“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan gʻalla parvarishi boʻyicha belgilangan agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda. 

Samarqand viloyatida 2021-yil hosili uchun 4 ming 539 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 94 ming 230 gektar boshoqli don ekinlari ekilgan boʻlib, ushbu maydonlardagi boshoqli don ekinlari mahalliy va mineral oʻgʻitlar bilan oʻz vaqtida va sifatli oziqlantirildi.

Oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, bugungi kunda boshoqli don ekinlarining 14 ming 813 gektar yoki 15,7 foizi boshoqlash va 79 ming 417 gektari yoki 84,3 foizi sut-mum pishish fazasida rivojlanmoqda. Bir kunda viloyat boʻyicha 2 ming 290 gektar maydonlardagi boshoqli don ekinlari 3-4 chi sugʻorilayotgan boʻlsa, 27 ming 558 gektar gʻalla maydonlarida toʻrtinchi sugʻorish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ammo hamma joyda ham gʻalla parvarishi yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilayapti, deb boʻlmaydi. “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan gʻalla parvarishi yuzasidan agrotexnik tadbirlar ijrosi yuzasidan 2021-yilning yanvar-aprel oylari davomida 2 ming 156 ta fermer xoʻjaliklari gʻalla maydonlaridagi boshoqli don ekinlari monitoring - tahlil tarzida oʻrganildi, deya xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi Axborot xizmati.

Oʻtkazilgan tadbirlari davomida 80 ta holatda qonunbuzilishlar sodir etilganligi aniqlandi. Ularining oldini olish maqsadida, mutasaddi tashkilot va idoralarga 14 ta taqdimnoma kiritilib, 10 ta yozma koʻrsatma berildi.

Qonunbuzilishlar yuzasidan 22 ta holatda “Oʻzagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan maʼmuriy qarorlar qabul qilindi. 34 ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi hamda ijrosi taʼminlandi.