Ushbu goʻzal satrlar ila boshlanuvchi goʻzal sheʼr sakson yildan oshibdiki, xalqimiz orasida tillardan tushmay, dillardan oʻchmay kelyapti. Mana shunday hayotbaxsh, umrboqiy sheʼrlari bilan qalblarga yoshlik zavqi, baxt sururini ulasha olgan Hamid Olimjon tavalludiga 111-yil toʻldi.
Ayni munosabat bilan “Hamid Olimjon merosi” mavzusida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari ham shodlik va baxt kuychisining qalb tubidagi inja tuygʻularini qaytadan kashf etdi, desak xato boʻlmaydi.
Tadbir buyuk ijodkorning Adiblar xiyobonidagi ramziy siymosi poyiga gul qoʻyib xotirlash bilan boshlandi. Konferensiyani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvoxitov tabrik soʻzi bilan ochdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid Hamid Olimjon va unga ijodiy yuksaklik baxsh etgan Zulfiyaxonimning boy maʼnaviy meroslari haqida soʻzlar ekan, konferensiyaning yuksak maʼnaviy ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.
Ilmiy-amaliy tadbir davomida tojikistonlik sanʼatshunoslik fanlari doktori Asliddin Nizomov, ozarbayjonlik filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Agshin Dadashzade, Boku musiqa akademiyasi professori Zumrud Axundova, Ozarbayjonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Zoxra Aliyevalar Hamid Olimjonning oʻziga xos, serqirra ijodi tojik va ozar xalq adabiyotida ham oʻz oʻrniga ega ekanligini eʼtirof etishdi. Ulugʻ shoirning goʻzal satrlarini tojik va ozar tillaridagina emas, oʻzbek tilida ham oʻzgacha hurmat va zavq bilan yodga oldilar.
Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev oʻz soʻzida Hamid Olimjon va Zulfiyadek sadoqatli juftlikni ijodda bir-biridan ayro tasavvur qilib boʻlmasligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Bu ikki ijodkor bilan bogʻliq voqealar, xususan, “Sadoqat” operasining yozilish tarixi haqida hayajon bilan soʻzlab berdi. Ayniqsa, Hamid Olimjon vafoti aniq boʻlganda Zulfiyaxonimning Doʻrmonga chaqirtirilgani, shoirning yaqin doʻstlari, shifokorlarning indamay bosh egib turgandagi holatidan yaralgan “Seni jonsiz koʻrdim-u”, deb boshlanuvchi sheʼrni tinglab, beixtiyor koʻzlarda yosh qalqdi. Operada ana shu holatlarning ham aks etgani uning tabiiyligini taʼminlaganini ishtirokchilar yana bir bor tan oldilar.
Falsafa fanlari doktori Gulnora Mansurova tomonidan Zulfiyaning oʻzbek va rus tillarida jaranglagan “Bahor keldi seni soʻroqlab” sheʼri esa tadbirga yana-da jozibadorlik kasb etdi. Shuningdek, konservatoriya oʻqituvchilari Rustambek Abdullayev, Tatyana Rasulova, Javlon Rajabiylar ham oʻz maʼruzalarida Hamid Olimjonning buyuk ijodiy merosini oʻrganish yoshlarda hayotga muhabbat, sadoqatni tarbiyalashda muhim omil boʻlishini taʼkidladilar.
Kun tartibidagi maʼruzalardan soʻng konferensiyaning badiiy qismi boshlandi. Dastlab namoyish etilgan konsert dasturida Hamid Olimjon sheʼrlari asosida yaratilgan kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Dastur soʻngida shoir sheʼrlariga yozilgan eng yaxshi qoʻshiq, romans, ariyalar, Hamid Olimjon mavzusiga yozilgan eng yaxshi musiqiy asar boʻyicha respublika miqyosidagi tanlovlar gʻoliblariga sertifikatlar topshirildi. Konferensiya ishtirokchilariga esa Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi tomonidan tayyorlangan esdalik sovgʻalari ulashildi. Konferensiyaga tashrif buyurgan Hamid Olimjon va Zulfiyaning qarindoshlari va yaqinlari Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va konservatoriya rahbariyatiga tadbirni tashkillashtirganlari uchun chuqur minnatdorlik bildirdilar.
Tadbir rejissyor Ruslan Salimov tomonidan sahnalashtirilgan “Hamid va Zulfiya” nomli hujjatli film namoyishi bilan yakunlandi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri