Senatda aholining ijtimoiy himoyasiga qaratilgan qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi

    Ijtimoiy hayot 30 Yanvar 2024 775

    Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi Ishchi guruh majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari dastlabki tarzda muhokama qilindi.

    Majlisida senatorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha doimiy komissiya raislari, Qoʻmita ekspertlari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Senatorlar mamlakatimizda keksalarni va mehnatga layoqatsiz shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligi, jumladan, pensiya tayinlash tartib-taomillari soddalashtirilayotganligiga alohida eʼtibor qaratdilar.

    “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham shular jumlasidandir.

    Qonun bilan “Ijara toʻgʻrisida”gi Qonunga ijarachining nogiron boʻlib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos boʻlishini bekor qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilyapti.

    Shuningdek, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga ham qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti. Xususan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni oʻtash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq toʻlangan boʻlsa, ushbu faoliyat turini pensiya olish huquqini beradigan ish staji toifasiga kiritish nazarda tutilgan.

    Mazkur Qonunga kiritilayotgan yana bir muhim yangilik – pensiya tayinlashni soʻrab murojaat etish tartibi takomillashtirilib, fuqarolarning pensiya tayinlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish huquqi nazarda tutilgan.

    Shuningdek, pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilanyapti.

    Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonun ham qizgʻin muhokama etildi.

    Qonun bilan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuniga retseptsiz beriladigan dori vositalarining roʻyxatini Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlash amaliyotini bekor qilishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilyapti.

    Shuningdek, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunda Sogʻliqni saqlash vazirligiga dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini tasdiqlash vakolati berilyapti hamda dori vositalari ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan dori moddalarini (substansiyalarni) davlat roʻyxatidan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinyapti.

    Bundan tashqari “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Qonunda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim prekursorlarni Qonunda nazarda tutilgan maqsadlarda ishlab chiqarish va tayyorlash yuridik shaxslar tomonidan ularda muayyan prekursorlarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash uchun litsenziyalar mavjud boʻlgan taqdirda faqat Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlari doirasida amalga oshirilishi belgilanyapti.

    Majlis ishtirokchilarining taʼkidlashicha, Qonun aholining va tadbirkorlik subyektlarining tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari toʻgʻrisidagi xabardorlik darajasini oshirishga, shuningdek investorlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishga xizmat qiladi.

    Muhokamalar yakunida qonunlar yuzasidan vazirlik va idoralar vakillari, Qoʻmita ekspertlarining fikr mulohazalari eshitildi va Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.