Samarqand Butunjahon turizm poytaxtiga aylanadi

    Turizm 3 Dekabr 2021 1629

    Birlashgan millatlar tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasi 2023-yilda Samarqand shahrida oʻtkaziladigan boʻldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ayni damda Ispaniyaning Madrid shahrida boʻlib oʻtayotgan UNWTOning 24 sessiyasi doirasidagi ovoz berish jarayoni natijalariga koʻra shu haqda maʼlum qildi.

    Aziz Abduhakimov taʼkidlaganidek, UNWTO 25-Bosh assambleyasining qadimiy Samarqandda oʻtkazilishi bu yerga mingdan ortiq xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi hamda bu orqali mahalliy aholi va hunarmandlarning daromad koʻrishiga olib keladi. Bundan tashqari mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targʻib etish hamda yurtimizga yanada koʻproq sayyohlarni jalb etish yoʻlida xizmat qiladi.

    30-noyabr-2-dekabr kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasi Ispaniya qirolligiga 24-sessiyada ishtirok etish uchun taklif etilgan. Madrid shahrida oʻtgan tadbir doirasida 2023-yilda UNWTO Bosh assambleyasini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston va Portugaliya daʼvogarlik qildi. Tadbir yakuniga koʻra, Oʻzbekiston yaqqol ustunlik bilan aksariyat ovoz toʻplab, 2023-yilgi Bosh assambleyani qadimiy Samarqand shahrida oʻtkazishga kelishildi.

    Shulardan biri “Samarkand Touristic Centre” boʻlib, u eshkak eshish kanali qirgʻogʻida 212 gektar maydonda qad koʻtarmoqda. Bu yerda qurilayotgan “New Renaissance” kongress-xolli, mehmonxonalar, restoranlar, dam olish maskanlari, savdo markazlari, amfiteatr, “Mangu shahar” kabi inshootlari hududning sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish yoʻlida xizmat qilishi shubhasiz. Yangi obyektni 2022-yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, UNWTO Bosh assambleyasi ikki yilda bir marta oʻtkaziluvchi eng muhim turistik forum boʻlib, bunday yuqori darajadagi tadbir, yaʼni BMT oilasiga kiruvchi tashkilotlar Bosh assambleyasining Oʻzbekistonda oʻtkazilishi birinchi tarixiy hodisadir.