Shu munosabat bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tashkiliy qoʻmita yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Ushbu nufuzli tadbirda 2000 ga yaqin xorijiy hukumat vakillari, transmilliy korporatsiyalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi ekspertlar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir davomida jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan tendensiyalar muhokama qilinadi, shuningdek, bank amaliyoti va moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq institutsional masalalar koʻrib chiqiladi. Yigʻilish doirasida xalqaro ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida biznes-forum ham oʻtkaziladi.
Tashkiliy qoʻmita raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov ushbu tadbirni oʻtkazish joyi sifatida mamlakatimiz tanlanishi Oʻzbekistonning YETTB uchun hamkor davlat sifatida muhim ahamiyat kasb etishi, Bank bilan koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, shuningdek, YETTB aksiyadorlari tomonidan Oʻzbekistonning keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatining eʼtirof etilganidan dalolat berishini qayd etdi.
Xalqaro ishbilarmon doiralarda Oʻzbekistonning nufuzini yanada mustahkamlash, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish nuqtai nazaridan mazkur tadbirni yuqori saviyada oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilish davomida yirik tadbirga tayyorgarlik ishlarining joriy holati oʻrganildi, uni tashkil etish bilan bogʻliq masalalar yechimlari ishlab chiqildi, boʻlajak yigʻilish kun tartibi batafsil muhokama qilindi, masʼul vazirlik va idoralarning oʻzaro hamkorlik qilish algoritmlari belgilab olindi.
Tadbir yakunlari boʻyicha masʼul rahbarlarga yigʻilishning ishbilarmonlik dasturini shakllantirish, shahar infratuzilmasini tayyorlash, xorijiy delegatsiyalar vakillari xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, rasmiy va norasmiy tadbirlarni tashkil etish boʻyicha manzilli topshiriqlar berildi.