Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ishchi guruhining Sergeli tumanida olib borgan oʻrganishlari natijasida 26-yanvar kuni «Qubayta» mahallasida ilk oilaviy mehmon uyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Qoʻmita masʼullari ishtirokida Sergeli tumani, Saʼdiy koʻchasi, 5-4 uyda joylashgan «Abbosxonovlar» oilaviy korxonasi tomonidan tashkil etilgan oilaviy mehmon uyining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. 

Mazkur oilaviy mehmon uyi 5 xona va 10 oʻringa moʻljallangan boʻlib, xonadon sohibiga oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestridan koʻchirma taqdim etilib, Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi 631-sonli qaroriga asosan turizm faoliyati subyektlarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga doir qator topshiriqlar koʻrsatib oʻtilgan. 

Shu oʻrinda, mintaqalarning sayyohlik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, dam olish va turizm uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, turizm xizmatlari koʻrsatish sohasida yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholi bandligi va farovonligini oshirish maqsadida Toshkent shahrida ham oilaviy mehmon uylari faoliyatini yoʻlga qoʻyish kabi samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 

Toshkent shahrining barcha tumanlari kesimida oilaviy mehmon uylarini tashkil etish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlari davom etmoqda.