Prezidentimizning Xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi, yanada ulkan natijalar bilan mustahkamlash – bosh vazifamiz deb nomlangan nutqida koʻtarilgan strategik gʻoyalar Oʻzbekiston tarixining yangi davri boshlanganini bildiradi.

XALQARO EHTIROM SABABI

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qilish uchun oʻtkazilgan referendumda xalqimiz daxldorlik, milliy birlik, siyosiy madaniyatning ajoyib namunasini koʻrsatdi. Prezident saylovi esa bu daxldorlikni yanada oshirdi. Referendum va saylov dunyo tan olgan ekspertlar guvohligida demokratik sinovdan oʻtdi.

Oʻtgan saylovda toʻrt nomzodning saylovoldi dasturi maydonga chiqdi. Xalqimiz oʻz taqdirini, kelajagini kimga ishonishini ochiq aytdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekistonni xalqimiz bilan birgalikda quramiz” deb nomlangan saylovoldi dasturi mutlaq gʻalaba qildi.

Saylov natijalari eʼlon qilingan kunning ertasi – 11-iyul. Birinchilardan boʻlib AQSH Oʻzbekiston Prezidentining islohotlar dasturini qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qildi. Bayonotda xalqimizning saylovdagi ishtiroki, oʻz yetakchisiga muhabbati, ishonchi yuksak baholandi.

Yana bir kun oʻtdi – 12-iyul. Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonni demokratik islohotlarni amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qildi. Bayonotda eʼtirof, ehtirom ruhi ustuvor boʻldi. Ha, aynan shunday. “Oʻzbekistonda 30-aprel kuni yangi Konstitutsiya boʻyicha oʻtkazilgan umumxalq referendumidan keyingi boʻlib oʻtgan saylov, - deyiladi unda, Prezident Mirziyoyev va islohotlar yaqqol qoʻllab-quvvatlanganini koʻrsatdi. YEI Oʻzbekistonni demokratik islohotlarga qaratilgan saʼy-harakatlarida qoʻllab-quvvatlashga sodiq qoladi”.

Xorijiy mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, mashhur siyosat va jamoat arboblari, yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar keldi. Ularda yangi Oʻzbekiston uchun qilingan mashaqqatli mehnat, islohot natijalarining eʼtirofi bor. 2023-2030-yillarda amalga oshirilajak gʻolib dasturga ishonch bor.

BUYUK MAQSAD

Davlatimiz rahbarining tantanali marosimda soʻzlagan dasturiy nutqida ijtimoiy davlat ruhi ufurib turibdi. Boshqacha aytganda, yangilangan Konstitutsiyamizda muhrlangan “ijtimoiy davlat”, yaʼni xalqparvar, mehribon davlatning afzalligi, milliy qalbi, goʻzalligi, oʻzbekona fayzi yaqqol koʻrindi. Nutqda “xalq”, “xalqim”, “xalqimiz” soʻzlari 37-marta, “biz” soʻzi 40-marta taʼkidlandi. Ularni eshitgan har bir vatandoshimiz yuksak samimiyatni, xalqimizga farzandlik mehrining issiq taftini sezdi.

Nutqda xalqimizning har bir yosh, kasbiy, ijtimoiy toifasi alohida-alohida tilga olindi. Har biriga mehrli murojaat, minnatdorlik izhor qilindi. “Shahar, qishloq va ovullarimiz aholisi”, “mahalla faollari”, “aziz qadrdonlar”, “duogoʻy otaxon va onaxonlarimiz”, “aziz faxriylarimiz”, “suyukli oʻgʻil-qizlar”, “azamat aka-ukalarimiz”, “mehribon opa-singillarimiz”, “azmu shijoatli yoshlarimiz”, “ishchi-xizmatchilar”, “tadbirkor va fermerlar”, “bunyodkor quruvchilar”, “fidoyi ustoz va murabbiylar”, “ilm-fan, ijod va sanʼat ahli”, “muhtaram ulamolarimiz”, “tibbiyot xodimlari”, “jasur harbiylarimiz”, “sportchilarimiz” birma-bir tilga olindi. Ayniqsa, “Mard va donishmand xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan taʼzim qilaman”, degan dil izhorini Senatdagi tantanali marosimda qatnashayotgan, uyida, jamoat joylarida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrgan xalqimiz gulduros qarsaklar bilan kutib oldi. “Yurakdan soʻz chiqarsang, borar toʻgʻri yurakka”, degan hikmat haq.

Nutq millat nigohini ertangi kunga  yangi Oʻzbekistonga qaratdi. Chunki ...kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi. Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi”.

Xalq oʻzi saylagan eʼzozli Prezidentining buyuk maqsadini eshitdi. “Hayotimning maʼno-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʻlida sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birga tinimsiz ishlashga, bor kuch-gʻayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman, deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev tantanali inauguratsiya marosimida.

Maqsad nima? Maqsad – odamning bir ishni qilishga, bir manzilga yetishga qasd qilishi. Maqsad odamning ish, yoʻl boshida qilgan niyati, ahdu paymoni. Gʻoya – shu maqsadning natijasi. Odamning ish boshidagi emas, maqsadiga yetganidagi holati tasviri. Masalan, “men bugundan boshlab ingliz tilini oʻrganishga kirishaman” deyish – maqsad. Oʻzining “ingliz tilida zavq bilan gaplashayotganini tasavvur qilishi, natija inʼikosi – gʻoya. Demak, yuqoridagi fikrni “yuksak maqsad”, “yuksak gʻoya” deb ifodalasa boʻladi.

“Bizni – Oʻzbekistonning fidoyi farzandlarini Vatan mustaqilligi, el-yurt manfaati kabi yuksak maqsad va gʻoyalar birlashtiradi”Prezidentimiz nutqidan bu iqtibosda “Vatan mustaqilligi”, “el-yurt manfaati” jumlalari alohida urgʻulangan. Ularning har biriga “yuksak maqsad va gʻoya” maqomi berilmoqda. “Oʻzbekistonning fidoyi farzandlari”ga ulugʻ bir umid, daʼvat bor. Demak “Vatan mustaqilligi”, “el-yurt manfaati” degan maqsad, gʻoyani anglaganlar “BIZ” deya Yangi Oʻzbekiston degan buyuk qurilish maydoniga yeng shimarib chiqadi. Birlashadi. Bu birlik Vatan mustaqilligini, el-yurt manfaati ustuvorligini abadiy qoʻriqlaydi.

YANGI OʻZBEKISTON QANDAY DAVLAT BOʻLADI?

Prezidentimizning Boʻlib oʻtgan Prezident saylovi yangilangan Konstitutsiyamiz asosida oʻtkazilgani unga chinakam xalqchil ruh va mazmun bagʻishladi. Ushbu saylovda xalqimiz oʻz xohish-irodasini emin-erkin bildirib, yangi Oʻzbekiston uchun ovoz berdi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor”, degan fikri saylovoldi dasturi bilan chambarchas bogʻliq. Negaki, saylovoldi dasturida milliy orzularimiz, milliy gʻoyamiz, chin oʻzbek orzusi koʻrindi. Bu orzuda “Yangi Oʻzbekiston qanday davlat boʻladi?” degan savolga aniq javoblar bor. Yangi Oʻzbekistonning tasviri, modeli bor. Mana:

YANGI OʻZBEKISTON, bu – avvalo, inson qadri ulugʻlangan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir vatandoshimiz oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan mamlakatdir.

YANGI OʻZBEKISTON, bu – sogʻlom, bilimli va maʼnaviy barkamol insonlar yurtidir.

YANGI OʻZBEKISTON, bu – global ishlab chiqarishning muhim va ajralmas boʻgʻiniga aylangan, kuchli iqtisodiyotga ega boʻlgan davlatdir.

YANGI OʻZBEKISTON, bu – inson va biznes manfaatlari adolatli qonunlar asosida himoya qilinadigan jamiyatdir.

YANGI OʻZBEKISTON, bu – mamlakat ichkarisida yoki xorijda boʻladimi, vatandoshlarimizni har qanday sharoitda ham himoya qila oladigan, chegaralari ishonchli qoʻriqlanadigan, xavfsiz va barqaror davlatdir.

Xalqimiz mana shunday Oʻzbekistonda yashash uchun ovoz berdi.

Bu orzu konstitutsiyaviy asosda, umumxalq saylovida legitimlashdi. Prezidentimizning yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ikki ustun – kuchli iqtisodiyot va kuchli maʼnaviyatga tayanamiz, degan mashhur fikrlaridan kelib chiqib aytganda, yuqoridagi 5 xususiyatga ega “Yangi Oʻzbekiston”ni barpo qilish kuchli iqtisodiyot va kuchli maʼnaviyatning ishiga aylandi. Gʻoyaviy taʼlimotlar nuqtayi nazaridan Oʻzbekiston xalqining milliy orzusiga, milliy gʻoyasiga aylandi. Bu bizdan mana shu gʻoya atrofida birlashib, yangi Oʻzbekiston uchun foydali narsalarni qoʻllab-quvvatlab, zararli narsalarga birlashib qarshi turishimizni talab qiladi.  

Bugun, 2023-yilda biz uchun yangi Oʻzbekistonni barpo qilishdan ham muhimroq gʻoya bormi? Yoʻq. Abdulla Avloniyning mashhur iborasini qoʻllab aytganda, yangi Oʻzbekistonni barpo qilish, yaʼni xalq tanlagan Prezident dasturi ijrosini mukammal taʼminlash bugun “bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasi”dir. Ana shunda biz hayot, najot, saodat topamiz. Aks holda bizni mamot, halokat, falokat kutadi. Chunki saodat hech qachon osmondan tushmagan, tushmaydi ham. “Yangi Oʻzbekiston, bu ” deb boshlanadigan besh maqsadning roʻyobga chiqishi yurtimizning saodat asrini boshlab beradi. Chunki inauguratsiya nutqida aytilganidek, maqsad – aniq, vazifa – aniq, amalga oshiriladigan loyihalar – aniq, zarur mablagʻlar ham aniq-ravshan belgilab berilgan.

Prezident saylovoldi dasturida yangi Oʻzbekistonni qurish shartlari ham aniqlab berildi. Yaʼni “Buning uchun iqtisodiyot ham, boshqaruv ham, taʼlim va tibbiyot ham yangicha boʻlishi, barcha sohalarda oʻsish, rivojlanish boʻlishi kerak”, deyildi. Barcha sohalarda, iqtisodda ham, maʼnaviyatda ham, har bir insonning ishida ham intensivlashuv shartligi ochiq aytildi. Maʼnaviy-maʼrifiy sohada ham oʻsish, rivojlanish, intensivlashish bizni maqsadga tez va soz yetkazadi. Ohanrabo, magnit sochilib yotgan, bir-biriga qoʻshilmay yotgan metallarni oʻziga tortib birlashtirganidek, turli dunyoqarashdagi odamlarni birlashtiradigan magnit – milliy gʻoya, maʼnaviyat. Dunyoning qudratli davlatlari tarixi bunga guvoh.

RADXANING JAVOBI

Dastur kontekstida Prezidentimiz 2021-yil 19-yanvarida aytgan Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat, degan fikrlari ustuvor turibdi. Bu fikr saylangan Prezidentimiz nutqida yana bir marta, alohida taʼkidlandi.

Kuchli maʼnaviyatli odamlar, oilalar irodali, daxldor, maqsadga intiluvchan, tirishqoq va, albatta, shukronali boʻladi. Buning misollari juda koʻp. Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “Tinchlik” MFYda bir oila yashaydi. Bu oila Yevropa, Osiyo mamlakatlarida, Oʻzbekistonda taʼlim olayotgan 6 magistr va doktorantni yetishtirgan. Ular oddiy muallima Zebuniso Xoliqovaning bolalari. Onaxon “Baxt formulasi”ni quyidagi shodon satrlarda bitdi. Unda befarqlikdan qutulishning, yangi Oʻzbekiston odamlarining hayotiy namunasi, motivatsiyasi bor:

Oʻtib borar umr yugurik suvday,

Aziz lahzalarni ortda qoldirib.

Biz esa hayotga peshvoz chiqaylik,

Befarq kimsalarni hayron qoldirib.

Bu satrlar bizga yangi Oʻzbekiston uchun kurashning oldingi saflarida turishga, safarbar boʻlishga chorlaydi. Buning uchun esa kuchli maʼnaviyat sohibi boʻlishga daʼvat boʻlib yangraydi. Zero, “haqiqiy, umummilliy safarbarlik endi boshlanmoqda”.

Prezident saylovoldi dasturida “Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi ulugʻvor maqsadlarimizga ham biz faqat va faqat mardona mehnat bilan erisha olamiz”, deyildi. Ha. Mardona mehnat oddiy mehnatdan farq qiladi. Mardona mehnat – mardlarning mehnati. Bu mehnat nomiga, “yoʻliga” ishlaydigan, “ishga koʻrinib keldim”, deydiganlarning “mehnati” emas. Gʻayratli, shiddatli, zavqli, tashabbuskor mehnat. “Faqat va faqat”, degan taʼkidlar mardona mehnatning qanchalik muhimligini koʻrsatib beradi. Bu bilan maʼnaviy-maʼrifat oldiga mardona mehnat qilayotgan har vatandoshimizni ulugʻlash vazifasi qoʻyilgan. Ana shundaylardan biri – Radxa. Radxa kim?

Radxa Xudoyberganova Urganch tumani Turkmanlar MFYdagi yoshlar yetakchisi. U yaqinda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Radxaning medal olgani Xorazmda duv-duv gap boʻldi. Nega deysizmi?

Radxa  “Inson qadri uchun” degan siyosatning minglab natijalaridan biri. Ayollarga qaratilayotgan katta eʼtibor timsoli. Radxaning oilasi yaqin-yaqingacha “Temir daftar”da turar edi. Unga oʻz mahallasidan 1 gektar yer berildi. Oilasi ish bilan taʼminlandi. Gʻayratli Radxa yeng shimarib ishga kirishib ketdi. Eksportbop achchiq qalampir yetishtirib sota boshladi. “Temir daftar”dan chiqdi-yu, el-yurt nazariga tushdi.

Mahallalarda joriy etilgan yoshlar yetakchisi lavozimiga oʻz nomzodini qoʻydi. Yoshlar yetakchisi boʻldi. Oʻzi kabi qiynalgan yoshlarni aniqladi. Ular bilan birma-bir gaplashib, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarni tushuntirdi. Yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi, yordam berdi.

U ishga kelganida mahallasida ishsiz 231 nafar yosh bor edi. Radxa ulardan 173 nafarini ish bilan toʻliq taʼminladi. Qolgan 58 nafariga yer olib berdi.

Mahalladagi 973 yoshni “yashil”, “sariq” va “qizil” toifaga ajratib chiqdi. “Qizil” toifadagi 8 yigit-qizni tashkilotlarga biriktirdi. Rossiyaga ishga ketgan 13 mahalladoshidan 4 nafarini chaqirib olib, ishli qildi.

2021-yili uning mahallasida yoshlar oʻrtasida 6 ta jinoyat boʻlgan edi. 2022-yilda birorta yosh jinoyatga qoʻl urmadi. Birorta ajrashish boʻlmadi. U bilan suhbatlashib, “Siz bu gʻayratni qayerdan olasiz?” deb soʻradik. U: “Menga bu savolni koʻp berishadi. Men Prezidentimizning “Mana bu yoshlarning koʻzlari yonyapti. Ularga yordam berish kerak”, degan soʻzlari haqida koʻp oʻylardim. “Prezidentimiz yoshlarning koʻzi yonayotganini qanday koʻrar ekan? Koʻzi yonayotgan yosh qanday boʻlar ekan?” deb oʻylardim.

Men mahalla yoshlari yetakchisi boʻlganimda buni bildim. Odam agarda “Xalqimning dardi  mening dardim. Yoshlarning dardi – mening dardim”, desa, unga ishonch, kuch quyilib kelaverar ekan. Ishi oldinga ketaverar, odamning koʻzi chaqnashi, yonishi shundan ekan. Biz, yoshlar yetakchilari yigit-qizlarga oʻz imkoniyatlarini tushuntirsak, ishontirsak, ularning koʻzlari chaqnab ketar, bunday yoshlar togʻlarni talqon qilib, oʻzlarini ham, oilasini ham, Vatanni ham boy qilar ekan. Buni men oʻz tajribamda koʻrdim”, deydi.

Ha. Shu birgina Radxa misoli bizga kelajakka ishonchning, gʻoyaning qudratini koʻrsatib turadi. Yoshlarga islohotlarni tushuntirsak, ularni milliy gʻoya bilan qurollantirsak, milliy gʻoya ularning shaxsiy gʻoyasiga aylanadi. Gʻoyalangan yoshlarning koʻzlari yonadi. Eʼtiborsiz qolgan yoshlar befarq, koʻzlari soʻlgʻin, bekorchi, boqimanda boʻladi.

MILLIY GʻOYA – XATARLARDAN HIMOYA

Kelajak, bu – biz borayotgan tomon emas,

biz qurayotgan narsa. Yoʻllarni qidirish

emas, qurish kerak. Bu quruvchilarni

ham, ularning taqdirini ham oʻzgartiradi”.

Jon Shaar

Prezident nutqidagi “Islohotlarimizning taʼsirchanligi va bardavomligini taʼminlash uchun yoʻlimizda uchrashi mumkin boʻlgan barcha xavf-xatar, toʻsiq va gʻovlarni hisobga olishimiz va ulardan talafotsiz oʻtish choralarini koʻrishimiz zarur”, degan fikrda mafkuraviy tahdidlardan talafotsiz oʻtish vazifasi ham mujassam.

Bu bejiz emas. Nega deganda, gʻoyaviy taʼlimotlarda “mafkura, bu – davlat siyosati yoʻlidagi toʻsiqlarni olib tashlovchi kuch”, deyiladi. Mafkura odamlarga davlat siyosatining maqsad-muddaosini tushuntirib, sharhlab, odamlarni birlashtiradi. Yoshi, kasbi, partiyasi, dini, tafakkur darajasi turlicha vatandoshlarga yangi Oʻzbekiston nima uchun, kim uchun bunyod qilinishini uqtiradi. Bu saodat imoratini qurishda har birimizning burchlarimizni tushuntiradi. Gʻoyaviy qurollantiradi, fidokorlarga qoʻshiling, deb ragʻbatlantiradi. Xalqimiz tanlagan gʻolib dasturning amalga oshishiga monelik qiladigan har qanday mafkuraviy, axboriy xurujlarga haqiqat tigʻini qarshi qoʻyadi. Natijada vatan himoyachilarining aytgani boʻladi – “No pasaran!” (Ular oʻta olmaydi!).

Milliy gʻoya xalq birlashib, katta, tarixiy ish oldida tugʻiladi. Aniq ish, dastur bilan bogʻlanmagan mafkura – ishsiz mafkura. Chunki u odamlarga birlashishning sababini koʻrsatib bera olmaydi. Mana shu nuqtada iqtisodiyot (amaliy ish, dastur) va maʼnaviyat (milliy gʻoya, mafkura) birlashadi. Agar mablagʻ, resurslar boʻlsa-yu, odamlar gʻoyaviy safarbar qilinmasa, dastur natijasiz boʻladi. Gʻoya boʻlsa-yu, uning iqtisodiy resurslari, dasturi boʻlmasa, milliy gʻoya utopik nazariya boʻlib qoladi.

Prezidentimiz xalqimizga yangi Oʻzbekistonni barpo qilishning maqsadini ham, dasturini ham yaratib berdi. 2023-yilda biz buyuk tarixiy imkoniyat ustidamiz. 36 millionli xalqimiz yo hayot - yo mamot, deb kirishsa, yangi Oʻzbekiston poydevori yetti yilda, albatta, quriladi. Prezidentimizning mashhur “Odamlar ertaga emas, bugun baxtli boʻlishi kerak”, degan ezgu maqsadi tarixan oʻta qisqa muddatda amalga oshadi. Buning uchun “Yangi Oʻzbekistonni barpo qilish” – milliy gʻoyamizga, har birimizning shaxsiy, oilaviy gʻoyamizga aylanishi kerak.

Buning uchun “Yangi Oʻzbekistonni barpo qilishning gʻoyaviy dasturi”ni ishlab chiqish maqsadga muvofiq boʻladi. Bu dastur fidokorlarning koʻzini yondiradi. Yangi Oʻzbekistonni barpo qilishni har bir oʻzbekistonlikning vijdon ishiga aylantiradi. Fidokorlarni sharaflab, befarq, masʼuliyatsizlarni “uygʻotib”, toʻgʻri yoʻlga soladi. Mamlakatda bunyodkor, passionar (fidokor) maʼnaviy muhitni, kuchli milliy xarakterni yaratadi. Maʼnaviyati kuchli xalq yangi, kuchli Oʻzbekistonni yaratadi. Prezident olgʻa surgan “Maqsadimiz – bir!” degan sharafli shiorimizga sodiq boʻlsak, 2030-yilda hammamiz, albatta, yangi Oʻzbekistonda yashaymiz.

Bu Oʻzbekiston xalqi uchun saodat asrining boshlanishi boʻladi.

Muhammadjon QURONOV,

pedagogika fanlari doktori, professor