Samarqandda Yangi yil archasi uchun tabiiy archalarni kesganlar jarimaga tortildi

    Samarqand shahri Аlisher Navoiy koʼchasiga oʼrnatilayotgan Yangi yil archasi sogʼlom tabiiy archalardan kesib olib koʼtarilayotgani toʼgʼrisida xabarlar tarqaldi.

    Shundan soʼng viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi holat boʼyicha maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, Аlisher Navoiy koʼchasida Yangi yil archasini tayyorlash davomida Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan shu atrofdagi Eldor navli qaragʼayning yon shoxlarini kesib olgani aniqlangan.

    Holat yuzasidan boshqarma masʼul xodimlariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 79-moddasi (daraxtlarni, butalarni, boshqa oʼsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʼq qilish yoki boshqa joyga koʼchirib oʼtkazish) 1-qismiga binoan jarima jazosi tayinlangan. Shuningdek, davlat inspektorlari tomonidan masʼullar oʼrtasida tushuntirish ishlari olib borilgan.