Bugun gazetxonlarimizga kitobdagi ana shu yombi fikr va hikmatlarning ayrimlarini havola etayapmiz.

* * *

Tugʻilgan uyimdan birinchi bor uzoq safarga yoʻl oldim. Onam tokchaga chiroqni yoqib qoʻydi. Men ketar ekanman, ortga qaradim, yana yoʻl bosib ortga qaradim, tumanlararo derazamiz tokchasidagi chiroq yogʻdusiga koʻzim tushdi.

Shu kichkina derazadan taralgan yogʻdu mamlakatlar osha, yillar osha mening yoʻlimni yoritib turdi. Men tugʻilgan uyimga qaytib kelgach, shu kichkina derazadan tashqariga qaradim. Koʻz oldimda bepoyon dunyo, oʻtgan yoʻllarim, yillarim gavdalandi.

Qayga bormay ona yurtimga oʻxshash jihatlarni izlayman. Hindistonga safarim chogʻida ham Dogʻiston haqida oʻyladim. Bu mamlakatning qadim madaniyati va falsafasi sirli ovozda ona yurtim haqida shivirladi. Mening bu gaplarimga ishonsangiz boʻladi, chunki endilikda dunyoning hamma joyida Dogʻiston haqida eshitish mumkin. Shunday zamonlar ham boʻlgan “Dogʻiston” soʻzi kimsasiz dara va choʻllarda aks sado bergan. Endilikda bu soʻz butun mamlakatda, dunyoda jarang­lab, millionlab yuraklardan joy oldi.

Men Dogʻistonim haqida Nepaldagi yigirma ikkita shifobaxsh bulogʻi bor budda ibodatxonasida ham oʻyladim. Ammo Nepal misoli sayqallangan olmos, shu bois, uni Dogʻiston bilan qiyoslay olmayman. Chunki Dogʻiston olmoslari bilan endigina bir necha oyna kesildi.

Men Dogʻistonim haqida Afrikada ham oʻyladim. U menga chorak qismi qindan sugʻurilgan xanjarni eslatdi. Boshqa mamlakatlar – Kanada, Chili, Angliya, Ispaniya, Yaponiyada boʻlganimda ham Dogʻistonim haqida oʻyladim, ular oʻrtasidagi oʻxshashlik va tafovutlarni izladim.

Kunlardan bir kuni, Xorvatiya boʻylab qilgan safarim chogʻida Adriatika dengizi sohilidagi Dubrovnik shahriga bordik va bu shahar meni hayratga soldi. Bu shahardagi uy va yoʻlaklar daradagi qoyalarni va togʻ soʻqmoqlarini eslatardi, har joyda toshli maydonchalar bor edi, uylarning eshiklari xuddi oʻyilgan gʻor ogʻziga oʻxshab ketardi. Oʻrta asrlarga xos bu uylar va yodgorliklar qarshisida zamonaviy binolar qad rostlagandi.

Butun shahar bizning Darbandga oʻxshab toshlar bilan oʻralgandi. Tor yoʻlaklarda devorlarni ushlab, toshli zinapoyalardan yurdim. Devor boʻylab bir xil masofada minoralar qurilgandi. Har bir minora tepa qismida inson koʻziga oʻxshash ikki shinak bor edi. Goʻyo bu minoralar imomning muttasil qoʻriqchilik qiladigan sergak muridlariga oʻxshardi.

Men devorga suyanib bitta minoraning shinagidan ichkariga qaramoqchi boʻldim. Yoʻlakda turistlar tinimsiz qatnashayotgani uchun tuynukka yaqinlashishga imkon berishmadi. Uzoqdan shinaklarda koʻk narsani koʻrdim. Bu koʻk narsa tuynuk oʻlchami boʻlib, kattaligi kaftday kelardi.

Bir amallab shinakka yaqinlashdim, tuynukdan qarab hayratlanib qoldim, tashqarida Adriatika dengizi yanvar quyoshi nurlarida jilolanardi. Dengiz faqat koʻm-koʻk emas, turli ranglarda tovlanardi. Toʻlqinlar shovillab tosh devorga urilar va yana gumburlab orqaga qaytardi. Dengizda kemalar suzardi, har birining kattaligi bizning ovulimizcha kelardi.

Men qancha vaqt katta olamni koʻrish uchun turna qator turistlar orasida navbatda turdim va nihoyat tuynukka yaqinlashib uzoqlarga qaragan paytimda yana Dogʻistonimni oʻyladim.

Axir, u ham oʻz navbatini kutib turna qatorda turdi. Unga ham oldida turgan baxtiyorning baland yelkasi xalaqit berdi. Endi u oʻz urf-odatlari, qoʻshiqlari, madaniyati qadriyatlari bilan keng olamga yoʻgʻrilib ketdi.

MAVZU HAQIDA. Menga bolaligimdan bitta manzara yoqadi. Otamakon uyimning derazasi ochilishi bilan togʻ yon bagʻridagi yam-yashil kenglik koʻrinadi, goʻyo ovul oyogʻi ostiga yozilgan poyandoz. Qoyalar unga taʼzim bajo qilishib qarab turishganday tuyuladi. Bolaligimdan togʻ yon bagʻridagi soʻqmoqlar ilonlarni, daradagi gʻorlarning ogʻzi yirtqichlarning ogʻzini eslatadi. Olis togʻlarning qoyalari bir-biriga suyanib olishgan. Tepalari dumaloq, qoramtir, tuyaning junli oʻrkachiga oʻxshaydi.

Endi-ku bilaman, Shveysariya yoki Neapal togʻlarida bundan chiroyli manzarali joylar bor. Lekin qayerda boʻlmay, qaysi tabiat goʻzalligiga qaramayin koʻrganlarimni bolaligimda otamakon uyimning derazasidan xayolimni oʻgʻirlagan manzaraga solishtiraman va koʻz oldimda qarshimdagi namoyon tabiat goʻzalligi oʻrnida oʻsha bolaligimdagi manzara jonlana boshlaydi. Agar qandaydir sabab bilan xotiramda ovulim va uning atrofidagi manzara yashamaganda men uchun dunyo yuraksiz koʻkrak qafasiga, qorachigʻi yoʻq koʻzga, tilsiz ogʻizga, qushsiz uyaga oʻxshardi.

Bu mavzuimni ovulimning chegarasi, hovlimning kegarasi bilan belgilayman va shu chegara–kegaralarda baland devor tiklayman deganim emas.

Shunday dalalar bor, plugda chuqur shudgor qilganingdan keyingina yumshoq tuproq boshlanadi. Shunday dalalar bor, plugda ustki qavatini shudgor qilishing bilan toshloq qismi koʻrinadi. Shunday dalalar bor, ularni shudgor qilish shart emas. Chunki toshloq shundoq koʻzga tashlanib turadi. Baribir bunday dalalarda hosil olib boʻlmaydi.

Ona tuprogʻimga boʻlgan mehrimni endi beminnat ishlagan ot kabi bogʻliq holda ushlab turmoqchi emasman, uni yam-yashil yaylovga erkin qoʻyib yuborish kerak. Men otning yuganini olaman, boʻyniga shappatilab urib silab qoʻyaman, mayli, oʻtlasin, kuch toʻplasin. Mening tuproqqa, Vatanga boʻlgan mehrimda ham yaylovda erkin oʻtlab yurgan otga oʻxshash ezgulik bor.

Men dunyodagi barcha hodisalarni, Vatanga boʻlgan mehrimni faqat oʻz uyimda, oʻz ovulimda, oʻz Dogʻistonimda his qilish bilan kifoyalanmoqchi emasman. Aksincha, dunyodagi barcha hodisalar qayerda kezmay Vatanga boʻlgan mehrimda aks etishini istayman. Mening mavzuimning, dunyoqarashimning mohiyati shunda.

Esimda, olis Santyagoda boʻlganimda meni xoʻrozlar qichqirigʻi uygʻotdi. Koʻzimni ochdim, oʻzimni bir lahza togʻlar orasidagi qadrdon ovulimdaman deb oʻyladim. Oʻshanda Sant­yagodagi xoʻrozlar haqida yozaman deb dilimga tugdim.

Yaponiyadagi ajoyib Kamanur shahridagi goʻzallar tanlovida ishtirok etdim. Yapon goʻzallari navbatma-navbat sahnadan oʻtishdi. Men beixtiyor ularni ovulimda qolgan yagonamga qiyosladim. Qancha tikilmay, hech qaysisida yagonamga xos fazilatni koʻrmadim. Lekin yapon goʻzallari va goʻzallik tanlovi malikasi mening mavzuimga kirib keldi.

Nepaldagi budda ibodatxonasi, qirol saroyi, dunyodagi barcha dard, afsun va jodudan forigʻ etuvchi yigirma ikkita buloqni tomosha qilib, toshli soʻqmoqlar orqali Kataman togʻining eng baland nuqtasiga koʻtarildim. Atrofga nazar tashlab, qadrdon Dogʻistonimni esladim. Holbuki, muqaddas buloq, qadimiy ibodatxona va goʻzal saroyni tomosha qilganimda qalbimda shunday shirin taassurot uygʻonmagandi. Shu oddiy togʻ manzarasi ajoyib arxitektura yodgorligidan menga qadrliroq tuyuldi. Oʻyladimki, muqaddas buloqlar emas, mana shu togʻlar odamlarni barcha darddan, afsun va jodudan forigʻ etadi. Shunda Nepalda koʻrganlarim kitobimga mavzu boʻlib kirdi.

Katta va sershovqin Kalkutta shahridan uning shundoq yaqinidagi kichkinagina qishloqqa keldik. Xirmonda hoʻkizlar bilan bugʻdoy boshoqlarini maydalashayotgan ekan. Dunyodagi hech bir muzey, yoki ulkan teatrlardagi tomoshalar ham bugʻdoy poyalarini sekin yanchayotgan hoʻkizlarning yurishlariday zavq bagʻishlamagandi. Goʻyo men oʻzimni ovulimga, bolaligimga qaytganday his qildim. Shunda Kalkutta yaqinidagi qishloqni kitobimga mavzu qilib oldim.

MAVZU HAQIDA XULOSA OʻRNIDA NIMA DEMOQCHIMAN. Shunday mavzu borki, uni takrorlaganing sayin ibodatday imoningni but qiladi, koʻnglingni oʻstiradi, maʼnaviyatingni boyitadi.

Bu mavzu – ibodat, bu mavzu – Vatan!

Agar bolalarni shoʻxliklari uchun jazolamoqchi boʻlsangiz, togʻliklar odatiga koʻra istagan joyiga urishingiz mumkin, lekin yuziga qoʻl tegizish mumkin emas. Togʻliklarning yozilmagan qonuni shu: inson yuzi daxlsizdir.

Dogʻiston – mening yuzim. Hech kimning mening yuzimga daxl qilishiga yoʻl qoʻymayman!

Togʻliklar uncha-muncha gapga janjallashmaydi. Haqorat qilishsa ham chidashadi yoki haqoratli soʻzlarga haqoratli soʻzlar bilan javob qaytarishadi. Agar haqoratli soʻzlar oʻzlariga qaratilgan boʻlsa, ular shunday aytishib turaverishlari mumkin. Biroq haqoratli soʻzlar onasining yoki opa-singlisining shaʼniga tegib ketsa bormi, qoʻllar xanjar tomon choʻziladi.

Dogʻiston – sen mening onamsan! Men bilan bahslashmoqchi boʻlganlar, shuni doim yodda tuting. Meni xafa qilish mumkin – bariga chidayman. Biroq mening Dogʻistonimga til tegiza koʻrmang.

Dogʻiston – mening muhabbatim, mening qasamim, mening tavbam, mening ibodatim! Dogʻiston – hayotimning mazmuni, barcha sheʼrlarimning bosh mavzusi!

OʻZIM SHOHID BOʻLGANMAN, Indoneziya togʻlarida ham nogʻorani xuddi bizning togʻliklarga oʻxshab chalishar ekan, Nyu-York koʻchalarida cherkaska kiygan kavkazlik yurgandi, Istanbul va Parijda taqdir taqozosi bilan borib qolgan koʻngli yarim togʻliklar ham yashaydi, Londonda balxar kulollari tayyorlagan sopol idishlar koʻrgazmasi boʻlgandi, Venetsiyada Sovir ovulidan chiqqan lak dorbozlari tomoshabinlarni hayratga solgandi, Pitsburgdagi noyob kitoblar sotuvchisi menga Shomil haqidagi kitobni koʻrsatgandi.

Qayga bormay, qayda yurmay Dogʻistonimga xos voqea-hodisalarga koʻzim tushdi.

Bir necha qilichboz bitta askarga tashlansa, uning himoyalanishi oson emas. Askar bir vaqtning oʻzida ham oldidan, ham yonidan, ham orqasidan qilinayotgan hujumlarni bartaraf etishi qiyin. Agar askarga yelkasi bilan suyanadigan qoyatosh boʻlsa, shu qoyaga suyanib mahoratini ishga solib bir necha qilichbozga bas kelishi mumkin.

***

Dogʻiston – men uchun shunday suyanch qoya. Qiyin damlarimda faqat unga suyanaman.

***

Sayohatchilar qaysi mamlakatga borishsa, oʻsha mamlakatning qoʻshiqlarini olib kelishadi. Lekin bu masalada menga qiyinroq, chunki men qaysi mamlakatga bormayin Dogʻiston haqidagi qoʻshiqlarni olib qaytaman. Har bir yangi qoʻshiqni eshitganda Dogʻistonimni qaytadan kashf qilaman, Dogʻistonimga boʻlgan muhabbatim yanada alangalanadi. Jonajon Dogʻistonim, sening madhingni kuylashga soʻz yetishmaydi.

***

Bir safar Yaponiyada turli davlat vakillari taassurotlarimiz bilan oʻrtoqlashdik. Biz favvora atrofida edik. Bu joy Dogʻistondagi ovul oqsoqollari davra quradigan toshlardan terilgan buloqboshiga oʻxshardi.

– Ajoyib mamlakat ekan, – dedi birinchi boʻlib amerikalik kompozitor. – Men Yaponiya qiyofasida rivojlangan Amerikani koʻrayapman.

– Nimalar deyapsiz? – eʼtiroz bildirdi gaitilik jurnalist. – Hozirgina yaponlar yashaydigan qishloqlardan keldim. Menimcha, Yaponiya bizning orolimizga oʻxshaydi.

– Janoblar, tortishmanglar, bu joyda Parij shodiyonalari va tashvishlari mujassam ekan, – deya suhbatga qoʻshildi fransiyalik arxitextor.

Men Dogʻiston ovullaridagi buloqboshilarga oʻxshash toshlardan terilgan favvoraga qarab oʻyga toldim: “Yaponiya – ajoyib mamlakat. Unda boshqa mamlakatlarga oʻxshash hamma narsa bor, shu bilan birga Yaponiya hech bir mamlakatga oʻxshamaydi. Chunki u – Yaponiya”.

***

Tugʻilgan ovulim – Sada!.. Yetmishta xonadon. Musaffo osmonga yetmishta xonadonning moʻrisidan koʻm-koʻk tutun koʻtarilayapti. Qora tuproqli joydagi oppoq uylar. Ovul, oppoq uylar oldida – tep-tekis yam-yashil ekinzor. Ovul ortida – qoyalar. Xuddi qoʻshni hovlidagi toʻyni tomosha qilish uchun tom boshiga tizilgan bolalarday kulrang qoyalar qishloqqa qarab turibdi.

Jonajon, Sada! Men ham bu dunyoda kezib juda koʻp ajib narsalarni koʻrdim. Qaysi biriga qarashni bilmay koʻzlarim oʻynadi. Nigohimni bitta chiroyli ehromdan uzganda undan ham chiroyli ehromga koʻzim tushdi, goʻzal chehralarga qaradim, lekin shuni aniq bilardim, ular qanchalik jozibali boʻlmasin, ertaga ulardan ham jozibaliroqlarini uchrataman... Dunyoning cheki-chegarasi yoʻq ekan.

Meni Hindistonning ibodatxonalari, Misrning ehromlari, Italiyaning qadim yodgorliklari kechirsinlar, meni Amerika shoh koʻchalari, Parij xiyobonlari, Angliya bogʻlari, Shveysariya togʻlari ham kechirsinlar, meni polyak, yapon, italyan goʻzallari ham kechirsinlar, sizlarni qanchalik yoqtirmay, xushomad qilmay yuragim bir maromda urdi, boshim aylanib qoladigan darajada aqli-hushimdan ayrilmadim.

Hozir esa, qoyalar etagida joylashgan yetmishta xonadonni koʻrishim bilan yuragim oʻynab ketdi, hatto koʻkrak qafasimga sigʻmay qovurgʻalarimga botayapti. Xuddi kasal yoki mast boʻlgan odamday koʻz oldim qorongʻilashayapti, boshim aylanayapti!

Nahotki shu kichkinagina ovulim Venetsiyadan, Qohiradan yoki Kalkuttadan goʻzal boʻlsa? Nahotki bir bogʻ oʻtin quchoqlab ketayotgan avar ayoli baland boʻyli, skandinaviyalik oppoq qizlardan goʻzal boʻlsa?!

Sada! Ertalabdan yam-yashil dalalaringni kezayapman, toliqqan oyoqlarimni shudring yuvayapti. Hatto yuzimni togʻ jilgʻasi yoki bulogʻining muzdek suvidan yuvishimga hojat yoʻq. Deydilar, suv ichmoqchi boʻlsang buloqning koʻzidan ich. Yana deydilar, bu haqda otam ham aytardilar, erkak kishi faqat ikki holda tiz choʻkishi mumkin: buloqdan suv ichganda va gul uzganda. Aziz Sada, sen men uchun bir buloqsan! Tiz choʻkkancha tashnalik bilan sening mehringni simirayapman.

Toshga qarayman, unda tiniq koʻlanka koʻringanday boʻladi. U mening oʻzim, oʻttiz yil ilgari shunday edim. Toshga oʻtirib, oʻtlayotgan qoʻylarga qarayman. Boshimda junli boʻrk, qoʻlimda uzun tayoq, etigimga chang qoʻngan.

Soʻqmoqqa qarayman, unda tiniq koʻlanka ketayotganday koʻrinadi. U ham mening oʻzim, oʻttiz yil ilgari shunday edim. Nega qoʻshni qishloqqa borgandim? Ha-ya, otam joʻnatgandi.

Har bir qadamda men oʻzimni uchratayapman, bolaligimni, bahor yomgʻirida qolganimni, gullar terganimni, kech kuzda dov-daraxtdan barglar toʻkilishini tomosha qilganimni qaytadan koʻrganday boʻlaman.

Men yechinib toshlarga urilib tomchilar sochayotgan sharshara tagida turaman. Oqim toshdan-toshga urilib sakkizga boʻlinadi, keyin qoʻshilib boshimga, yelkamga, qoʻllarimga quyiladi, qanday maza! Bu rohatijon muzday suv oldida Parijning “Qirol saroyi” mehmonxonasi vannasidagi plastmassa sepkichdan oqadigan ilimiq suv nima boʻlibdi?

Buloqdan otilayotgan suv kun boʻyi Quyosh nuridan qizigan toshda iliydi. Togʻdagi bu toshli vanna oldida Londonning “Metropol” mehmonxonasidagi moviy vanna oddiy togʻora xolos.

Ha, men katta shahar koʻchalarida piyoda kezishni yaxshi koʻraman. Lekin koʻchalardan besh-olti marta oʻtganimdan keyin hamma narsa tanishday koʻrina boshlaydi va sayr qilish xohishim yoʻqoladi.

Ehtimol, oʻz ovulimning koʻchalaridan minginchi marta oʻtayotgandirman, lekin chor-atrofga toʻymay qarayman, unda sayr qilish istagi soʻnish oʻrniga alangalanadi.

***

Men Dogʻistonning eng baland choʻqqisiga koʻtarildim va tevarak-atrofga nazar tashladim. Soʻqmoqlar har tomonga taralgan, qaydandir qoʻngʻiroq ovozi eshitiladi, har-har joyda gulxanlar yoqilgan, tutun koʻkka koʻtarilayapti.

Oyogʻing qadrdon zamin ustida turganda, dunyoga qarash qanday yaxshi!

Bola tugʻilayotganda oʻziga Vatan tanlamaydi – peshanasiga yozilgan joyda dunyoga keladi. Mendan ham dogʻistonlik boʻlasanmi, deb hech kim soʻramagan. Agar oʻzga ota-onadan, dunyoning oʻzga joyida tugʻilganimda, men uchun oʻsha joydan qadrli joy boʻlmas edi. Ha, mendan qayerda tugʻilging kelayapti, deb soʻrashmagan. Ammo mendan hozir soʻrashsa, qanday javob bergan boʻlardim?

Olislardan qulogʻimga pandur ohangi eshitildi. Uning ohangi ham, aytilayotgan qoʻshiq soʻzlari ham mening qalbimga yaqin.

Dengizni sogʻinib intilar daryo,

Dengiz ham daryoni kutar doimo.

Ushlasang kaftingga sigʻadi yurak,

Goh mushtday yurakka tordir keng falak.

Boshqa mamlakatlar yaxshidir ammo,

Va lekin Dogʻiston baridan aʼlo.

Pandurchi emas, goʻyo Dogʻiston uning tili bilan kuylayapti.

Haq gapim kimningdir botsa diliga,

Yaxshisi, indamay ketsin yoʻliga.

Mening kitobim! Mayli, sendan har kim oʻzi qidirgan narsasini topsin, lekin sen oʻzligingni saqlab qol, hech bir kitobga oʻxshama. Sen men uchun avarliklar, dogʻistonliklar uyisan. Mayli, bu uy bagʻrida asrlar sinovidan oʻtgan urf-odatlarimiz, zamon ruhi va kelajak yonma-yon yashasin.

OTAM AYTARDILAR: Agar adabiy asarda muallifi koʻzga tashlanmasa, u yoʻlda chopib ketayotgan chavandozsiz otga oʻxshaydi.

***

Mahmud buyuk shoirimiz edi. Sheʼriyatining bosh mavzusi Maryamga boʻlgan baxtsiz muhabbatidir. Qadrdon doʻsti oʻgʻil koʻrganda Mahmuddan alla yozib berishini soʻradi. Mahmud alla yozishga urinib koʻrdi. Afsuski, Mahmudning allasini tinglagan chaqaloq uxlash oʻrniga battarroq yigʻladi. Boshqa doʻsti xotini vafot etganda, Mahmuddan marsiya yozib berishini soʻradi. Mahmud marsiya yozishga urinib koʻrdi. Afsuski, Mahmudning marsiyasini tinglagan odamlar koʻzlariga yosh olishmadi, baʼzi birovlari jilmayib qoʻyishdi.

Ammo odamlar Mahmudning Maryamga boʻlgan baxtsiz muhabbatiga bagʻishlangan qoʻshiqlarini tinglashganda hamon koʻzlariga yosh olishadi. Ha, Maryam Mahmudning bosh mavzusi edi. Mening bosh mavzuim esa Dogʻistondir. Mening muhabbatim cheksiz yoki arzimasdir, men bilgan haqiqat teran yoki soddadir, tuygʻularim koʻhna yoki zamonaviydir, ammo men baribir sen haqingda yozaman, Dogʻiston! Men sen haqingda yozish uchun qalam olsam hamon hayajonlanganimdan qoʻlim qaltiraydi.

Asror MOʻMIN tarjimasi

Zamondosh adiblar Rasul Hamzatov haqida

Jahon adabiyotiga oʻtgan XX asr tuhfa etgan oʻlmas siymolardan biri, shubhasiz, Dogʻiston yulduzi Rasul Hamzatovdir. Shoirning yurtparvarlik, elparvarlik tuygʻulari boshqalarga hech qachon malol kelmasdi. Xullas, Rasul Hamzatov dunyoga, oʻzi orzu qilganidek, avvalambor, Dogʻiston kuychisi boʻlib tanildi. Uning sheʼriyati Yer yuzidagi barcha kitobxonlarga dini, tili, eʼtiqodi, dunyoqarashidan qatʼi nazar birday manzur boʻldi. Biz oʻzbeklar ham Hamzatovning oʻta hayotiy, ohori toʻkilmagan tashbihlarga boy, turfa jumboq va boshqotirmalardan xoli hikmatli sheʼrlarini intiqlik bilan kutar edik. Shoir Oʻzbekistonni, oʻzbek xalqini benihoya hurmat qilar, daholarining nomini tildan qoʻymasdi. U asarlarining Oʻzbekistonda, oʻzbek tilida oʻqilayotganidan takror-takror quvonardi.

Abdulla ORIPOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri

Choʻqqilari osmon oʻpgan Kavkaz togʻlarining bagʻrida bir oʻlka bor. Uni Dogʻiston deydilar. Doʻppidakkina bu oʻlkada qirqqa yaqin tilda soʻzlashadigan bir million xalq yashaydi. Rasul Hamzatov ana shu xalqning shoiri, ana shu xalq shuhratini butun dunyoga tanitgan shoir.

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri

Mamlakatimizda Rasul Hamzatovni bilmaydigan, uni sevmaydigan odam topilmaydi. Shoirning rus tiliga mahorat bilan tarjima qilingan misralari xalqimiz tilida tez-tez takrorlanadigan qanotli iboralarga aylangan. Uning ulkan va mehrga toʻla qalbi jonajon Dogʻistoni uzra oppoq turnalari kabi parvoz qilaveradi.

Qaysin QULIYEV,

bolqor shoiri

Shoirlar koʻp, ularning koʻpchiligi oʻzlarini shoirman deb oʻylashadi. Ammo Rasul Hamzatovga oʻxshashlar noyob hodisa. Hamzatov betakror va yagona boʻlgani uchun azizdir.

Chingiz AYTMATOV,

qirgʻiz yozuvchisi

Rasul Hamzatov taqdiriga shunday sharafli vazifani bajarish yozilgan ekan – u oʻzining yorqin isteʼdodi va kuchli irodasi bilan tugʻilgan ovuli Sadani nafaqat jahon xaritasidan, balki odamlar yuragidan joy olishiga erishdi. Shoirga bundan ortiq baxt bormi?!

Silva KAPUTIKYAN,

arman shoirasi

Mansabdorlar hukm yurgizgan saltanatda Rasul Hamzatov oʻzining yuksak mavqeidan foydalanib, muntazam ravishda yordamga muhtoj ijodkor doʻstlari va adabiyotshunoslarni qoʻllab-quvvatlash chorasini topardi. Shu bois uning adabiyot ahli oʻrtasida hurmati baland edi.

Yevgeniy YEVTUSHENKO,

rus shoiri