Majlisda Senatning qirq oltinchi yalpi majlisini 2023-yil 27-oktyabrda chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama etish nazarda tutilgan.

“Probatsiya toʻgʻrisida“gi, “Yoʻl harakati toʻgʻrisida“gi, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi toʻrtta qonun shular jumlasidandir.

Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida“gi,

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ajratiladigan yer uchastkalarining oʻlchamini oshirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida“gi va “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonunlarni ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yalpi majlisda “Turkiy investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimni (Anqara, 2023-yil 16-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakilini (Bolalar ombudsmanini) saylash toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqilishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.