“Yer usti halqa metro liniyasi qurilishining uchinchi — yakunlovchi bosqichi «Sergeli-Qoʻyliq” yoʻnalishida jadal davom ettirilmoqda. Mazkur ishlar Prezident qarori ijrosi doirasida olib borilmoqda.

Tabiiyki, ulkan bunyodkorlik maydonida qaysidir daraxt yoki butani koʻchirishga toʻgʻri keladi. Yana bir tomoni — hamma daraxtlarni ham koʻchirib boʻlmaydi.

“Sergeli-Qoʻyliq” yoʻnalishida metro qurilishida ana shunday holat yuzaga kelganda qanday tartib amal qilishi Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil 23-aprelda Toshkent shahrida barpo etilayotgan zamonaviy korxonalar faoliyati, shuningdek, mahallalarda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish jarayonida bergan topshiriqlari BAYONIda koʻrsatib oʻtilgan.

Unga muvofiq, mazkur hududda joylashgan oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni koʻchirishga, koʻchirish imkoni boʻlmaganda, istisno tariqasida kesishga ruxsat berilgan.

Bunda, moratoriy talablaridan kelib chiqib, kesiladigan har bir daraxt uchun kompensatsiya sifatida 10 tup qimmatligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam boʻlmagan koʻchatlarni ekish va ularni ikki yil davomida parvarishlash majburiyati yuklatiladi.

Shu munosabat bilan Davlat ekologiya qoʻmitasi Toshkent shahar boshqarmasi mutasaddilari soha mutaxassislari va ekolog-inspektorlarni jalb qilgan holda, qurilish rejalashtirilgan katta hududdagi daraxtlarni toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazishdi. Unga koʻra, yer usti metrosining Mirobod tumanidan oʻtadigan qismida 66 ta, Sergeli tumanidan oʻtadigan qismida 168 ta, Yangi hayot tumanidan oʻtadigan qismida esa 551 ta (jami 785 ta) daraxt borligi aniqlandi. Bularning orasida safora, terak, archa, tut, yongʻoq, oʻrik, eman, shumtol, qayragʻoch, chinor singari daraxtlar bor. Ularni qayerga koʻchirish mahalliy tuman hokimliklari bilan, qanday koʻchirish esa biolog olimlar bilan maslahatlashilmoqda. Maqsad bitta — imkon qadar barchasini saqlab qolishdan iborat.

Yana tabiiy savol tugʻilishi mumkin: baribir bir necha daraxtni kesishga toʻgʻri kelganda — ushbu yogʻoch xomashyosidan kim qanday foydalanadi? Bu savol ham ekologlar tomonidan qurilish tashkilotlari va hokimliklar oldiga qoʻyilgan. Masalaning yechimi sifatida esa avval daraxtni Obodonlashtirish boshqamasi balansiga oʻtkazish va shundan keyin yogʻochni yo hunarmandlarga taqdim etish, yoki boshqarmaning zaruriy ehtiyojlari uchun ishlatish rejalashtirilmoqda».