Saudiya Arabistoni sayyohlik kompaniyalari Oʻzbekistonga qiziqish bildirdi

    Turizm 1 Fevral 2022 3173

    Saudiya Arabistoni tur-kompaniyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

    Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi Makka shahridagi “Travel Gate” kompaniyasi direktori Badr Muhammad Xeshayfati bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va respublikaga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Saudiya kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari xususida fikr almashildi.

    “Travel Gate” kompaniyasi rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, respublikaning investitsiya, eksport va turizm sohalaridagi salohiyati, mamlakatda erishilgan iqtisodiy taraqqiyot haqidagi maʼlumot bilan tanishtirildi.

    Badr Muhammad Xeshayfati oʻzbek hamkorlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdorligini bildirdi. Xususan saudiyalik sayyohlarni mamlakatimizga jalb etish uchun respublikaning turistik salohiyatini targʻib qilishni yanada kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

    Uchrashuv natijasida yaqin vaqt davomida Saudiya Arabistonidagi yirik sayyohlik kompaniyalar vakillari uchun Oʻzbekistonga info-tur tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.