Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Nozimaxon Nazarova shu haqda maʼlumot berdi.
— Bu muammoning asosiy sababi notoʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollik yetishmasligi, nosogʻlom turmush tarzi va genetik omillar bilan bogʻliq, — deydi mutaxassis.
— Masalan, hozir bolalar oʻrtasida transyogʻlarga toʻyingan “fast-fud”lar, shirinliklar, yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar, gazli va rangli ichimliklar isteʼmol qilish ommalashgan. Qolaversa, boʻsh vaqtini televizor, kompyuter qarshisida yoki har xil gadjetlarda oʻtkazadigan oʻgʻil-qizlar safi kengaymoqda.
Bularning bari vazn ortishi va semizlikka olib kelyapti. Shu tufayli ham yangi asrda qator xavfli xastaliklarning tobora yasharishi kuzatilmoqda.
Masalan, semizlik — qandli diabetning 2-turini rivojlantiruvchi xavf. Agar bu kasallik bolalarda 18 yoshga toʻlgunga qadar paydo boʻlsa, ularning umr koʻrish davomiyligi qisqarishi ehtimoli ortadi.
Ateroskleroz, arterial gipertenziya kabi yurak-qon tomir xastaliklarining erta yoshda paydo boʻlishida ham vazn ortishining taʼsiri katta.
Semirib ketish oʻgʻil bolalarda balogʻatga yetishning kechikishiga, qizlarda esa aksincha, tezlashishiga sabab boʻladi. Bu kelajakda bepushtlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Vazn ortishi dastlab surunkali yogʻli jigar distrofiyasi, keyingi bosqichda esa jigar sirrozi kasalligini paydo qilishi ham tibbiyotda oʻz tasdigʻini topgan.
Faol oʻsish davrida bolalarning suyak toʻqimalari hali toʻliq shakllanmagan boʻladi. Ortiqcha vazn ularda boʻgʻim va umurtqa pogʻonasi xastaliklarini yuzaga keltirishi mumkin.
Oʻz navbatida, semizlik apnoe sindromi (uyqu paytida nafas olishning toʻxtashi), bronxial astma va turli allergik xastaliklarga sabab boʻlishi ham aniqlangan.
Bu muammoga qarshi qanday kurashish kerak? Avvalo, bolalarning ovqatlanish ratsioni va rejimini tartibga solish lozim. Qolaversa, ularning kuniga kamida 1 soat jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratish zarur.
Oʻz navbatida, oʻgʻil-qizlarning kundalik uyqu rejimiga amal qilishini taʼminlash muhim. Chunki meʼyoriy uyqu ishtahani boshqarishga yordam beradi. Qolaversa, farzandlarning kompyuter, smartfon va televizor oldida oʻtkazadigan vaqtini cheklash ular salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.