Senat raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Kanada Jamoatlar palatasidagi “Kanada – Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi raisi Ziyad Abuoltaif bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv oʻtkazdi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Kanada oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yoʻnalishda oʻzaro manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasining 2025-yil 26–27-noyabr kunlari Kanadaga tashrifi hamda Kanada parlamentida Oʻzbekiston kunining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani yuqori baholandi.
Uchrashuvda “Oʻzbekiston – Kanada” birinchi parlamentlararo forumini 2026-yilda Samarqand shahrida oʻtkazish masalasi muhokama qilindi. Kanada delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida savdo-investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, muhim minerallar, qishloq xoʻjaligi, toza energetika, taʼlim va innovatsiyalar sohalarida qoʻshma “Oʻzbekiston – Kanada” biznes forumni tashkil etish taklifi ham koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini tasdiqladi.