Samarqand viloyati hokimi 2021-yil yakuni va keyingi yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar boʻyicha xalqqa murojaat qildi

    Mamlakatimizda 17 Dekabr 2021 784

    Samarqand viloyatida Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyatda 2021-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni hamda 2022-yilda viloyatni kompleks rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilash boʻyicha eng muhim yoʻnalish va vazifalar toʻgʻrisida aholiga murojaat qildi.

    Taʼkidlanganidek, joriy yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 8,4 foizga, sanoat mahsulotlari hajmi 9,2 foizga, xizmatlar koʻrsatish

    25,6 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi 4,1 foizga hamda qurilish-pudrat ishlari 14,3 foizga oʻsishi kutilmoqda.

    Buning natijasida, aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari 5,4 million soʻmni, xizmatlar 4,9 million soʻmni va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 9,6 million soʻmni tashkil etadi.

    Viloyatda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi va kichik sanoat zonalarining alohida oʻrni mavjud.

    Mazkur sanoat zonalarida tashkil etilgan yuqori texnologik ishlab chiqarishlar va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar xorijga eksport qilinmoqda.

    Bugungi kunda, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining yangi 14 ta filiallari va 88 ta kichik sanoat zonalari tashkil etildi.

    “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida joriy yilning 1-dekabr holatiga umumiy qiymati 286 million dollar boʻlgan 60 ta loyiha ishga tushirilib, 4 700 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgan boʻlsa, 11 oy davomida 2 trln. 20 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 57 million dollar miqdorida mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

    Kichik sanoat zonalarida ham 92 ta loyiha ishga tushirilib, 380 mlrd. soʻmlik investitsiyalar kiritildi va 1558 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    Ushbu korxonalar tomonidan joriy yilning 11 oyida 168 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.

    2022-yilda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi va kichik sanoat zonalarida yangi 180 ta loyihalar ishga tushirilib, ishlab chiqarish hajmi 3 trln 738 mlrd. soʻmga yetadi va mahsulotlar eksporti 135 mln. dollardan oshadi.

    Mana shularni hisobiga, 2022-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 59 trillion soʻmga yetib, 7,3 foizga hamda sanoat mahsulotlari hajmi 25 trillion soʻm yoki 8,6 foizga oʻsishi kutilmoqda.

    Viloyat hokimi taʼlim sohasidagi islohotlarga ham toʻxtaldi.

    Qayd etilganidek, maktabgacha taʼlimni rivojlantirish borasida boshlangan ishlar natijasida, joriy yilda 1 ming 121 ta, shundan 9 ta davlat, 8 ta nodavlat (xususiy), 1 ming 89 ta oilaviy va 15 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi bogʻchalar tashkil etildi.

    Yil yakuniga qadar 234 ming 762 nafar 3-7 yoshgacha boʻlgan bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish hisobiga, qamrov darajasi 68,9 foizga yetadi.

    Soha fidokorlari va keng jamoatchiligimizning say-harakatlari natijasida joriy yilda qizil toifadagi maktablar soni 91 taga kamayib, oliy taʼlimga kirish koʻrsatgichi oʻtgan yilga nisbatdan 2 barobarga koʻtarilib, 24 foizni tashkil etdi. Mamlakatda 5 ta pogʻonaga koʻtarildi.

    Maktablarda faoliyat olib borayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilarning ulushi 16 foizga oshib, xalqaro sertifikatga ega boʻlgan oʻqituvchilar soni esa 306 nafarga yetdi.

    Joriy yilda 902 ta maktablarda 446 mlrd. soʻmlik mablagʻlar evaziga qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi.

    Bugungi kunda oliy taʼlimga ham katta eʼtibor qaratilib, yurtimizda xorijiy davlatlarning nufuzli taʼlim muassasalarini filiallari ochilmoqda.

    Jumladan, Finlyandiya va AQSHning nufuzli universitetlari bilan pedagogika muhandislik-texnologiya yoʻnalishlarida oliygohlar tashkil etilmoqda. Oliy taʼlim muassasalari soni 13 taga yetdi. Shuningdek, Narpay va Payariq tumanlarida Samarqand davlat chet tillar institutining fakultetlari tashkil etildi.

    Sogʻliqni saqlash sohasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi. Xususan, viloyat bolalar onkoxirurgiyasi va kimyoterapiya boʻlimlari tashkil etildi.

    Qariyb 2 million yevro mablagʻlar evaziga Onkologik markaziga ichki va tashqi nur terapiya apparatlari oʻrnatilib, bemorlarda nur terapiyasi amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

    Kardiologiya markaziga ham 30 milliard soʻm mablagʻlar hisobidan 48 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar oʻrnatildi.

    Respublika markazida amalga oshiriladigan oʻtkir yurak qon-tomir kasalliklari boʻyicha barcha operatsiyalar viloyatda oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.

    Markazga chet mamlakatlarda ishlab yurgan malakali 19 nafar vatandoshlarimiz ishga olindi.

    Ushbu markazning, Urgut va Paxtachi tumanlarida boʻlimlari tashkil etildi.

    Infratuzilma obyektlari boʻyicha ham maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, bugungacha viloyatda 1 trillion 146 milliard soʻmlik mablagʻlar hisobidan 1 ming 116 kilometr avtomobil yoʻllari taʼmirdan chiqarildi va 8 ta koʻpriklarda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

    Tuman va shaharlardagi 800 kilometrlik ichki xoʻjalik yoʻllari taʼmirlandi va 27 ta yangi koʻpriklar qurildi.

    Murojaatnomada aytib oʻtilganidek, bugungi kunda, viloyat aholisining 58,9 foizi toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Amalga oshirilgan saʼy-harakatlar natijasida 270 ming nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi, 214 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.

    Viloyatning asosiy drayverlaridan biri turizm sohasini izchil rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Turizm infratuzilmasini rivojlantirish doirasida kelgusi yilda 212 gektar yer maydonida “Samarqand biznes va turizm markazi” barpo etilmoqda.

    Turistlarga sifatli xizmat koʻrsatishni kengaytirish maqsadida, 150 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, yotoq oʻrinlar soni 17 mingtaga yetkaziladi. Kelgusi yildan boshlab Xalqaro gastronomik festivali oʻtkaziladi.

    Taʼkidlanganidek, bugungi kunda viloyatda barcha darajadagi tadbirkorlar soni 98,1 mingtaga yetkazildi, shu yilning oʻzida 20,5 mingta tashkil etildi. 2022-yilda esa 130 mingtaga yetadi.

    Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 866 milliard soʻm kredit ajratilib, 2836 ta (307,9 gektar) yer uchastkalari, 299 ta boʻsh bino va inshootlar tadbirkorlik subyektlariga auksion orqali sotiladi, 11 ming 427 nafar yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorlikka oʻqitildi. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan 100 milliard soʻmdan ortiq kompensatsiya mablagʻlari ajratiladi.

    Buning natijasida, yalpi hududiy mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2021-yil yakuniga qadar 74,7 foizga yetadi.

    Murojaatnomada qishloq xoʻjaligida qoʻlga kiritilgan natijalar ham toʻxtalib oʻtildi. Viloyat boʻyicha 627 ming tonna gʻalla olingan boʻlsa, 244 ming tonna paxta yetishtirilib, paxtachilik tarixida har gektaridan 32,4 sentner hosil yigʻib olindi.

    Bundan tashqari, 1,7 mln. tonna sabzavotlar, 711 ming tonna kartoshka, 128 ming tonna poliz mahsulotlari, 379 ming tonna mevalar, 565 ming tonna uzum, 3 ming tonna pilla, 315 ming tonna goʻsht hamda 1,4 mln. tonna sut tayyorlashga erishildi.

    Murojaatnomada taʼkidlanganidek, joriy yilda viloyat boʻyicha “Qishloqqurilish”, “Shaharqurilish”, “Agromir byulding” va xususiy qurilish tashkilotlari tomonidan 167 ta 8 ming 557 xonadonli koʻp qavatli kvartiralar qurilib, foydalanishga topshirildi.

    Shuningdek, joriy yilda chin yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan 99 nafar bolalar uy-joy bilan taʼminlandi.

    2022-yilda ham viloyatning shahar va tumanlarida subsidiya asosida 4 ming 500 xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilishi moʻljallangan.

    Oʻtgan davr mobaynida, “Temir daftar”ga kiritilgan 52 479 ta oilalarga “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida 67,1 milliard soʻmlik yordamlar koʻrsatildi. Daftardagi 67 374 nafar ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlandi.

    Viloyat hokimning xalqqa yoʻllagan murojaatida yuzasidan deputatlar ham oʻz fikr-mulohazalarini yoʻlladi.

    Shundan soʻng ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani oʻtkazildi. OAV xodimlarini qiziqtirgan savollarga viloyat hokimga atroflicha javob qaytardi.

    Shahzod Gʻafforov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri