Oʻzbek yoshlari bilimga chanqoq va intiluvchan, bu haqda xorijlik professor-oʻqituvchilar, umuman, chet elliklardan koʻp marta eshitganmiz. Bu eʼtirof – barcha ustozlar uchun katta faxr. Bugun sharoit va imkoniyatlar ular orzu qilganchalik emasdir, ammo Hukumatimiz, shaxsan Prezidentimiz tomonidan ular uchun eng yaxshi sharoit, imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Yaqinda yoshlarni kuzatib, fikrlarim yanada qatiylashdi, ayrimlaridagi ilm-fanga oʻta chanqoqlik, qiziquvchanlik, ilm-fan namoyandalariga yuksak hurmat-ehtirom, yurtimizdan yaqin kelajakda katta olimlar, tadqiqotchilar yetishib chiqishidan darak beradi. Ular oʻz nomi bilan samarqandlik, oʻzbekistonlik olimlar boʻlishadi.
Xalqaro Nobel mukofoti sohiblari yurtimizga, qolaversa, qadim va navqiron Samarqandga har doim kelaverishmaydi. Yaqinda shahrimizda ana shunday ajoyib, tarixiy voqea yuz berdi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti kimyo fakultetida Nobel mukofoti sohibi Aziz Sanjar nomidagi zamonaviy ilmiy laboratoriyaning ochilish marosimida ishtirok etdik. Unda professor Aziz Sanjar shaxsan ishtirok etib, bir necha kun samarqandliklarning aziz mehmoni boʻldi. Asli Turkiyadan boʻlgan professor Aziz Sanjar AQSHda yashab, Shimoliy Karolina universitetida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi mashhur, dunyo tanigan va tan olgan biokimyogardir. Olim soʻnggi 15-20 yil oraligʻida zamonaviy dunyoning ogʻir xastaliklaridan biri – saraton bilan zararlangan hujayraning DNKsini tuzatishning biokimyoviy mexanizmlarini ishlab chiqqan hamda ushbu muhim tadqiqoti uchun 2015-yildayoq kimyo fanlari boʻyicha xalqaro Nobel mukofotiga loyiq koʻrilgan.
Shuningdek, ushbu tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, oʻnlab oliy taʼlim muassasalari rektorlari va professor-oʻqituvchilar ishtirok etishdi. Samarqand davlat universitetida Nobel mukofoti sohibi “Miya saratonini davolashning innovatsion usullari” mavzusida yosh olimlar, talabalar, professor-oʻqituvchilar uchun maʼruza ham qildi.
Biokimyo laboratoriyasi Rossiya, Yaponiya, AQSH kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan 10 ga yaqin zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Ularda organik va noorganik materiallar, kimyo sohasida moddalar tadqiqi hamda kompleks birikmalar sintezini amalga oshirish, nanomateriallar xossalarini oʻrganish, moddalar tarkibini miqdor va sifat jihatdan tahlil qilish, biofaol birikmalarni aniqlash kabi bir qator muhim yoʻnalishlarda ilmiy tahlil, tajribalarni amalga oshirish mumkin boʻladi.
Zamonaviy analiz usullari laboratoriyasi koʻp tarmoqli boʻlib, bir vaqtning oʻzida kimyo, biologiya, farmatsevtika, tibbiyot, oziq-ovqat sanoati, parfyumeriya, materialshunoslik, biologik tadqiqotlar, atrof-muhit muhofazasi, konchilik, neft va gaz kimyosi, qishloq xoʻjaligi sohalarida yuqori aniqlikdagi ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish imkonini beradi.
Hozirda kimyo xalq xoʻjaligida katta ahamiyatga ega, fan, ishlab chiqarish, sanoat, chorvachilik va boshqa sohalarning kimyo qoʻllanmaydigan birorta xam tarmogʻi yoʻq desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Misol uchun, qishloq xoʻjaligida mineral oʻgʻitlaru oʻsimliklarning zararkunandalariyu kasalliklariga, begona oʻtlarga qarshi kurash uchun ishlatiladigan kimyoviy vositalardan keng foydalaniladi va hokazo.
Kimyo texnologiyasi boʻyicha hozircha rivojlangan davlatlar bilan raqobatlashish qiyin, ammo mamlakatimizda aynan kimyo texnologiyalariga, qolaversa, ilm-fanga eʼtibor kuchayib bormoqda. Yaqin kelajakda bu boʻyicha yetakchi davlatlar qatoriga kira olamiz deb umid qilamiz.
Ilm-fanni yuqori choʻqqilariga erishmoqchi boʻlsak, laboratoriyalarni aniqligi yuqori boʻlgan zamonaviy jihozlar bilan taʼminlashimiz juda muhim. Mazkur laboratoriya jihozlarining bir qismi (hammasi emas), Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi oliy taʼlim muassasalariga beriladigan moddiy yordam sifatida keltirilgan. Ayni kunda mamlakatimizdagi 25 ta OTMning moddiy-texnik bazasini boyitishda ana shu bank koʻmagidan foydalanildi.
Aytish joizki, bu faqat Samarqand davlat universiteti miqyosida emas, hatto Samarqand miqyosidagi ham emas, butun mamlakatimiz ilm-faniga taalluqli katta va muhim voqea boʻldi. Bu zamonaviy laboratoriyalar yordamida muhim ilmiy ishlarni amalga oshirish mumkin boʻladi. Qolaversa, talaba-yoshlar, ilmga chanqoq oʻgʻil-qizlarimiz uchun yaxshi imkoniyat. 8 turdagi zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriya xalq xoʻjaligining kimyo, farmatsevtika, tibbiyot, oziq-ovqat sanoati, biologik tadqiqotlar, konchilik kabi sohalarida tadqiqotlar olib borish imkoniga ega. Shuningdek, molekulyar biotexnologiyalar va zamonaviy botanika asoslari hamda vivariy, biofiziologik, biokimyoviy tadqiqotlar ilmiy laboratoriyalari ham sohaga qiziquvchan yoshlar uchun katta imkoniyatdir.
Xalqaro Nobel mukofoti sohibi bilan muloqot yoshlarga – talaba, magistr va doktorantlarga ham katta motivatsiya berdi deyish mumkin. Buni ularning yuz-koʻzidan, savol-javoblardan sezish mumkin.
Birinchi kun rasmiy tadbirlar boʻlsa, ikkinchi kun samimiy muloqot kuni boʻldi. Taniqli olim saratonning oldini olish, uni erta aniqlash va daʼvolash boʻyicha yaxshi tavsiyalar berdi. Talabalar ushbu kasallik boʻyicha xorijiy davlatlar, xususan, AQSHda qanday muvaffaqiyatli tajriba va ilmiy yutuqlar borligi bilan tanishdi.
Zamonaviy tahlil usullari laboratoriyasining ochilish marosimida shaxsan Aziz Sanjarning oʻzi ishtirok etgani kelgusida ham olim bilan mustahkam ilmiy hamkorlik davom ettirilishini anglatadi.
Ilm-fan rivojlanmagan davlatda taraqqiyot ham boʻlmasligi isbotlangan. Ilmiy laboratoriyada bugungi kunda nafaqat sohaga oid ilmiy tadqiqotlar, balki tibbiyot, atrof-muhit muhofazasi, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi zararli moddalarni aniqlash, sanoat va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari uchun tadqiqot obyektlari tahlillari oʻtkazilayotgani barchani quvontiradi.
Yangi Oʻzbekistonda ilm-fan sohasi yuksak taraqqiy topishini, yangi kashfiyotlar markazi sifatida ham mamlakatimiz eʼtirof etilishini umid qilamiz. Ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bunga, albatta, imkon beradi.
Xudaynazar Yunusov,
biologiya fanlari doktori, professor,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan chorvador,
SamDVMCHBU rektori