Samarqand adabiy muhiti muttasil rivojlanib, takomillashmoqda

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 8-yanvar sonida Samarqand davlat universiteti professori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Muslihiddin Muhiddinovning “Samarqand adabiy muhiti muttasil rivojlanib, takomillashmoqda” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Samarqand adabiy muhiti tarixi juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Bu adabiy muhit, ayniqsa, temuriylar davrida yanada gullab yashnadi, jahonshumul ahamiyatga ega boʻldi. Tasavvur qilib koʻring: qaysi adabiy muhitdan Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Zahiriddin Muhammad Boburdek mutafakkir shoirlar yetishib chiqqan? Faqat va faqat Samarqand adabiy muhitining mazkur daʼvoga maʼnaviy haqqi bor, deb oʻylayman.

    Oʻtgan asrning yigirmanchi­qirqinchi yillariga kelib, Samarqand adabiy muhitida Abdurauf Fitrat, Mahmudxoʻja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, Sadriddin Ayniy, Mirtemir, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov kabi ijodkorlar nomi koʻrina boshladi. Nomlari zikr etilgan olimu adiblarsiz esa yigirmanchi asr oʻzbek adabiyotini ham, adabiyotshunosligini ham tasavvur etib boʻlmaydi.

    Bu jarayon hech qachon soʻnmagan, toʻxtab qolmagan, balki taraqqiy etgan, muttasil rivojlangan. XX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Vohid Abdullo, Orifjon Ikromov, Nuriddin Shukurov, Botirxon Valixoʻjayev, Gʻaybulla as­-Salom, Barot Boyqobilov, Dushan Fayziy, Omon Matjon kabi Samarqand adabiy muhitining dargʻalari maydonga chiqdi. Samarqand adabiy muhitini davrlar bilan qiyoslaganimizda Hamid Olimjon va Orifjon Ikromov nomini alohida faxr bilan tilga olamiz. Hamid Olimjon Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi va betakror Vatan kuychisi sifatida xalqimiz qalbidan munosib oʻrin olgan boʻlsa, Orifjon Ikromov ham shoir, ham olim, ham koʻp insoniy fazilatlari bilan minglab qalblarni zabt etgan edi.

    Samarqand adabiy muhiti haqida soʻz yuritganda, albatta, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, Samarqand davlat universiteti professori Hotam Umurov nomi ham alohida tilga olinadi. U Hamid Olimjonning jiyani, Orifjon Ikromovning ukasi boʻladi. Ushbu fan ijodkorining tomirida qanday ulugʻ insonlar qoni oqayotganini anglatish uchun ham fikrimizni uzoqdan boshlaganimiz bejiz emas.

    Mana yarim asrdirki, Samarqand adabiy muhitida bu insonning oʻz oʻrni bor. Olim nafaqat Samarqand, balki butun mamlakatimizda maʼlum va mashhur. Nazarimda, domladay koʻp va xoʻb kitob yozgan, chop ettirgan boshqa olim boʻlmasa kerak. U muntazam Hamid Olimjon ijodini targʻib qildi, Zulfiyaxonim asarlarini oʻrgandi, tahlil qildi. Oʻtgan davr ichida oʻz ilmiy­ijodiy ishlarini pedagoglik sohasi bilan yonma­yon olib bordi.

    Olim hozirgi zamon oʻzbek adabiyoti fani rivojiga ham munosib hissa qoʻshgan. Bu ulushni bemalol uchga boʻlish mumkin. Birinchisi, u yaratgan monografiyalar, ilmiy­tadqiqot ishlari, oʻquv qoʻllanmalar, darsliklar, maqolalar, badiy ijod namunalari. Ikkinchisi, domlaning ilmiy rahbarligida tayyorlangan dissertatsiyalar, shogirdlari, izdoshlari. Uchinchisi, olimning pedagoglik faoliyati.

    Badiiy asarni tahlil qilish, fikr bildirish borasida hammaning oʻz darajasi bor, albatta. Lekin hamma ham adabiyot nazariyasiday ogʻir va murakkab, sermashaqqat sohaga qoʻl urishga jazm qilavermaydi. Bu borada Fitrat va Izzat Sultondan soʻng Hotam Umurovning “Adabiyot nazariyasi” darsligi adabiy jarayonda oʻziga xos voqea boʻlgan edi. Bu haqda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, akademik Aziz Qayumov shunday yozgandi: “2003-yil may oyida professor Hotam Umurov Samarqand davlat universitetida menga oʻzining yangi kitobini taqdim etdi. Toshkentga qaytgach, bu kitobni diqqat bilan oʻqib chiqdim. U “ Adabiyot nazariyasi” darsligidir. Bu kitob menga maqbul boʻldi. Unda adabiyot nazariya siga oid qoidalar juda toʻgʻri va bilimdonlik bilan bayon etilgan”.

    Hassos olim bugungi adabiy jarayonlarga ham befarq emas. Hamon oʻqiydi, izlanadi, oʻz ustida ishlaydi. Umrning har bir lahzasini qadrlaydi. Unumli foydalanadi. Yoshlarni ham shunga daʼvat etadi. Aslida barakali umr deganlari shu boʻlsa kerak...