SamDU qoshida Oʻzbek-fin pedagogika instituti tashkil etiladi

    2025-yilga qadar Finlyandiya bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan taʼlim loyihalarga jalb etiladigan talabalar soni oʻn ming nafar yetkazilishi moʻljallanmoqda.

    Tashqi ishlar vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsulligi hamda “FinEst Bay Area” va “Edunation Finland” kompaniyalari hamkorligida Oʻzbekiston — Finlyandiya taʼlim transformatsiyasi boʻyicha onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqotda Finlyandiya delegatsiyasining 8–13-aprel kunlari mamlakatimizga amaliy tashrifi davomida taʼlim sohasi boʻyicha boʻyicha amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar ijrosi muhokama qilindi.

    Xususan, tashrifning ilk amaliy natijasi sifatida Samarqand davlat universiteti va Finlyandiyaning Turku universiteti oʻrtasida memorandum imzolandi. Unga koʻra, Samarqand davlat universiteti qoshida Oʻzbek-fin pedagogika instituti tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

    – Oʻtgan qariyb olti oy mobaynida Finlyandiya taʼlim tizimi, amaldagi oʻquv dasturlari, darsliklar, pedagoglar tayyorlash hamda dars oʻtish metodikalarini oʻrganish natijasida kelgan xulosalarimizdan biri taʼlim sifati oʻqituvchining kasbiy mahoratiga bogʻliqligi boʻldi, — dedi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Davlatimiz rahbari tomonidan ham aynan oʻqituvchining jamiyatdagi mavqeini va kasb jozibadorligini oshirish, pedagogik mahoratini yaxshilash asosiy strategik vazifa sifatida belgilangani toʻgʻri yoʻlni tanlaganimizdan dalolat bermoqda. Bu boradagi ishlarni yana-da takomillashtirishda Finlyandiya bilan pedagoglarni tayyorlash boʻyicha hamkorlik aloqalarini muntazam kengaytirib borishdan manfaatdormiz. Tashrif natijasi oʻlaroq, Turku universiteti va Samarqand davlat universiteti oʻrtasida memorandum imzolangan boʻlsa, Buxoro davlat universiteti, Qoʻqon universiteti va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti ham bu borada hamkorlikni yoʻlga qoʻyish ustida ish olib bormoqda.

    Tadbir davomida “FinEst Bay Area” asoschisi Peter Vesterbaka va “Edunation Finland” hammuassisi Harri Suominen Oʻzbekiston va Finlyandiya taʼlim tizimidagi imkoniyatlar boʻyicha taqdimot qildi.

    Taʼkidlanishicha, 2025-yilga qadar Finlyandiya bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan taʼlim loyihalarga jalb etiladigan talabalar soni oʻn ming nafar yetkazilishi moʻljallanmoqda. Mazkur natijaga qoʻshma taʼlim dasturlari va boshqa loyihalar orqali erishilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda Finlyandiya oliy taʼlim muassasalari filiallarini ochish imkoniyatlari oʻrganib chiqiladi.

    Muzokaralarda mamlakatimizda Finlyandiya dasturi asosida pedagoglarni tayyorlash boʻyicha ham ham loyihalar amalga oshirilishi taʼkidlandi.