“Sanoat korxonalarida mavjud chang-gazlarni tutib qolish uskunalari maʼnan va jismonan eskirgan”, — Ekologiya qoʻmitasi

    Yashil sayyora 20 Aprel 2021 3451

    AOKAda Davlat ekologiya qoʻmitasi Axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov ishtirokida brifing oʻtkazildi.

    Unda 2021-yil 12-aprel kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlarini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori haqida maʼlumotlar berildi.

    “Ifloslantiruvchi toʻlaydi” tamoyilini hayotga yana-da kengroq joriy etish maqsadida qabul qilingan qarorda kompensatsiya toʻlovi obyekti hisoblanadigan va hisoblanmaydigan faoliyat turlari ajratib koʻrsatilgan. Qanday hollarda koʻpaytirilgan (kamaytirilgan) kompensatsiya toʻlovi undirilishi aniqlashtirilgan.

    Qaror bilan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” ham tasdiqlandi. Mazkur Nizom talablari 2021-yil 15-iyuldan boshlab kuchga kiradi.

    Metallurgiya, energetika, neft-gaz va konchilik sanoati korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodlar hamda avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli moddalar atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalar hisoblanadi.

    Soʻnggi paytlarda atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori tobora ortib borayotgani sanoat korxonalaridagi chang-gazlarni tozalash uskunalari 10-15 yil avval oʻrnatilgan boʻlib, ular maʼnan va jismonan eskirganligi bilan bogʻliq.

    Hozirgi kunda faoliyat koʻrsatayotgan sanoat korxonalarida mavjud chang-gazlarni tutib qolish uskunalarining samaradorligi atigi 86 foizni tashkil qilmoqda. Atrof muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasida esa atmosfera havosini ifloslantiruvchi statsionar manbalarda samaradorligi 99,5 foizdan past boʻlmagan qurilmalar oʻrnatilishini taʼminlash belgilangan.