Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali konseptual maqolasi xalqaro ijtimoiy-siyosiy doiralar va ekspertlar hamjamiyatida hamon katta aks-sado bermoqda. Polsha-Osiyo Savdo-sanoat palatasi prezidenti, Polsha Bosh vazirining sobiq oʻrinbosari va Polshaning sobiq iqtisodiyot vaziri Yanush Pexochinskiy ushbu maqola yuzasidan “Dunyo” axborot agentligiga quyidagi fikrlarini bayon etdi:
- Oʻzbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqanddagi sammiti juda murakkab paytda boʻlib oʻtadi. Bir tomondan, eski va rivojlanayotgan geosiyosiy va shu boisdan geoiqtisodiy tizimning qarama-qarshiligi sharoitida yetakchi kuchlarning jahon taraqqiyotidagi oʻrni va roli qayta formatlanmoqda. Boshqa tomondan esa, dunyo pandemiya cheklovlaridan charchagan va uch yildan buyon mamlakatlarning bir-biriga boʻlgan ishonchini tiklaydigan va belgilangan xalqaro huquq tizimining qulashiga yoʻl qoʻymaydigan har qanday muhim, ijobiy global oʻzgarishlarni kutmoqda.
Shunday sharoitda SHHT oʻz maqsad va vazifalari nuqtayi nazaridan, bashorat qilinadigan va pragmatik munosabatlar tizimida tobora faol, shuningdek, mintaqaviy va submintaqaviy miqyosdagi qarorlarini shakllantirish va amalga oshirishga qodir nufuzli tashkilotga aylanmoqda.
Shu maʼnoda aytish mumkinki, SHHT ushbu tashkilotni barqaror va istiqbolli qiladigan konsolidatsiyalashgan nuqtayi nazar va kun tartibiga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz maqolasida taʼkidlaganidek, “SHHTga aʼzo barcha davlatlar bizning eng yaqin qoʻshnilarimiz, doʻstlarimiz va strategik sheriklarimizdir”.
Soʻnggi yillardaOʻzbekistonning obroʻsi nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda oʻsib bormoqda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat tashqi siyosatini oʻzgartirishdagi roli toʻla eʼtirof etilgan, zero mamlakat yangi, faol va harakatchan qiyofa kasb etgan. Bu Oʻzbekistonning koʻp tomonlama hamkorlik institutlari, xususan, SHHT doirasidagi oʻrniga ham daxldordir.
Maqolada Oʻzbekiston rahbari qayd etganidek, Bugun biz yashayotgan, jarayonlar oʻzaro chambarchas bogʻlangan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yoʻli – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan koʻp tomonlama hamkorlikdir.
Samarqand sammiti endi boshlanmoqda, ammo u SHHT tarixida qoladi va Oʻzbekistonning yirik siyosiy muvaffaqiyatiga aylanadi, deb qatʼiy ishonch bilan aytish mumkin.
“Dunyo” AA