Tadbir Parlamentlararo ittifoq tomonidan BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi va Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Vebinarda Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi bilan qabul qilingan, BRMni amalga oshirishda milliy parlamentlarning yetakchi roli tan olingan, 2030-yilga qadar global kun tartibini toʻliq amalga oshirish uchun hukumatlar va parlamentlar oʻrtasidagi muloqot va hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻzda tutilgan BMT Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi rezolyutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida soʻz bordi.

Tadbir davomida Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi Ijrochi kotibi Armida Salsia Alisjabana, BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi Ijrochi kotibi Olga Algayerova, ushbu tashkilotning Barqaror energiya boʻlimi direktori Dario Ligutti, Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Boriy Alixonov va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari soʻzga chiqdilar.

— Tarixda birinchi marta 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishda parlamentlarning muhim rolini taʼkidlaydigan muhim hujjat qabul qilindi. Rezolyutsiyada aʼzo davlatlar 13 yoʻnalish boʻyicha belgilangan vazifalarni bajarishga chaqiriladi. Hujjatda qonunchilik, nazorat va vakillik funksiyalariga ega boʻlgan milliy parlamentlarga alohida oʻrin ajratilgan. Aynan ular iqtisodiyot rivojini ragʻbatlantirish, ijtimoiy siyosatni samarali amalga oshirishga taʼsir koʻrsatish, “hech kimni ortda qoldirmasdan” yuqori sifatli tibbiy xizmat va taʼlim olish imkoniyatini taʼminlashi mumkin. Umuman olganda, Rezolyutsiya jahon parlamentlari uchun oʻziga xos qoʻllanma boʻlib, milliy koʻrsatkichlar ijrosini monitoring qilishda oʻz saʼy-harakatlarini safarbar etish imkonini beradi, — dedi Tanzila Narbayeva oʻz videomurojaatida.

Senat Raisi mamlakatlarni milliy jihatlarga asoslangan, BRMlarni yanada samarali amalga oshirish, monitoring qilish va baholashga xizmat qiladigan shunga oʻxshash “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqishga chaqirdi.

Tadbirning barcha ishtirokchilari 2030-yilgacha boʻlgan global kun tartibini toʻliq amalga oshirishni jadallashtirish uchun parlamentlar va hukumatlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, zarur choralarni koʻrish va mablagʻlardan foydalanish lozimligi toʻgʻrisida yakdil fikrga keldilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar mamlakatlar parlamentlarida milliy BRMga erishish jarayonini kuzatish imkonini beruvchi maxsus platforma yaratish, Milliy BRMni amalga oshirish boʻyicha davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha parlamentlar ishini faollashtirish, BRM tadbirlarini amalga oshirish uchun byudjetni shakllantirish va taqsimlashda parlamentning roli va ishtirokini kuchaytirish kabi takliflarni ilgari surdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.