Xizmatkordan chiqqan  boy

Yorqoʻrgʻon Namangan viloyatining Uychi tumanidagi qadimiy qishloq. Uning markazida Qambarali boy masjidi joylashgan. Kayvonilarning aytishicha, yetim yigit Qambarali shu qishloqda bir boyning xizmatkori boʻlgan, halolligi, mehnatkashligi uchun boy uni oʻziga kuyov qilib olgan. 

Yillar oʻtishi bilan Qambarali mehnati, tadbirkorligi, qolaversa qaynotasining koʻmagi bilan katta ekin dalalari, paxta zavodi, chorvaga ega boʻldi. Kambagʻalparvarligi, yoshi ulugʻlarni, ilm ahllarini hurmat qilishi, marosimlarda boy va faqirlarni teng koʻrishi, saxiy, bagʻrikengligi bois diyonatli inson deb nom qozonadi.

Taqdir izn soʻramaydi

Qambaraliboy birinchi ayolidan bir oʻgʻilli boʻladi, ismini Sherxon qoʻyadi, biroq ayolidan boshqa zurriyod koʻrmaydi. Keyin u qishlogʻidan Risligʻoy ismli qizni nikohiga oladi. Ular 4 qiz – Achaxon, Habibaxon, Karimaxon, Otikaxon hamda 4 oʻgʻil – Abdukarim, Ahmadali, Sadbarali, Abdurahimjon ismli farzandlarni voyaga yetkazadi. Qambaraliboy farzandlarini ziyoli, gʻayratli, yaxshi insonlar qilib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratadi. Toʻngʻich farzandidagi iqtidorni koʻrib, uni Namangan madrasasida, keyin Buxorodagi Mir Arab madrasasida oʻqitadi.

Shoʻrolar hukumati tuzilib, mulkdorlarga hujum boshlangach, boy oʻziga tegishli yerlarning bir qismini xizmatkorlariga beradi. Uning qolgan yer-mulki, zavodlari tortib olinib, oʻzi ayoli Risligʻoy va farzandlari bilan Uchqoʻrgʻon choʻllariga koʻchiriladi. Bir kuni Qambaraliboy qishloqdagi hovlisida qolgan katta oʻgʻli  Sherxondan xabar olgani kelib, oʻgʻliga:

— Sen faqat ilm berish bilan shugʻullanyapsan, senga davlat hech nima qilmaydi, chunki sen boy emassan, koʻnglingni boʻlmay, oilang bilan shu yerda yashab, xotirjam ishlayver, — deydi. Keyin xayrlashib qishloqdan chiqib ketadi. Uning keyingi taqdiri nomaʼlumligicha qoladi.

Mulla Sherxon oʻz davrining yetuk din peshvosi boʻlib, arab, fors tillarini mukammal bilgan, fiqh, tafsir va hadis ilmini egallagan ulamo, nufuzli shaxs hisoblangan. Ayoli Adolatxon bilan Inoyatxon, Nurmatjon, Hamidjon, Saodatxon, Yoqubjon va Gʻulomjon (u goʻdakligida vafot etgan) — ikki qiz, toʻrt oʻgʻil farzandni voyaga yetkazgan.

Surgun

Qambaraliboy bir kechada daraksiz ketgach, 1931-yili sovet hukumati uning oʻrniga oʻgʻli mulla Sherxonni oilasi bilan va uchinchi oʻgʻil Ahmadalini Ukrainaga surgun qiladi. Quloq qilinganlarning barchasini vagonlarga joylab, Ukrainaning Nikolayev va Xerson oblastlariga olib kelishadi. Mulla Sherxon oilasi Xerson oblastining Skadovskiy rayonidagi qishloqqa joylashadi.

Mulla Sherxon tashabbusi bilan yuqori tashkilotlarga talabnoma yoziladi. Talabnomaga koʻra, 1–10-sinflar uchun oʻzbek maktablari ochiladi. Shu yerda ham chaqimchilar boʻlib, “Mulla Sherxon nikoh oʻqiydi, bolalarga yashirincha diniy bilim beradi”, degan chaquv bahonasida oila boshligʻini tez-tez soʻroqqa chaqirib turishadi.

1937-yil 6-sentyabrda Odessa NKVD boshqarmasi “uchligi”ning qarori bilan “quloq”larning aksilinqilobiy guruhi aʼzosi boʻlgan, yashirin yigʻilishlar oʻtkazgan, kommunistik partiya toʻgʻrisida tuhmat-boʻhtonlar tarqatgan degan tuhmatlar bilan Sherxon Qambaraliyev 10 yil ozodlikdan mahrum etiladi.

 Nihoyat, mulla Sherxonning katta oʻgʻli Nurmatjon 10-sinfni tamomlagan yili quloq qilinganlar rasmiy oqlanadi. Hamma koʻchirilganlar qalbini oʻz yurtiga qaytishdek quvonchli umid qamraydi. Buyruqda yigitlar Oʻzbekistonga kelib, oʻqishini davom ettirsin, degan ilova boʻlib, davlatning maqsadi yigitlarni oiladan ajratish edi.

Algʻov-dalgʻovli damlar

Oʻzbeklar oʻsha yerda ham yer bilan tillashib, dehqonchilik qiladi. Bugʻdoy, kartoshkadan moʻl hosil olib, paxta yetishtirishni yoʻlga qoʻyadi. Oilaning katta qizi Inoyatxon dalada ishlaydi,  Hojiahmad ismli traktorchi yigitga turmushga chiqadi. Inoyatxon oʻta shijoatli, ishning koʻzini, rus tilini yaxshi bilgani uchun ayollar brigadasiga rahbar etib tayinlanadi. Keyinchalik Ukraina Oliy Soveti deputatligiga saylanadi.

Adolatxonning kenja oʻgʻli Gʻulomjon Ukrainada tugʻiladi, lekin oilaga quvonch bagʻishlagan goʻdak ozgina umr koʻrib, olamdan oʻtadi. Yana bir oʻgʻli Yoqubjon 9 yoshida muzda yiqilib, oyogʻi sinadi, doktor yoʻqligi tufayli onasining oʻzi davolashi natijasida bolaning suyagi notoʻgʻri bitib, choʻloq boʻlib qoladi.

Keyin Ikkinchi jahon urushi boshlanadi. Oʻsha kunlarda “Hamma oʻz yurtiga ketarkan”, degan xabar tarqaldi. Barcha qatori Adolatxon oilasi ham yoʻl tadorigini koʻrib, ne azobda tiklagan mulklarini shundayligicha tashlab yoʻlga tushadi. Oblast markazidagi vokzalga kelishganda  oiladagi erkaklargina Oʻzbekistonga joʻnatiladi, qolganlar esa orqaga qaytadi degan xabar eshitishdi. Poyezd joʻnashiga yarim soat qolgan. Oʻshanda mushtipar onalarning, qizu kelinlarning faryodi olamni tutadi, Nurmatjon zoʻrgʻa xayrlashib, poyezdga ulguradi. Adolatxon dod soladi, oʻsha yerdagi harbiy kishi osmonga oʻq otib baqirgach, yigʻilganlarning shovqini oʻchadi.

Oʻn olti kun oʻrada

Oila qaytib kelsa, loʻlilar uylarni talagan, hamma yoq vayrona, eshik, oynalar singan... 1941-yil 22-iyunda nemislar sovetlar hududiga bostirib kiradi. Erkaklar jangga safarbar etiladi.

Oʻsha damda maktab-internatni endigina tugallab, shu yerda direktorlik qilayotgan Homidjon va traktorchi kuyov Hojiahmad muhim vazifani oʻtayotganlar qatorida urushga olinmaydi. Keyinchalik ular Oʻzbekistonga ketishadi. Nurmatjon esa Uchqoʻrgʻondan urushga yuboriladi.

Qishloq  front ichida qoladi. Yashab turgan uylari oldida okoplar qaziladi, ishga yaroqli jon borki, qoplarga qum toʻldirish, undan devor yasash bilan shugʻullanadi. 1942-yilning kuzida nemislar qishloqni toʻla egallaydi. 1943-yilga kelib nemislar chekinayotib, atrofni vayronaga aylantirishadi. Oʻshanda “Yosh qizlarni Germaniyaga olib ketar ekan”, degan gap tarqaladi. Shunda bechora ona 15 yoshli qizi Saodatxonni oʻn olti kun oʻrada saqlaydi. Fashistlar ketgach, koʻplab odamlar ular tashlab ketgan granata, minalar tufayli halok boʻladi.

Qishloqni egallagan sovet askarlari orasida bir oʻzbek yigiti bor edi. Adolatxon undan oʻgʻli Nurmatjon haqida soʻraydi. Oʻzbek askar Nurmatjon bilan birga jang qilganini, u yaralanib gospitalda davolangach, Oʻzbekistonga yuborilganini aytadi. Agar manzili boʻlsa, unga xat yozib berishsa, oilasi, onasi toʻgʻrisidagi xabarni yetkazishini bildirgach, ona darhol  qizi Saodatga xat yozdiradi.

Qishloqda yoppasiga terlama kasali boshlanadi. Oilaning asosiy yordamchisi boʻlgan kichik qizi Saodatxon xastalikka chalinadi. Shifoxonalar bemorlarga toʻlib-toshgan, joy yoʻqligidan zalda yotib davolanadi. Onasi qizi tirik qolganiga shukur qilib, turli damlamalar ichirib, farzandi hayotini saqlab qoladi.

Yurtga qaytish

Kunlarning birida Saodat nomiga maktub keladi. Unda yozilishicha, Nurmatjon tuzalib, gospitaldan chiqqan, Hamidjon Uchqoʻrgʻon tumanidagi 1-oʻrta maktabda direktor, Hojiahmad sovxozda traktorchilik qilayotgan ekan. Avgust oyida Nurmatjon onasi qoshiga yetib keladi va Ukrainadagi barcha qarindoshlarini, jami 19 kishiga hujjat tayyorlab, ona yurtiga qaytarish taraddudiga tushadi...

Ular olti kun deganda Uchqoʻrgʻonga kirib keladi. Nurmatjon tumandagi 17-maktabga direktor etib tayinlanadi. 1953-yilda Fargʻona pedagogika institutining fizika-matematika fakultetini bitiradi. 1958–1959-yillarda tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri lavozimida ishlaydi. Ominaxon ismli qizga uylanib, 7 farzandli boʻlishadi.

Alam oʻtgach...

…Oʻtgan asrning 80-yillari boshlarida Nurmatjon akaning toʻngʻich farzandi Tursunboyni davlat xavfsizlik qoʻmitasiga ishga taklif etishdi-yu, ishga olishmaydi. Chunki yosh, gʻayratli, hamma chigʻiriqlardan oʻtgan yigitning tarjimayi holida “xalq dushmanining nevarasi” degan tamgʻa bor edi. Hujjatlar rasmiylashtiriladi, suhbatlar boʻladi, ammo nega ishga olinmagani sir tutiladi. Nurmatjon aka suyanchigʻi boʻlib qolgan toʻngʻichining ichini alam tirnaganini his qildi-yu, beaybligini isbotlashga  bel bogʻlaydi.

Taqdirning  ogʻir sinovlaridan oʻtgan urush qatnashchisi, xalq taʼlimi fidoyisi yana toʻsiqlarga uchraydi. Shunday boʻlsa-da, otasi “quloq qilingan” joylarga xat, ariza, soʻrovnoma yozishdan charchamaydi. Yozishmalar Rossiyaning olis Uxta shahridan tortib, Ukrainaning Xerson oblastigacha yuboriladi. Nihoyat u Xerson oblast sudi raisi V.I.Jadanenkodan quyidagi xatni oladi. 

“1886-yili Oʻzbekiston Respublikasi Namangan shahrida tugʻilgan Qambaraliyev Sherxon hibsga olingunga qadar Xerson oblast, Skadovskiy rayonidagi 1-paxtachilikka ixtisoslashgan sovxoz ishchisi boʻlgan va shu yerda istiqomat qilgan, 1937-yil 16-sentyabrda unga nisbatan Odessa NKVD qoshidagi “uchlik” tomonidan chiqarilgan hukmni Xerson oblast sudi oʻzining 1979-yil 19-noyabrdagi qarori bilan reabilitatsiya qilgan”.

Qariyb uch yil mobaynida tegishli idoralardan kelgan javoblardan yana shu narsa ayonlashdiki, uning otasi Sherxon Qambaraliyev 1943-yil 6-avgustda vafot etgan, Komi ASSR, Pechora shahridagi “Nagibni” qabristoniga dafn etilgan ekan.

— Oʻshanda 1980-yil 17-iyun edi, — deya xotirlaydi Tursunboy aka. — Buvim Adolatxon ayaning vafotiga 20 kun boʻlgan. Dadam birdaniga otasi yashagan, vafot etgan joylarga borishni xohlab qoldi. Bu yoqda marosimlarni oʻtkazib, qoʻlimiz ham kaltalashgan. Ziyoratni biroz keyinga surishni soʻradim. Biroq yuzlarida tabassum bilan “Oʻgʻlim, lotereyamga “Zaporojes” chiqqan, shuning pulini olib kelsang safarga ham bemalol yetardi-da”, deb qoldi. Xudoning berganini qarang. Keyin Rustamjon ukam bilan yoʻlga otlanishdi. Qariyb bir oy davomida Ukrainaning Xerson oblasti   Skadovskiy rayonida  boʻlib, bobom yashagan joylar, qoʻni-qoʻshni boʻlgan odamlar bilan suhbatlashib, olam-olam taassurotlar bilan qaytishdi. Pechora shahridagi bobom dafn etilgan qabrdan bir siqib tuproq olib kelishdi.

Uyga kelgach, Nurmatjon aka hamma qarindoshlarni jamlab, bitta avtobusda bobosi va otasi yashagan Uychi tumanidagi Yorqoʻrgʻon qishlogʻiga borishadi. Mulla Sherxonning qabridan olib kelgan tuproqni kindik qoni toʻkilgan joyga qoʻshishdi.

Bosh omon boʻlsa...

Ommaviy surgunlar, qatagʻon, yurtdan-yurtga koʻchirib, bevatan qilishlar sobiq shoʻro tuzumi mafkurasining asosi edi. Ularning “qora daftari” roʻyxatiga kiritilgan Sherxon otadek ilmli, ziyoli, tadbirkor kishilar ana shunday qiynoqlarga uchragan, uzoq yurtlarga surgun qilingan.

Zamonlar oʻzgarib, Sherxon Qambaraliyev avlodlari Uchqoʻrgʻonda unib-oʻsib, ozod va obod yurtda yashamoq baxtiga ham erishdi. Nurmatjon aka “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi” unvoni, qizi Ozodaxon “Shuhrat” medali, oʻgʻli Tohirjon “Doʻstlik” ordeni, Hasanboy Otavaliyev “El-yurt hurmati” ordeni, Nurdinjon Ismoilov “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist” unvoni bilan taqdirlandi.

Ha, bosh omon boʻlsa, yaxshi-yomon kunlar oʻtaveradi. Rizqini mehnati bilan topib, el orasida hurmatga sazovor boʻlganlarga har qancha havas qilsak, arziydi, albatta. Ana shunda tinchlikning, ozodlikning qadri yanada ortaveradi.

Azizaxon AMIRHAMZAEVA

 (Sherxon Qambaraliyevning nabirasi),

Jahongir TOʻXTASINOV,

jurnalist