Saylovlarni oʻtkazishda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi

    Saylov 16 Oktabr 2024 392

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini oʻtkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash muhim masalalardan biri hisoblanadi.

    Saylov kuni tinch va barqaror boʻlishi saylovchilarning ovoz berishini erkin, ixtiyoriy va xalqaro standartlar asosida amalga oshirish imkonini beradi.

    Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida saylovlarni oʻtkazishda jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlash, saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash, shuningdek saylov komissiyalari joylashgan binolarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari va boshqa tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi.

    Shu munosabat bilan, majlisda Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Energetika vazirligi rahbarlari tomonidan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish davrida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida axborotlar taqdim etildi.

    Xususan, xavfsizlik va tartibni saqlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan saylov uchastkalari binolari atrofiga qoʻshimcha 332 ta videokuzatuv kameralari, 528 ta binoga yoritish moslamalari oʻrnatildi.

    Shuningdek, barcha binolarga olib boradigan yoʻllar koʻrikdan oʻtkazilib, qoʻshimcha ravishda yoʻl belgilar, yoʻl yotiq chiziqlari, svetoforlar bilan taʼminlangan hamda 270 ta bino atrofida avtoturargohlar tashkil etildi.

    Bundan tashqari, majlisda barcha saylov uchastkalarining yongʻinga qarshi holati tekshiruvdan oʻtkazilib, 450 tasida profilaktik koʻrik uyushtirilganligi hamda qoʻshimcha ravishda 664 ta bino yongʻinni oʻchirish birlamchi vositalari bilan taʼminlanganligi xususida maʼlumot berildi.

    Shu bilan bir qatorda, Energetika vazirligi tomonidan saylov kuni komissiyalarning binolarini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash choralari koʻrilganligi maʼlum qilindi.

    Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan boʻlajak saylovlarni oʻtkazish davrida jamoat tartibini va xavfsizligini taʼminlash, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yongʻin xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Shu bilan birga, kun tartibiga muvofiq xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning 108 nafar vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida akkreditatsiyadan oʻtkazildi hamda boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.