Saylov uchastkalarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun barcha sharoitlar yaratiladi

    Joriy yil oktyabr oyida davlatimiz va xalqimiz hayotida muhim siyosiy voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi. Ushbu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 14-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilindi. Dasturda hamkor tashkilotlar bilan saylovga tayyorgarlik koʻrish borasida qadamba qadam amalga oshiriladigan ishlar oʻzining batafsil ifodasini topgan.

    Tadbirlar dasturining 18- hamda 19-bandlarida nogironligi boʻlgan fuqarolarning saylov huquqlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni hal etish, saylovda teng imkoniyatlarni yaratish boʻyicha tegishli nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borish belgilangan. Bu borada bugun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va Nogironlar assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.

    Oybek Isoqov, Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi:

    – Avvalgi saylovlarda saylov uchastkalari nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirilmagan edi. Panduslar bor, biroq ularga aravada oʻtirgan nogironligi boʻlgan shaxs chiqolmas edi. Saylovoldi jarayonida nomzodlar bilan uchrashuvlar asosan maktab binolarida tashkil etilib, aksariyat maktablarda majlislar zali va sport zali binoning 2-qavatida joylashgani bois bu tadbirlarda ham ishtirok etishdan mahrum boʻlgan. Chunki aravachada 2-qavatga chiqa olishmagan. Shuningdek, byulliten brayl shriftda koʻzi ojiz saylovchilarga berilgan, biroq nomzodlar yozilmagan. Bu kabi muammolar boʻlmasligi uchun Markaziy saylov komissiyasiga bu gal barvaqt tavsiyalar taqdim etildi. Ular nogironlarning barcha toifasini qamrab olib, shundan kelib chiqqan holda shart-sharoitlar yaratib beradi. Shuningdek, saylovoldi jarayoni surdo-tarjima bilan koʻrsatiladi deb umid qilamiz.

    Zayniddin Nizomxoʻjayev, Markaziy saylov komissiyasi raisi:

    – Mamlakatimizda barcha fuqarolarning, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashning huquqiy-tashkiliy asoslari va samarali mexanizmlari toʻla shakllantirilgan.

    Ayni kunlarda saylov uchastkalari binosini va ovoz berish xonalarini tanlash va jihozlashda Oʻzbekiston Respublikasi saylov qonunchiligida belgilangan barcha shart-sharoitlarni, xususan, uchastka saylov komissiyalarining joylashgan yeri, nogironligi boʻlgan saylovchilarning ovoz berish joyiga kelib-ketishi, binoga kirib-chiqishi, bino ichida harakatlanishi, erkin va toʻsiqlarsiz ovoz berishi uchun har tomonlama qulay boʻlishiga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Saylov jarayonida saylov uchastkalariga olib boruvchi koʻrsatkichlar koʻrinarli joyga oʻrnatilishi, uchastka saylov komissiyasi binosida saylov kuni malakali tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etiladi. Saylov komissiyalari tarkibiga ijtimoiy faol nogironligi boʻlgan shaxslarni kiritish va ularning saylov qonunchiligidan xabardorligini oshirishda har tomonlama koʻmaklashiladi. Saylovoldi tashviqotiga oid telekoʻrsatuvlar imo-ishora tili va subtitr yozuvida berib boriladi.

    Tadbirda, shuningdek, memorandum imzolanib, bu kelishuv nogironligi boʻlgan saylovchilarning saylov huquqlarini samarali taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.