Shulardan eng afzali va dunyo koʻchatchiligida mashhuri in-vitro usulidir. Mazkur atama “shisha ichida” maʼnosini anglatishidan maʼlumki, oʻsimliklar maxsus idishlarda yetishtiriladi. Uning anʼanaviy koʻchatchilikdan farqi nimada? Keling, dastlab ushbu savolga javob izlab koʻramiz.
Anʼanaviy koʻchatchilikda yilning muayyan davridagina koʻchat tayyorlash mumkin. Shu bilan birga, urugʻ ekish, uning unib chiqishiyu hosilga kirishi uchun anchagina vaqt talab etiladi. Buning ustiga, oʻsimlik urugʻ olingan asos bilan bir xil hosil bermasligi mumkin. In-vitro laboratoriyalarida esa yilning istalgan vaqtida hosildorligi kafolatlangan oʻsimlikni parvarishlasa boʻladi. Bu biotexnologiyalar yoʻnalishida katta yutuq. Shu jihatdan mazkur usulning imkoniyatlari yuqori va bu borada yurtimizda muayyan ishlar qilinmoqda.
Bitta shoxchadan 10 mingtagacha koʻchat...
Innovatsion hudud sifatida tanlab olingan Marhamat tumanida ilm-fan yutuqlari hamda mahalliy olimlarning yangi ishlanma va tashabbuslari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani yaxshi samara bermoqda. Xususan, “Ipak koʻchat klaster” fermer xoʻjaligi bazasida respublikamizda yagona boʻlgan tutchilik yoʻnalishidagi in-vitro laboratoriyasi ishga tushirilgan.
Ipak qurti ozuqa bazasini kengaytirish va sifatini yaxshilash, shu orqali yuqori hosil yetishtirishini koʻzda tutuvchi loyiha natijasida yangi tut navi mahalliy ipak qurti boquvchilarga yetkazib berilmoqda.
— Zamonaviy biotexnologiyalar yordamida 1 ta shoxchadan bir oy davomida 10 mingtagacha koʻchat yetishtirish mumkin, — deydi loyiha rahbari Abdupatto Musurmonqulov. — Bunda oʻsimlik va hujayralarning muhim formalari ajratib olinadi. Natijada koʻchat yetishtirish jarayoni tezlashadi. In-vitro laboratoriyalari zamonaviy genomika va bioinformatika, biotexnologiya usullaridan foydalanib, qimmatli genlar hamda oqsillar tuzilishini oʻrganish, ilmiy izlanish qilish imkonini beradi. Anʼanaviy yoʻllar bilan qiyin koʻpayadigan oʻsimlik koʻchatini tayyorlash nisbatan osonlashadi.
“Ipak koʻchat klaster” laboratoriyasida yetishtirilgan koʻchatlar xorijnikiga nisbatan bir necha barobar arzon. Yana bir jihati, chetdan olib kelinadigan tut koʻchati faqat duragay boʻlib, unib ketishi kafolatlanmagan. Klaster huzurida koʻchatning ildiz olishi, tuproq sharoitiga moslashishi uchun maxsus issiqxona barpo etilgani bu boradagi ishonchni yanada oshiradi.
Hosil 1,5-2 barobar koʻpayadi
— Zarur sharoitlar yaratilgan laboratoriyada ham son, ham sifat jihatidan nav tozaligi kafolatlanadi, — deydi A.Musurmonqulov. — Shu omillar tufayli “Oʻzbekiston duragayi”, “Hybrid Uzbekistan”, “Marhamat —1” kabi serhosil tut navlari yaratildi. Bugungi kunda mamlakatimiz ipakchiligi ozuqa bazasi, asosan, oʻrtacha hosil beruvchi, erkin changlangan duragay tutlardan iborat, yaxshi navli tut nisbatan oz. Mazkur laboratoriyada esa 6 oyda 100 mingdan 130 ming tupgacha shunday tut koʻchati tayyorlash imkoniyati mavjud. Bir gektar tutzordan olinadigan barg hosili xashaki va duragay tutlarnikiga nisbatan 1,5-2 barobar yuqori boʻladi. Muhimi, davlat reestriga kiritilgan, turli hududlarda koʻpaytirishga moʻljallangan navdor va kasalliklardan xoli koʻchat oʻzimizda yetishtirilyapti. Tayyor koʻchat yurtimizda ipak qurti ozuqa bazasi sifatini yaxshilash va hosildorlikni oshirishda muhim omil boʻlmoqda. Aslida loyihadan koʻzlangan maqsad ham shu edi.
Koʻchatchilik klasteri qoʻshni davlatlarga mahsulot eksport qilishni boshlagan. Xususan, oʻtgan yilda “Hybrid Uzbekistan” navli tut koʻchatlari Qozogʻistonga yetkazib berilgan edi. Joriy yil kuz faslida yana 300 ming dollarlik mahsulotga buyurtma olingan.
Yana bir eʼtiborli jihati, in-vitro usuli uchun katta maydon shart emas. Meva-sabzavotlarning ham, gullarning ham, katta daraxtlarning ham koʻchati dastlab kichik shishalarda tayyorlanadi.
Prezidentimizning 2020-yil 25-noyabrdagi qaroriga muvofiq, 2020 — 2024-yillarda biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgani bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirmoqda.
Kafolatlangan nav qanday yaratiladi?
Xorazm viloyati Urganch innovatsion tumanida tashkil etilgan “Bene Fruits” MCHJda ham intensiv usulda koʻchat yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Hozir laboratoriyada, asosan, shaftoli, olxoʻri, oʻrik va nok ildizpoyalari, uzum, yongʻoq, pista, kivi va manzarali oʻsimliklar koʻchatlari tayyorlanyapti. Oʻsimlik yetishtirishning barcha turlari klonal tarzda amalga oshirilmoqda. Yiliga 5 million dona koʻchat tayyorlash quvvatiga ega korxonada 65 kishi ish bilan taʼminlangan.
— Xorazm viloyati mevali bogʻlar barpo etish uchun juda katta imkoniyatga ega, — deydi Innovatsion rivojlanish agentligi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Oybek Otamurodov. — Ehtiyoj xorijdan olib kelingan koʻchatlar hisobiga qoplansa, oʻz-oʻzidan qator muammolar yuzaga keladi. Chunki bunda koʻchatlar bilan birga kasallik va zararkunandalar kirib kelishi, yoʻlda yaroqsiz boʻlib qolish ehtimoli yuqori boʻladi. Mahalliy laboratoriya mana shunday muammolarga yechim boʻldi.
“Bene Fruits” MCHJ jamoasi “Nukus yoshlar texnoparki” MCHJ bilan “Orol dengizining meliorativ holati va oʻstiriladigan oʻsimliklar populyatsiyasini aniqlash” loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilmoqda. Yaʼni Orol dengizining qurigan tubiga ekiladigan shoʻrga chidamli kapari, menengis, lavanda, gleditsiya, palma kabi oʻsimliklar urugʻlari laboratoriyada undirilib, koʻchat holida yetkazib berilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilda dunyo bozorida biotexnologiyalar sohasidagi xizmatlar qiymati 859,94 milliard AQSH dollariga baholangan. 2030-yilga borib bu koʻrsatkich 1,7 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Anglanadiki, soha — serdaromad. Uning rivoji uchun amalga oshirilayotgan ishlar oʻz samarasini bermay qolmaydi.
Feruza JOʻRAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri