiqishsa kerak. Yangilikdan bexabar qolmay deb kelgan mehmonlar anchagina, orasida hamkasblarimiz ham bor. Ularning davrasiga qoʻshildim. Soat belgilangan vaqtdan oʻtib ketdi hamki, taqdimot boshlanay demasdi. Hamrohlarim bilan «Qorongʻu tushishini kutishyapti», «Yoʻq, kattakonlar kelsa, keyin boshlashadi», degan taxminlarni muhokama qilishga kirishib ketdik.
Bir payt gʻala-gʻovur kuchaydi, boʻydor, rasmiy kiyingan 3-4 yosh yigit odamlar orasini ochib (aniqrogʻi, bizni turtib-surtib), minbar tomon yoʻl ocha boshladi. 5-6 chogʻli odam oʻsha yoʻlakdan oʻtib, sahnaga koʻtarildi. Boshlovchi viqor bilan turgan shaxslarni tanishtirdi – bitta xorijlik mehmon, 2 tasi soha mutasaddisi va bittasi uyushmaning eng kattasi ekan. Bu kattaning ism-familiyasini eshitgandim, ammo oʻzini endi koʻrishim edi. Darhol fotoapparatni olib, suratga tushira boshladim. Axir qarshimda kimsan — Falonchi Falonchiyev! Birov tirsagimdan ushlagandek boʻldi.
– Kechirasiz, sizni bir minutga mumkin…?
Buzuq talaffuzda gapirgan yosh xodim meni chekkaga tortdi.
– Tinchlikmi? – soʻradim nima boʻlayotganini anglamay.
– Siz kimsiz, hujjatlaringiz bormi, qayerdansiz? – yigitcha savolimga savollarni qalashtirib tashladi. Gaplari tahdidli, ohangida rasmiy tus hukmron. U tergovchi, men katta jinoyat ustida qoʻlga tushgan ashaddiy jinoyatchi edim goʻyo. Oʻzimni tanishtirdim.
– Jurnalist boʻlsangiz, rahbarimizni suratga tushirish mumkin emasligini nega bilmaysiz? Nima maqsadda Falonchi Falonchiyevichni rasmga oldingiz?
Qarasam, vaziyat ancha jiddiy. Pachakilashib, hammaning eʼtiborini oʻzimga tortgim kelmadi. Gapga aralashmasada, atrofda yana 2-3 tasi paydo boʻldi. Xullas, «shirin suhbatimiz» fotoapparatdan tushirgan suratlarimni oʻchirib tashlanishi bilan yakun topdi. Keyin sal narida holatni kuzatib turgan tanish professinaol fotomuxbir akamiz yonimga kulib kelib, dalda bergan boʻldi:
– Bizda shunaqa, arboblarni suratga olish mumkin emas, ular matbuotdan qoʻrqishadi. Siz fotograf emassizda, koʻnikib ketasiz hali…
***
Yuqoridagilar kechagi gap, oʻtmish, ortda qolgan tarix. Endi bugun haqida.
Darvoqe, hamkasb akamiz aytgan holatga koʻnib ketmadim, aniqrogʻi, koʻnikib ketishga ulgurmadim. Zamon oʻzgardi, qarashlar, OAVga munosabat tubdan ijobiy tomonga yuz tutdi. Bugun hamma muxbir, bloger, jurnalist, fotograf. Hammaning yelkasida fotoapparati boʻlmasa ham qoʻlida telefoni bor. Istagan jurnalist istagan vazir, qoʻmita raisi, davlat agentligi direktori, viloyat yo shahar hokimi, bank boshqaruvchisi, oliy taʼlim muassasasi rektori, katta-kichik uyushmalar rahbarlari bilan erkin muloqot qilyapti. Ularni suratga olyaptigina emas, birga suratga ham tushyapti, yoʻl-yoʻlakay mikrofon tutib, intervyu soʻrayapti, xatolari, kamchiliklari yuzasidan savollar beryapti. Bir dasturxon atrofida tushlik qilyapti, sport musobaqalarida bellashyapti.
Bular 10-yil avval orzu emasmidi? Reallikka aylangan orzular roʻyobiga mamlakatimizda yaratilgan huquqiy asos omil boʻlayotgani ham bor gap. Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar bunga izn beryapti. Davlat bugun har qanday jamiyat taraqqiyotini soʻz erkinligisiz tasavvur etish mumkin emasligini anglayapti, shunga yarasha sharoitlar muhayyo etilyapti. Soʻz va axborot erkinligi milliy qonunlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tomonidan dunyo miqyosda qabul qilingan xalqaro huquqiy hujjatlar va tan olingan universal shartnomalarda aksini topmoqda.
Bugun yurtimizda matbuotga eʼtibor har qachongidan yuqori. Bu borada qator qonunchilik normalari, jumladan, Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Hujjat davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi va shaffofligiga erishishning yangi bosqichini boshlab berdi, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish borasida dadil qadamlar qoʻyish uchun huquqiy asos vazifasini oʻtamoqda.
Shuningdek, oʻtgan yili yangilangan Bosh qonunimizda ushbu yoʻnalishdagi konstitutsiyaviy qoidalar yanada mustahkamlab qoʻyilgani yurtimizda bu boradagi saʼy-harakatlar bardavom ekanidan dalolatdir. Ayni sabab OAV bugun xalq ovozi, toʻrtinchi hokimiyatga aylanib bormoqda. Balki kimlarningdir nazdida hali qadamlarimiz salmogʻi kutilganidek katta emasdir, lekin siljishlarni inkor qilish mumkin emas.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 27-iyundagi «Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori jurnalistikamizda toʻplanib qolgan bir qancha muammolarni qamrab olgani bilan eʼtiborga molik boʻldi.
Qarorda jurnalistlar oʻrtasida har yili anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan va aynan 3-may – Jahon matbuot erkinligi kunida gʻoliblar aniqlanadigan «Oltin qalam» milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq hamda shaffoflik bilan oʻtkazishga eʼtibor qaratilishi qayd etilgan. 2023-yildan boshlab tanlovning bosh mukofoti uchun avtomobil, birinchi oʻrin uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, ikkinchi oʻrin uchun 175 baravari, uchinchi oʻrin uchun 150 baravari, 12 ta ragʻbatlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi belgilangan.
***
BMT Inson huquqlari komissiyasi eʼtirofiga koʻra, soʻz erkinligi – inson rivojlanishining ajralmas omili. Insonning haq-huquqlari, manfaatlarini demokratiyasiz, soʻz va matbuot erkinligisiz toʻla taʼminlab boʻlmaydi. Soʻz erkinligi, matbuot erkinligini demokratiyaning hayotbash qon tomiri, sarchashmasiga mengzash mumkin. Taʼkidlaganimizdek, yurtimizda ham bu omil siyosatning ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Davlatimiz rahbari bir chiqishida: «Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi koʻplab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va soʻz erkinligi bu – davr talabi, bu – Oʻzbekistondagi islohotlarning talabi», deya ommaviy axborot vositalari xodimlariga qanot bergan edi.
Bugun axborotni yashirib boʻlmaydi. Bir joyda yashirilgan axborot, albatta, boshqa joylarda chiqadi. Axborot bugun erkin aylanyapti va bu soʻz erkinligi bilan bevosita bogʻliq. Odamlar matbuot orqali oʻz fikrini erkin bildirmoqda. Ularni davlat organlari eshitishi kerak. Oʻz faoliyatini tanqidlar orqali tahlil qilib, mavjud muammolarni hal etish choralarini koʻrishi, muloqotga oʻrganishi lozim.
Soʻnggi yillar yurtimizda soʻz erkinligini taʼminlash, erkin fikr yuritish uchun huquqiy himoyani, davlat idoralarining ochiqligini kuchaytirish, blogerlik mavqeini koʻtarish, barcha toifadagi ommaviy axborot vositalari xodimlarini himoya qilish borasida bir qancha amaliy ishlar qilindi. Natijada faol matbuot xalq orasida tobora hurmat-eʼtibor qozonib, «toʻrtinchi hokimiyat» darajasiga koʻtarilib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda qanday yangilik paydo boʻlmasin, turli munozarali bahslar, fikrlar, tortishuvlar koʻrinishida ushbu axborotga munosabatlar bildirilmoqda. Bu ham yurtimiz ommaviy axborot vositalari va fuqarolarimizning faollashib borayotganini koʻrsatadi.
***
«Matbuot fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yoʻlida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan koʻzgu boʻlmogʻi lozim». Milliy matbuotimizning tamal toshini qoʻygan jadid bobolarimizning ushbu fikrlari hozirgi kunimiz uchun ham gʻoyat muhim ahamiyatga ega.
Zamona zayli bilan mediamakonda turli qarashlar, mulohazalar, munosabatlar aylanadi. Shulardan biri bosma nashrlar haqidagi turli gap-soʻzlardir. Gazeta va jurnallar elektron matbuot soyasida qolib ketadi, deya iddao qiluvchilar ham, buni inkor etuvchilar ham bir narsada sobitdirlar. Yaʼni matbuot erkinligi – soʻz, shaxs, vijdon erkinligi singari siyosiy huquq. U matbuotning erkin faoliyat koʻrsatishini, kishilarning matbuotda fikr va tuygʻularini toʻsiqlarsiz ifoda eta olishini ifodalaydi.
Insoniyat dunyoqarashi kengayishida ommaviy axborot vositalari, xususan, matbuotning oʻrni beqiyos. U orqali insonlar dunyo yangiliklaridan xabardor. Gazeta va jurnallar, soʻng OAVning radio, televideniye kabi turlari, ayniqsa, internet paydo boʻlgach, insoniyat ongi va dunyoqarashi tubdan oʻzgardi. Ulardan toʻgʻri foydalanish va axborotni tahlil qilish esa kishidan mustaqil fikr, bilim va tafakkurni talab etadi.
Yuqorida eslaganimiz iddolar urchigan, jurnalistu blogerlar orasida dahanaki jang avjiga chiqqan oʻsha kezlarda yozuvchi, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Doʻstmuhammadning «Yangi Oʻzbekiston» gazetasida juda chiroyli va samimiy maqolasini eʼlon qildik. Unda, jumladan, bunday bitiklar bor:
«Ayrim ziyolilarimizning «Gazeta oʻz vazifasini oʻtab boʻldi, unga ehtiyoj qolmadi», degan aqidasini ochiq-oshkor aytishlari ham jamiyatimizda qaror topayotgan soʻz hurligi «mevasi», oʻziga xos yangilik. Avvalo, fikr va soʻz erkinligiga daxl koʻrsatishdan yiroqmiz. Lekin oʻz maʼnaviy dunyosining gʻaribligi, intellektual zaiflik ifodasi oʻlaroq qilinayotgan hasrat oʻrnida talqin etish mumkin boʻlgan bu singari izhorlarni eʼtiborsiz qoldirish gumanistik gʻoyalarga zid deb oʻylaymiz. Bot-bot eslatishga burchlimiz: gazeta oʻz umrini oʻtab boʻldi, degan soʻz kitob oʻz umrini oʻtab boʻldi, deganidir! Non yemay ham yashash mumkin deganidir! Yuz yillar mobaynida taʼlim-tarbiya bergan ustoz muallimdan yuz oʻgirish demakdir!
Gazeta ham – zar, zarning qadrini esa zargar biladi. Bir oʻlmas haqiqatni takrorlashdan tolmaymiz: elektron nashrlarning moʻjizalarga boy imkoniyatlari nechogʻli eʼtirof etilmasin, ularning hech biri bosma nashrlar salmogʻi oʻrnini bosmaydi, bosolmaydi. Axborot turli manbalardan olinishi mumkin, fikr-tafakkur esa gazetadan – bevosita mutolaa orqali olinadi. Ijtimoiy fikr gazeta orqali charxlanadi, boyitiladi, kamolga yetadi. Gazeta tarixiy solnoma sifatida yuz yildan keyin ham koʻzga surtib oʻqiladi».
Maqola hamkasblarimiz orasida keng muhokamalarga sabab boʻldi, goʻyo qorongʻulikka nur indi. Hatto ayrim internet saytlarda ham berildi. Shundan soʻng bahs-munozaralar shiddati biroz pasaygandek boʻldi.
***
Yangi Oʻzbekistonda shakllanayotgan, toblanayotgan yangi jurnalistika, yangi matbuot va yangi jurnalistlar avlodi hayot va zamon koʻndalang qoʻyayotgan har qanday muammoning oqilona yechimini topishga qodir. Zero, matbuot va jurnalistika – matonatlilar, topqirlar, zukkolar maydoni!
Jurnalist kadrlar yetishtirib beradigan oliy taʼlim dargohlarida talaba yoshlarimiz bosma ommaviy axborot vositalari va noshirlik ishi, audiovizual jurnalistika, internet jurnalistikasi va menejmenti, media nazariyasi va amaliyoti, harbiy va sport jurnalistikasi, raqamli media, xalqaro munosabatlar singari yigirmadan ziyod taʼlim yoʻnalishi boʻyicha yuqori malakali professor-oʻqituvchilardan mahorat sirlarini oʻrganmoqda.
Bugunning jurnalisti soʻzi oʻtkirligi barobarida professionallik malakasini, tajribasini oshirib borishi shart. Zero, endi faqat matn bilan oʻquvchi qalbini zabt etib boʻlmaydi. Foto, video, audio imkoniyatlaridan foydalanish, qisqa aytganda, mediakonvergensiyani qoʻllash talab etiladi. Hozir oʻquvchining, tomoshabinning vaqti ziq. Ayni paytda soha vakillari shunga tayyorlanishi kerak, buning uchun esa oʻz ustida tinimsiz ishlashi, muntazam izlanishiga toʻgʻri keladi.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunidagi tabrigida «Biz yangi Oʻzbekistonning yangi jurnalistikasini yaratish vazifasini oʻz oldimizga qoʻygan ekanmiz, bu boradagi milliy anʼanalarimiz bilan birga rivojlangan davlatlar tajribasini ham har tomonlama oʻrganishimiz, ommaviy axborot vositalari boʻyicha dunyodagi yetakchi oliygohlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va media kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishimizni hayotning oʻzi talab etmoqda», deb alohida taʼkidlagan edi.
Bizda milliy matbuotimizning oʻz bayrami bor. 27-iyun Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida yurtimizda keng nishonlanadi. Shu bilan birga, dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega mamlakat sifatida 3-may sanasi munosabati bilan ham faoliyatimizni sarhisob, erishgan natija va kelgusi rejalarimizni tahlil qilamiz.
Yurtimizda 2100 dan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Taraqqiyot strategiyasida ham matbuotning roli va jurnalistning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish, odamlarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning ijrosi ahvolini oʻrganishda ijod ahli mehnatidan samarali foydalanish koʻzda tutilgan.
Hozir dunyoda axborotlashuv jarayonlarining tahdidli jihatlari ham mavjud va ular tobora kuchayib bormoqda. Ayrim mintaqa va hududlarda matbuot muayyan siyosiy kuchlar qoʻlida axboriy urushni avj oldirishga, jamoatchilik fikrini chalgʻitishga xizmat qilayotgani achinarlidir. Bugungi murakkab vaziyatda axborot makonidagi ustunlik koʻp narsani hal etadi.
Jurnalistika – zahmatli mehnat, faoliyat. Bu zahmat bir umr davom etadi. Zamonlar oʻzgargani sari matbuot oldida yangi-yangi vazifalar paydo boʻladi. Har bir chiqishida yangi soʻz aytish, mushtariy ong-shuuriga taʼsir koʻrsatish, yangi fikr va gʻoyalarga shakllantirish esa oson ish emas.
Nodir MAHMUDOV,
«Yangi Oʻzbekiston» muxbiri