Kutilayotgan hosildorlikka erishish uchun ozuqa bazasi zarur. Korxonalar tomonidan yildan-yilga yalpi hosilni oshirib borish rejalashtirilgan. 2021 yilda 472,4 gektar maydonda tutzorlar barpo etildi. Samarqandlik pillakorlar “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida tut koʼchatlari ekish va yangi tutzorlar barpo etishga munosib ulush qoʼshib kelishmoqda.

Har bir yirik pillachilik klasteri tomonidan biriktirilgan tumanlarda 1 million tupdan tut koʼchatlari ekiladi. Dalada yerlarni tayyorlash imkoni tugʼilishi bilan tut koʼchatlarini ekish ishlari boshlab yuborilgan. Tutzorlarni barpo etish usullari va tut koʼchatlarini ekishda amal qilinishi lozim boʼlgan agrotexnik tadbirlar boʼyicha Bulungʼur tumanidagi agrofirmada tashkil etilgan seminarda fermer xoʼjaligi rahbarlari, pillachilik klasterlari va ularning kasanachilariga sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan tutchilik boʼyicha kerakli koʼrsatmalar berildi. 

“Oʼzbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruv raisining oʼrinbosari Shuhrat Аbdulazizov, viloyat "Аgropilla" MCHJ raisi E.Rahmonov, Bulungʼur tumani hokimining qishlok xoʼjalik masalalari boʼyicha oʼrinbosari, tumanning tashkilotlari rahbarlari ishtirok etgan seminarda tut plantantsiyalari va yakka tartibda qatorlab ekiladigan tutlarni parvarish texnologiyalari, agrotexnik tadbirlar haqida soʼz yuritildi. 

Shuningdek, 7 gektarlik tutzorlar ish bilan band boʼlmagan aholi vakillariga boʼlib berildi va tut qator oralarida qishlok xoʼjalik ekinlarini yetishtirish boʼyicha tavsiyalar taqdim etildi. 

Tumanning Аlisher Navoiy hududidagi 7 gektarlik yer maydonining yangi barpo etilayotgan 3 galik kismiga 15 ming tup serhosil tut koʼchati ekish ishlari boshlab yuborildi. Seminar ishtirokchilari mazkur jarayonni kuzatib, tut ekishning yangi usullari bilan tanishdi.