Mamlakatimizda soʻnggi yillarda saylovlar umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari, saylov huquqi prinsiplari asosida demokratik, ochiq va shaffof, oshkora oʻtayotganini alohida eʼtirof etish lozim.
Maʼlumki, saylovlar har tomonlama demokratik ruhda oʻtishida saylov komissiyalari, ular aʼzolarining oʻrni va roli nihoyatda muhimdir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlarni samarali tashkil etish va oʻtkazishda tegishli tizimlashgan saylov komissiyalari faoliyat yuritishi nazarda tutilgan. Xususan, mazkur saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishda Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyasi, uchastka saylov komissiyasi faoliyat olib boradi.
Konstitutsiyamiz, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasining Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi qarorlari bilan tasdiqlangan nizomlar saylov komissiyalari faoliyatini tartibga soluvchi normativ bazani tashkil etadi.
Markaziy saylov komissiyasi maqomi qanday va uning aʼzosi boʻlish uchun qonunchiligimizda qanday talablar belgilab qoʻyilgan?
Konstitutsiyamizning 129-moddasiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi. Markaziy saylov komissiyasi alohida konstitutsiyaviy organ boʻlib, u doimiy tarzda faoliyat olib boradi.
Taqqoslash uchun aytish kerakki, qator davlatlarda saylovlarni tashkillashtiruvchi va oʻtkazuvchi mustaqil, markazlashgan organlar tizimi mavjud emas va saylovni tashkil etish vazifasi ijro etuvchi hokimiyat organlari zimmasiga yuklatilgan.
Masalan, Germaniya, Avstriya, Fransiya davlatlarida Ichki ishlar vazirligi, Finlyandiyada Adliya vazirligi saylovlar jarayoniga boshchilik qiladi. Eʼtiborli jihati, bu organlar faqatgina saylovlar oʻtkazish davridagina mazkur jarayonga oʻz eʼtiborini qaratadi.
Oʻzbekistonda esa Markaziy saylov komissiyasi Prezident saylovini, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va oʻtkazish uchun bevosita tashkil etilgan. Uning vakolatlarida Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida Saylov kodeksining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish, kodeksning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlash belgilangan.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi boʻyicha Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.
Xususan, Saylov kodeksida Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi boʻlishi uchun bir qancha talablar belgilab qoʻyilgan boʻlib, ular jumlasiga, yigirma besh yoshga toʻlgan, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga ega boʻlishi, saylov qonunchiligida belgilangan talab boʻyicha aʼzolarning saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish borasida ish tajribasi borligi, jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongani, kamida oxirgi besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan boʻlishi lozim.
Shuni nazarda tutish kerakki, saylov jarayonlarida yetarli tajribaga, obroʻ-eʼtiborga ega boʻlish ham muhim talablardan biri hisoblanadi. Yevropa Kengashi huzuridagi Venetsiya komissiyasi tavsiyasida ham, Markaziy saylov komissiyasi tarkibi yurist-ekspertlar, siyosatchilar, matematiklar va boshqa saylov sohasida yetarli bilimga ega boʻlgan shasxlardan shakllangan boʻlishi lozimligiga urgʻu berib oʻtilgan.
Qonunchililikda saylov komissiyalari tarkibini shakllantirishda gender tenglik tamoyillariga amal qilinishi ham belgilangan. Shu bois, hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibi 21 kishidan iborat boʻlib, mazkur tarkibning 7 aʼzosi ayollardir.
Ushbu normaning qonunchilikda aks etishi mamlakatimizda gender tenglik masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganidan, qolaversa, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilganidan dalolat beradi. Masalan, BMT xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga juda katta eʼtibor qaratib kelmoqda. Jumladan, ayollarning siyosiy huquqlari aks etgan konvensiya 1-moddasida, “ayollarning hech bir kamsitishlarsiz erkaklar bilan teng sharoitlarda barcha saylovlarda ovoz berish huquqiga ega”ligi belgilangan.
Okrug va uchastka saylov komissiyasi tarkibini shakllantirish va ularning vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil qilish va oʻtkazishda okrug va uchastka saylov komissiyalarining oʻrni va roli nihoyatda yuqori hisoblanadi.
Saylov kodeksining 21–24-moddalari okrug va uchastka saylov komissiyalarining huquqiy maqomini belgilab beradi. Unga muvofiq, yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga ega boʻlgan, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar okrug va uchastka saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, joriy yilda Saylov kodeksining bir nechta moddalariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan, 25-moddaga kimlar okrug va uchastka saylov komissiyasi aʼzosi boʻlishi mumkin emasligining aniq kengaytirilgan tarkibi belgilab qoʻyildi. Bular: Qonunchilik palatasi deputati, mahalliy Kengash deputati, Senat aʼzosi, boshqa saylov komissiyasi aʼzolari, siyosiy partiyalar aʼzolari va vakolatli vakillari, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari, prokuratura organlari, sudlar mansabdor shaxslari, nomzodlar, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etgani uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovni oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasi tarkibi – komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va komissiyaning sakkiz–oʻn sakkiz nafar boshqa aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 10-maydagi qarori bilan tasdiqlangan muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha Kalendar rejaga muvofiq, okrug saylov komissiyalarini tuzish hamda tarkibini matbuotda eʼlon qilish saylovga kamida 50 kun qolganda, yaʼni 20-maygacha belgilab qoʻyildi. Shundan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 19-may sanasidagi navbatdagi majlisida mamlakat hududida tashkil etilgan 14 okrug saylov komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, okrug saylov komissiyasi tegishli hududda Saylov kodeksining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish, saylov uchastkalarini tuzish, uchastka saylov komissiyalarini tuzish va uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etish uchun teng sharoitlarni taʼminlash, saylov okrugi boʻyicha saylov natijalarini aniqlash va ularni tegishincha Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish kabi muhim vakolatlarni bevosita amalga oshiradi.
Saylov jarayonlarining joylarda oʻtkazilishi uchun birinchi galdagi masʼuliyat uchastka saylov komissiyalariga yuklatilgan. Shu bois, saylovlar jarayonida aholi bilan bevosita ishlovchi va ovoz berishni tashkil etuvchi organ sifatida uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh-oʻn toʻqqiz nafar aʼzodan, shu jumladan, rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuzilishi belgilab qoʻyilgan.
Bunda uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
Shuni alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, shifoxonalarda hamda boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno. Bu albatta, saylov jarayonlarining ochiq va shaffof tarzda oʻtishiga yanada keng imkoniyat yaratadi.
Saylov jarayonida uchastka saylov komissiyasi uchastka boʻyicha saylovchilarning roʻyxatini tuzish, saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish va ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilardan toʻldirilgan saylov byulletenlarini yopiq konvertlarda qabul qilib olish, binoning yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari va saylov qutilari, shuningdek, boshqa jihozlar bilan tayyorlab qoʻyilishini taʼminlash, saylov kuni uchastkada ovoz berishni tashkil etish, ovozlarni sanab chiqish va qonunchilikda belginlangan boshqa vakolatlarga ega.
Saylovlarda kuzatuvchi va OAVlarning huquqiy maqomi
Saylovlarda kuzatuvchilar va OAVlarning ishtiroki va oʻrni muhim ahamiyat kasb etadi. Saylov kodeksining 6-bobida kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalarining huquq va majburiyatlari belgilab qoʻyilgan. Qolaversa, Markaziy saylov komissiyasining qarori asosida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisida”gi, “Siyosiy partiyaning vakolatli vakili toʻgʻrisida”gi, “Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi, “Siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar toʻgʻrisida”gi nizomlarda kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalarining saylov jarayonidagi ishtiroki masalasi tartibga solingan.
Taʼkidlash lozimki, saylov kampaniyasi boshlangani eʼlon qilinganidan soʻng Markaziy saylov komissiyasi xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi. Shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini izhor etib, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi mumkin. Eʼtiborlisi, manfaatdor tashkilotlar oʻz kuzatuvchilari toʻgʻrisida saylov komissiyalariga saylovdan kamida oʻn kun oldin ariza bilan murojaat qilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashadigan kuzatuvchilar ikki xil toifaga boʻlinadi. Bular – xalqaro kuzatuvchilar va mahalliy kuzatuvchilar.
Kuzatuvchilar instituti saylovlarning ochiq, shaffof, adolatli tarzda oʻtishini kafolatlovchi mexanizm hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiya qilingan xorijiy (xalqaro) kuzatuvchiga mandat beradi. Bu mandat esa xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun huquqiy asos hisoblanadi. Taʼkidlash lozimki, mahalliy kuzatuvchilarga, yaʼni siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan koʻrsatilgan kuzatuvchilarga Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasi tomonidan mandatlar beriladi.
Saylov qonunchiligiga koʻra, kuzatuvchilar saylov komissiyalari majlislarida hozir boʻlish, nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish, ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir boʻlish, saylov natijalari toʻgʻrisidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini soʻrash va olish kabi bir qancha huquqlardan foydalanishi mumkin.
Belgilangan huquqlardan tashqari, kuzatuvchilarning taqiqlangan xatti-harakatlari ham belgilangan. Xususan, kuzatuvchilarga saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlishi, fuqarolarga taʼsir oʻtkazish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan ular qanday ovoz berganini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qoʻyishda biron-bir tarzda yordam koʻrsatish, saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish taqiqlanadi.
Xalqaro saylov standartlarida kuzatuv faoliyatini amalga oshiradigan va tartibga soladigan bir qancha hujjatlar ham qabul qilingan. Xususan, BMTning 2005-yil 27-oktyabrda qabul qilingan “Saylovlarni xalqaro kuzatish prinsiplari toʻgʻrisida”gi deklaratsiya, YEXHT ning 1990-yildagi insoniylik mezonlari boʻyicha Kopengagen hujjati, MDH kuzatuvchilari missiyasi toʻgʻrisidagi nizom, SHHT kuzatuvchilari missiyasi toʻgʻrisidagi nizom kabi bir qancha xujjatlarda kuzatuvchilar maqomi huquqiy tartibga solingan.
Saylov kodeksining 35-moddasiga koʻra, ommaviy axborot vositalari vakillari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida hozir boʻlish, shu jumladan, ovozlarni sanab chiqish chogʻida hozir boʻlish huquqiga ega.
“Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda OAV vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi, ularning huquq va majburiyatlari atroflicha tartibga solingan. Taʼkidlash lozimki, OAV vakillari Markaziy saylov komissiyasiga akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida murojaat qiladi. Murojaat besh kunlik muddat ichida koʻrib chiqilib, MSK qarori asosida xorijiy hamda milliy OAV vakiliga akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnomalar beriladi.
Taʼkidlash lozimki, saylov kampaniyasi jarayonida, OAV vakili quyidagi huquq va majburiyatlarga ega boʻladi: saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov komissiyalarining majlislarida hozir boʻlish, muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti va joyi haqida xabardor boʻlish hamda ushbu jarayonni kuzatish, saylov kuni ovoz berish xonalarida, shu jumladan, ovozlarni sanab chiqishda hozir boʻlish, saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish kabi huquqlarini amalga oshirishi mumkin.
Qolaversa, OAV vakillari saylovchilarga taʼsir oʻtkazish, qonunga xilof ravishda biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish, saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlish, saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganligini surishtirish kabi harakatlarni amalga oshirishi mumkin emas.
Darhaqiqat, boʻlajak saylovlarning yuqori demokratik saviyada ochiq va oshkora oʻtkazilishi respublikamiz ommaviy axborot vositalari va jurnalistlardan katta masʼuliyat, professionallik, xolislik, tezkorlik va yuksak fuqarolik pozitsiyasini talab qiladi.
Muxtasar qilib aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlib oʻtadigan saylovlarda saylov jarayonining ishtirokchilari oʻzlariga yuklatilgan vazifa va vakolatlarini, oʻz huquq va majburiyatlarini qonun doirasida, yuksak masʼuliyat hamda vijdonan bajarishi lozim boʻladi. Bu esa, saylovlarning demokratik xususiyatlarini, koʻtarinkilik kayfiyatni keng jamaotchilik koʻz oʻngida namoyon boʻlishida bevosita xizmat qiladi.
Sherzod ZULFIQOROV,
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat
xavfsizligi universiteti professori, ekspert.