Buyuk hukmdor Amir Temur hayoti va faoliyatini oʻrganish, temuriylar davlatining vujudga kelishidagi xizmatini xalqqa yetkazish ishlari mustaqillikka erishganimizdan soʻng jadallab ketdi.

Mustaqillikka qadar buyuk sohibqiron haqida tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si chop etilgan edi. A.Temur faoliyatini oʻrganish, tadqiq etishga ruxsat boʻlmagan. Shunday boʻlsada, 1968-yili falsafa fanlari doktori, professor I. Moʻminov “Amir Temurning Oʻrta Osiyo tarixida tutgan oʻrni va roli” nomli risolasini nashr ettiradi. Risola ilm ahli ichida tortishuvlarga sabab boʻladi. Olimning risolasi mutaxasisilar eʼtirofiga sazofor boʻlgan boʻlsada, zamon talabiga koʻra tanqidga uchraydi. Lekin, oradan 50 yil oʻtgandan soʻng olim I. Moʻminov boshlagan ish xayirli ekanligini vaqt koʻrsatdi. Mustaqillik bergan erkinlik tufayli A. Temur xizmatlari haqida oʻnlab tadqiqotlar yaratilib, buyuk Sohibqiron nomi baralla yangray boshladi.

Tarixchi olim A. Muhammadjonovning “Amir Temur va Temuriylar saltanati” tarixiy ocherki hamda, N. Ahmedovning “Amir Temur Rivoyat va haqiqat” kitoblarida buyuk jahongir xizmati tarixiy manbalar asosida hikoya qilib berilgan.

Biz muzeyimizning yangi namoyishgohi uchun manbalar tanlayotib, buyuk Sohibqiron A. Temur hayoti va faoliyati hamda maʼlumotlar kiritilgan qoʻlyozma toʻplamini aniqladik. 636-saqlanish raqamli bu kitob “Ixtisorul-axbor” (qisqartirilgan xabarlar) nomli boʻlib, u Muhammad Yorbek ibn arab Qatagʻon tomonidan yozilgan. Forsiy tilda bitilgan bu qoʻlyozma 1736-yili Muhammad Fuzayl volodi Abulfayz kitobdor tomonidan koʻchirtirilgani aytilgan.

Qoʻlyozma 270 bet boʻlib, taʼmirlangan. Matn toʻla saqlangan. Kitobning 1-sahifasida “Mulla Akbarhoji Roshidoniy deb eslatma yozilgan. Bu xat kitob rishtonlik Akbarhojiga tegishli ekanini bildiradi.

Kitobning kirish qismi-mundarijasida muallif olim-fuzololar, shohlar haqidagi qisqa xabarlarni bitganini alohida taʼkidlagan. Qoʻlyozma bilan tanishgan chogʻimizda haqiqatdan muallif xonlar, olimlar, xattotlar haqida maʼlumot berganini koʻrdik. Ayniqsa, sohibqiron A. Temur avlodlari, yurishlari, faoliyati haqidagi maʼlumotlar alohida qimmatli. Chunki 300-yil avval bitilgan kitobda hukmdor A. Temur haqida ijobiy fikrlarning bildirilishi kishini toʻlqinlantiradi.

Biz 1998-yili chop qilingan “Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi sharq qoʻlyozmalar toʻplami” katalogi bilan tanishganimizda topilma kitob xaqida manba uchramadi. Bu esa “Ixtisorul-axbor”(“Qisqa xabarlar”) kitobi yangi tarixiy asar boʻlib Amir Temur xaqida yangi maʼlumotlar beradi.

X. Otajonov,

Qoʻqon adabiyot muzeyi fond mudiri