Saylov jarayonida okrug va uchastka saylov komissiyalarining vazifalari

    Okrug saylov komissiyasi aʼzolarining umumiy soni 266 nafarni tashkil etdi. Okrug saylov komissiyalarining tarkibida 110 nafari, yaʼni 41 foizi ayollardir.

    Maʼlumki, saylov demokratiya koʻzgusi sifatida talqin etiladi. Haqiqiy saylovni oʻtkazish uchun demokratik tarzda tashkil etilgan saylov komissiyalarining roli muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi saylov komissiyalari tizimiga Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari kiradi. Qonunda belgilanganidek, saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi.

    1966-yil 16-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt”ning 25-moddasida har bir fuqaro hech bir kamsitishsiz va asoslanmagan cheklashlarsiz yalpi teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali oʻtkaziladigan va saylovchilarning erkin xohish-irodasini taʼminlaydigan chinakam davriy saylovlarda ovoz berish va saylanish huquqiga ega ekani belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Saylov kodeksiga ushbu normalar implementatsiya qilingan boʻlib, kodeksning bir nechta moddasida saylovchining umumiylik, tenglik, toʻgʻridan-toʻgʻri va yashirinlik prinsiplari asosida saylovlarda erkin ixtiyoriy ishtirok etish huquqi belgilangan. Saylov jarayonlarining ochiq va oshkoraligini taʼminlash boʻyicha qoidalar qabul qilingan. Ushbu misollar orqali Oʻzbekiston Respublikasi milliy saylov tizimida umumeʼtirof etilgan norma va standartlar toʻla amal qilinayotganligini taʼkidlash joiz.

    Joriy yil 6-may kuni Saylov kodeksiga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2023-yil 9-iyul kuni muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oʻtkazilishi belgilandi. Saylov kodeksi talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 10-may kuni “Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini eʼlon qilish va uni oʻtkazish boʻyicha kalendar rejani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha saylov kampaniyasi 2023-yil 10-maydan boshlanganligi eʼlon qilindi.

    9-iyul kuni boʻlib oʻtadigan muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish jarayoni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar asosida, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining kalendar rejasida belgilangan tadbirlar muddatlarga qatʼiy amal qilingan holda, izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Saylov kodeksi talablariga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida 14 ta saylov okrugini tuzdi. Saylov okruglarining tuzilishi okrug saylov komissiyalari faoliyatini yoʻlga qoʻyishning huquqiy asosi hisoblanadi.

    Okrug saylov komissiyalari mazkur saylov komissiyalar tizimida muhim boʻgʻindir. Mazkur komissiyalarning zimmasiga okrug hududida ushbu muhim siyosiy tadbirga yuqori darajada sifatli tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha barcha ishlarni tashkil etish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish vazifalari yuklatilgan.

    Saylov kodeksida, Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomda okrug saylov komissiyalarining vakolati bilan bir qatorda, komissiya ishini samarali tashkil etish maqsadida komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va aʼzolarining vakolati ham aniq koʻrsatilgan. Kalendar rejaga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinib, Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun taqdim etildi.

    Markaziy saylov komissiyasi tavsiya etilgan nomzodlarning Saylov kodeksi talablariga mos kelishini oʻrgandi. Okrug saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzod yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar boʻlishi lozim. Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi deputati, mahalliy Kengash deputati, Senat aʼzosi, boshqa saylov komissiyasining, siyosiy partiyalarning aʼzolari va vakolatli vakillari, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlar, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etgani uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar okrug va uchastka saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.

    Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug komissiyalari tarkibi 15 nafardan 21 nafarga qadar etib tasdiqlandi. Okrug saylov komissiyasi aʼzolarining umumiy soni 266 nafarni tashkil etdi. Okrug saylov komissiyalarining tarkibida 110 nafari, yaʼni 41 foizi ayollardir. Shuningdek, okrug saylov komissiyalari rahbar lavozimlarida (rais, rais oʻrinbosari va kotib) ayollar 38 foizni tashkil etdi. Bitta okrug komissiyasi raisligiga ayol kishi tavsiya etilgan. Okrug komissiyalarida rais oʻrinbosari va komissiya kotibligiga tavsiya etilgan ayollar 53 foiz.

    Okrug komissiyalari tarkibiga 12 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar kiritilgan boʻlib, jami aʼzolar sonining 5 foizni tashkil qiladi. Komissiyalar tarkibiga nogironligi boʻlgan fuqarolar vakillarining kiritilishi ushbu muhim siyosiy jarayonda imkoniyati cheklangan shaxslar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Mazkur amaliyot Oʻzbekiston Respublikasi milliy saylov qonunchiligi amaliyotida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotganidan dalolatdir.

    Komissiyalar aʼzoligiga nomzodlarning deyarli barchasi – yaʼni 263 nafari (98,9 foizi) oliy maʼlumotli (oʻrta-maxsus maʼlumotlilar – 3 nafar, 1,1 foiz). Okrug saylov komissiyalari tarkibiga saylanganlarning 6 foizini 21–30 yoshgacha boʻlgan fuqarolar, 53,7 foizini 31 yoshdan 50 yoshgacha boʻlganlar tashkil qildi. Shuningdek, komissiyalar tarkibida turli kasb egalari, huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, jurnalistlar, shifokorlar, muhandislar borligi katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan aʼzolardan iboratligini koʻrsatadi. Nomzodlarni faoliyat sohasi boʻyicha koʻradigan boʻlsak, ularni taʼlim tizimi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa nodavlat sektori, davlat idoralari va muassasalari vakillari tashkil etadi.

    Okrug saylov komissiyasining asosiy vazifalari nimalardan iborat? Komissiya vakolatlariga qanday vazifalar kiradi? Bu haqda soʻz yuritganda shuni aytish kerakki, okrug komissiyasi birinchi navbatda, saylov okrugi hududida Saylov kodeksi ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi va uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi. Okrug saylov komissiyasi saylov okrugi hududida saylovchilar hisobini yuritish, ovoz berishni tashkil qilish hamda ovoz berish natijalarini aniqlash masalalari hal etilishini muvofiqlashtiradi.

    Oʻz navbatida, belgilangan muddatlarda saylov uchastkalarini tuzadi, okrug boʻyicha ularning tartib raqamini belgilaydi, manzilini koʻrsatgan holda roʻyxatini eʼlon qiladi, uchastka saylov komissiyalarini tuzadi va ularning tarkibi haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi, uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtiradi, saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor qiladi.

    Siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi.

    Muhim vazifalardan yana biri sifatida aytish joizki, okrug saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatining tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib boradi, uchastka saylov komissiyalariga tashkiliy-uslubiy yordam beradi.

    Saylovning ochiq va oshkoraligini taʼminlash maqsadida siyosiy partiyalarning va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kuzatuvchilariga belgilangan shaklda mandat beradi, okrug saylov komissiyasi huzuridagi Matbuot markazi boʻlimining faoliyatini tashkil etadi.

    Okrug saylov komissiyasi Saylovchilar yagona elektron roʻyxatidan foydalanishni tashkillashtirish maqsadida uchastka saylov komissiyasi aʼzolariga Saylov jarayonini boshqarish, axborot tizimiga kirish uchun tegishli maʼlumotlarni beradi. Okrug saylov komissiyasi oʻz faoliyatini qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolat prinsiplari asosida amalga oshiradi. Okrug saylov komissiyasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlar, korxonalar, muassasa va tashkilotlar rahbarlari ijro etishi uchun majburiydir. Okrug saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari boʻyicha bayonnomalarni qabul qiladi. Uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi toʻgʻri toʻldirilgan boʻlsa, bayonnomadagi tegishli raqamlarni saylov okrugi boʻyicha natijalarni jamlab borish jadvaliga kiritadi.

    Okrug saylov komissiyasining uchastka saylov komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomalarni qabul qilib olish hamda okrug boʻyicha saylov natijalarini aniqlash jarayonida siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar hozir boʻlishlari mumkin.

    Okrug saylov komissiyasi majlisida okrug boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari aniqlanadi hamda bayonnomada aks ettiriladi. Bayonnoma komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etiladi. Mazkur bayonnomaning koʻchirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun darhol okrug saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga osib qoʻyiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda saylov komissiyalari tizimidagi quyi boʻgʻin – bu uchastka saylov komissiyalari hisoblanadi. Uchastka saylov komissiyalari Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga muvofiq faoliyat yuritadi. Uchastka saylov komissiyasi oʻz faoliyatini qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida amalga oshiradi. Uchastka saylov komissiyasi ishining tashkiliy shakli uning zaruratga qarab oʻtkaziladigan majlisi hisoblanadi.

    Uchastka saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarida, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda akkreditatsiyadan oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan vakolatli vakillar va kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.

    Uchastka saylov komissiyasi saylov uchastkasi boʻyicha saylovchilarning roʻyxatini tuzadi va ularni roʻyxat bilan tanishtiradi, roʻyxatda yoʻl qoʻyilgan xatolar va noaniqliklar toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qiladi hamda koʻrib chiqadi va roʻyxatga tegishli oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi masalani hal etadi.

    Uchastka saylov komissiyasi saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish va ovoz berishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlmagan va muddatidan oldin ovoz bergan saylovchilardan toʻldirilgan saylov byulletenlarini yopiq konvertlarda qabul qilib oladi. Aholini saylov kuni va ovoz berish joyi toʻgʻrisida xabardor etadi. Binoda yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari, saylov qutilari, shuningdek boshqa jihozlar tayyorlab qoʻyilishini taʼminlaydi, saylov kuni uchastkada ovoz berishni tashkil etadi, salomatligi yoki boshqa sabablarga koʻra ovoz berish binosiga kela olmagan saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyida ovoz berishini tashkil etadi. Ovozlarni sanab chiqadi, saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi.Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar uchastka saylov komissiyalariga oʻz vakolatlarini amalga oshirishida koʻmaklashishi, ularning ishi uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etishi shart.

    Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatining tuzilishini va uning saylovga oʻn besh kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini taʼminlaydi. Saylovchilarni ovoz berish kuni, vaqti va joyi toʻgʻrisida saylovdan kamida oʻn kun oldin xabardor qiladi. Uchastka saylov komissiyasida saylov byulletenlarini komissiyaning ikki nafar aʼzosi imzolaydi va komissiya muhri bilan tasdiqlab ovoz berish kuniga qadar saqlanishini taʼminlaydi. Saylov uchastkalarida ovoz berishni tashkil etish va uni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan binolar va jihozlarni davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar uchastka saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart. Uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar oʻrnatilgan tarzda jihozlanadi. Uchastka saylov komissiyasi joylashgan bino va unga olib boruvchi yoʻlaklar ozoda va taʼmirlangan, yoritish moslamalari oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga taalluqli maʼlumotlarga oid stendlar joylashtiriladi. Stendlarda joylashtiriladigan materiallarda saylovoldi tashviqotiga oid nishon va alomatlar boʻlmasligi kerak.

    Saylovchilar roʻyxati uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi mumkin. Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, roʻyxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi. Saylovchilar roʻyxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va yashash manzili kiritiladi. Okrug saylov komissiyasi kotibi Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish huquqini uchastka saylov komissiyasi kotibiga taqdim qiladi. Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan soʻng uch kun ichida uchastka saylov komissiyasining kotibi Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirib, taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki roʻyxatini yuklab oladi.

    Uchastka saylov komissiyasi aʼzolari saylov uchastkasi hududida yashovchi saylovchilar toʻgʻrisida maʼlumotlarni olganidan keyin, ushbu maʼlumotlarning toʻgʻriligiga uyma-uy aylanib chiqish orqali aniqlik kiritadi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatini tuzish ishlariga jamoatchilik vakillari va volontyorlarni jalb qilishi mumkin. Tuman va shahar hokimliklari saylovchilarning roʻyxatlarini aniqlashtirish ishlariga koʻmaklashadi. Saylovchilar roʻyxatini aniqlashtirish ishlari olib borilayotgan vaqtda fuqarolarga muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish imkoniyati va boshqa huquqlar tushuntiriladi.

    Saylovchilar roʻyxatlari saylovga oʻn besh kun qolganida uchastka saylov komissiyasi kotibi tomonidan Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan yuklab olinadi, chop qilinadi hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi. Saylovchilar familiyasi ovoz berishni tashkil etish uchun qulay boʻlgan tartibda koʻrsatiladi. Saylovchilar roʻyxati uchastka saylov komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolanadi hamda uchastka saylov komissiyasi muhri bilan tasdiqlanadi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning roʻyxati hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganidan keyin ham ularga oʻzgartishlar kiritishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni roʻyxat bilan tanishib chiqish joyi va vaqti toʻgʻrisida xabardor qiladi. Saylovchilar roʻyxatiga oʻzgartishlar kiritish saylovga besh kun qolganida toʻxtatiladi.Uchastka saylov komissiyasi saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berishini tashkil qiladi. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga oʻn kun qolganda boshlanadi va saylovga uch kun qolganda tugallanadi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchidan saylov kunida boʻla olmasligining sabablarini tasdiqlovchi qoʻshimcha hujjatlar talab qilishi taqiqlanadi.

    Ovoz berish kuni saylov uchastkasida soat 8.00 da Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi. Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya aʼzolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida ovoz berish boshlanganligini eʼlon qiladi. Ovoz berish saylov kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha oʻtkaziladi. Uchastka saylov komissiyasida saylov natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining koʻchirma nusxasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda darhol tegishli okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi, birinchi asl nusxa rais yoki uning oʻrinbosari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvida okrug saylov komissiyasiga olib borib topshiriladi.

    Okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyati Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining qarorlari talablariga qatʼiy rioya qilingan holda amalga oshiriladi.

    Bahodirjon Yunusov,

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi