Joriy yilning 14-iyul kuni Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumani “Balandravot” MFYga qarashli Tuynak qishlogʻida yashovchi ayol Rossiya Federatsiyasida boʻlgan turmush oʻrtogʻi bilan telefon orqali muloqotda yuzaga kelgan kelishmovchiligi sababli ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarini urib, holatni tasvirga olganligi haqidagi videoxabar ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqaldi va yurtdoshlarimizning keng muhokamalariga sabab boʻldi.

Masʼullarning oʻrganishicha, bolalarni kaltaklagan ona turmush oʻrtogʻi bilan sevishib turmush qurgan, 3 nafar farzandi bor, farzandlar 4, 3 yosh va 7 oylik. Turmush oʻrtogʻi xorijga ishlashga ketgan. Kelin oilasida qaynopasi bilan bir necha yildan buyon kelishmay kelgani sababli ota uyiga ketib qolgan. Ota uyida moliyaviy jihatdan qiynalgan, turmush oʻrtogʻidan pul yuborishini talab qilgan. Oqibatda janjal kelib chiqqan va mazkur holat yuz bergan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Soʻnggi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zoʻravonliklar soni oshib borayotganligi, mavjud huquqiy mexanizmlar zoʻravonliklarni oldini olish hamda jabrlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samarasini bermayotganligini koʻrsatmoqda.

Oxirgi 3 yilda 2 072 nafar shaxs sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, shundan 1 777 nafari yoki 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun boʻlsa 23 nafari ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilganligi, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada boʻlganligi, kuch ishlatganligi yoki ruhiy taʼsir koʻrsatganligi sababli.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasida ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majburligi belgilangan. Oila kodeksining 75-moddasida ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emasligi belgilangan.

Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qoʻpollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli boʻlishi kerak. Oʻz ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi deb belgilangan.

Endi yuqoridagi holatga qaytsak bolalarning otasini qonunda belgilangan majburiyatlarini bajarmaganligi, oilaga uchinchi shaxslarning aralashuvi bolalarga nisbatan zoʻravonlik qilish uchun shart-sharoit yaratgan. Lekin, afsuski, bolalarning onasidan boshqalar javobgarlikdan chetda qolmoqda. Yuqoridagi holatda otaning bolalariga gʻamhurlik qilmayotganligi ham bolaga nisbatan zoʻravonlik uchun shart – sharoit yaratgan. Bunday holatga yoʻl qoʻygan oila aʼzolarini ham, ayolni ham mutlaqo oqlab boʻlmaydi.

Qayd etish lozimki, 2023-yilgi “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq Bola huquqlari boʻyicha vakil nazoratida, masʼul ijrochilar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining “Bolarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni” loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu loyihada “gʻamhoʻrlik koʻrsatmaslik” tushunchasi ochib berilmoqda. Yani, gʻamhoʻrlik koʻrsatmaslik – ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) zarur imkoniyatlar, bilim va koʻnikmalar, shuningdek tegishli xizmatlardan (davlat, tibbiy, taʼlim, ijtimoiy va boshqalar) foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishiga qaramay qarmogʻidagi bolaning sogʻligʻi, jismoniy, aqliy, maʼnaviy va axloqiy rivojlanishining jiddiy buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan jismoniy, moddiy va (yoki) psixologik ehtiyojlarini qondirmaslik;

Qonun loyihasidagi yangiliklar haqida qoʻshimcha maʼlumotlar beriladi.