O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyati hududiy birlashmasiga Navoiy viloyat ko'ptarmoqli tibbiyot markazining bir guruh shifokorlari tomonidan yozma murojaat kelib tushdi.

Murojaatda qayd etilishicha, Navoiy viloyat ko'ptarmoqli tibbiyot markazining bir guruh shifokorlari tajriba almashish va hamkorlik o'rnatish maqsadida shu yilning aprel` oyida Hindiston davlatiga bir haftalik safarga borib kelish uchun Navoiy shahri I.Karimov ko'chasi, 52-uyda joylashgan "Omad Avia" MCHJdan 33 000 000 so'm to'lab aviachipta sotib olgan. Biroq karantin sababli reyslar bekor qilingach, 2020 yil 1 iyulidan depozit vaucherlarini rasmiylashtirish orqali to'lov qaytarilishi ta'kidlangan bo'lsa-da, shifokorlar 5 oydan buyon pullarini ololmay, ovorayu sarson bo'lgan.

Mazkur murojaat Navoiy shahri iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o'rganilib, iste'molchilarning umumiy hisobda 33 000 000 so'm miqdoridagi mablag'lari qaytarilishiga erishildi.