Shonli yoʻl zahmati va shuhratli ijod zavqi

    Madaniyat 3 Iyul 2023 1086

    Ilk oʻzbek milliy estrada guruhi sifatida eʼtirof etiladigan “Yalla” ansamblining faoliyati ortiqcha taʼrifga muhtoj emas.

    Sanʼat, xususan, musiqa sanʼati xalqning oʻzligini yaratishga, uning qiyofasini butun dunyoga yoyishga qodir kuch. Bu haqda gap ketganda, albatta, bastakor, ijrochi, xonanda, umuman, ushbu soha ustalari faoliyati, isteʼdodi bosh mavzuga aylanadi. Shu nuqtayi nazardan, ilk oʻzbek milliy estrada guruhi sifatida eʼtirof etiladigan “Yalla” ansamblining faoliyati ortiqcha taʼrifga muhtoj emas.

    Gʻoya, tashabbus, ilk qadam va yutuqlar

    XX asrning 70-yillari mashhur “Beatles” guruhi dunyo yoshlarining es-hushini oʻgʻirlagan edi. Soʻzlarini tushunmasa ham guruh qoʻshiqlarini yod olgan va joʻr boʻlib xirgoyi qiladigan avlod shakllandi. Shunday pallada tashkil topgan “Yalla” ansambli milliylikka yoʻgʻrilgan ijodi, xalqona ohanglari bilan avval oʻzbek yoshlari, soʻng uzoq-yaqindagi musiqa ixlosmandlari dilini zabt eta oldi. Bu shunchaki sodir boʻlmadi.

    “Yalla”ning dastlabki aʼzolaridan biri Bahodir Joʻrayev bunday eslaydi: “Havaskorlar boshini qovushtirish maqsadida Toshkent viloyati yoshlari orasida 1971-yili vokal-cholgʻu ansambllari festival-koʻrigi tashkil etildi. Tanlovda qatnashmoqchi boʻlgan jamoalar orasida yangi tuzilgan guruhimiz boshqalaridan ajralib turar edi. Koʻrik-tanlov uchun birovlarning qoʻshigʻini maromiga yetkazib kuylash kamlik qilar, yigitlarning oʻz qoʻshigʻi ham boʻlishi kerak edi. Yosh ansambl “Qizil-qora” hamda “Sizga, yoshlar” qoʻshiqlari bilan tanlovda gʻolib boʻldi”.

    Darhaqiqat, bu dastlabki yutuq edi. Shundan soʻng yigitlar yangi-yangi gʻoyalar qanotida uchib yurgan, konsert dasturi tuzib, respublika boʻylab ijodiy safarlarga chiqishni ham rejalashtirayotgan kezlarda “Allo, biz iqtidorlarni izlaymiz” tanlovida qatnashish taklifi kelib qoladi. Hali ansamblga nom ham qoʻyilmagan edi. Oʻziga xos noanʼanaviy nom topish kerak, degan qarorga kelindi. Teatr va rassomlik instituti oʻqituvchisi Anatoliy Qobulov oʻzbek xalqining eng jozibali va quvnoq qoʻshiqlariga moslab uni “Yalla” deb atash taklifini ilgari surdi.

    “Yalla” guruhi dastlab havaskorlik ansambli boʻlgan. Ammo unga eʼtibor kattaligi sabab tez orada vokal-cholgʻu ansambli maqomini oldi. Guruh yangi boʻlishiga qaramay, rahbariyat va boshqa ijodkorlar eʼtiboriga tushdi. “Yalla”ning oʻsha paytdagi boshqa guruhlardan farqi, asosan, xalqona, xalq qoʻshiqlarini ijro qilayotgani, ularning sharqona ohanglardan iboratligida edi. Repertuari, asosan, xalq ogʻzaki ijodi – folklor qoʻshiqlardan tashkil topgan va unga “Qiz bola”, “Majnuntol”, “Boychechak”, “Yallama, yorim” kabi qoʻshiqlar kirgan.

    1976-yili guruh oʻz safiga Farrux Zokirovni qabul qildi. Oʻsha yillari “Yalla”ning eng gullagan, shu bilan birga, biroz ijoddan chekingan kezlari edi. Farrux Zokirov nafaqat guruh aʼzosi boʻldi, balki uning faollaridan biriga aylandi.

    Farrux Zokirovning sanʼatkor boʻlishiga eng koʻp qarshilik koʻrsatgan kishi akasi Botir Zokirov boʻladi. Chunki u ukasini juda isteʼdodli deb hisoblamas, sanʼatga zoʻrma-zoʻraki kirib kelishini va oʻrtamiyona xonandayu sozandalar qatoridan joy olishini istamasdi. Biroq bunday boʻlib chiqmadi.

    Oʻsha vaqtda “Yalla”ga badiiy rahbarlik, maslahatchilik qilayotgan Botir Zokirov dastlab ukasining bu qarorini qabul qila olmagan boʻlsa, keyinchalik rozilik berdi. Farrux Zokirovning tashabbuskorligi, tinib-tinchimasligi sabab guruhning soʻnayotgan yulduzi qaytadan porlay boshladi.

    — Bolalagimda ham, hozir ham, xoh atrofdagilar bilan munosabatda boʻladimi, xoh professional ijodda, “Karim Zokiriyning oʻgʻli! Barakalla, ota oʻgʻil”, degan taʼrif men uchun yuksak baho, – deydi Farrux Zokirov. – Botir akam – ijodiy vijdonim. Doim qoʻshiq yozayotganda akam boʻlganida qanday fikr bildirardi, degan fikr xayolimda turadi. Yigitlik yillarim musiqa bastalashga moyilligim bor edi. “Shunday qoʻshiq yozsamki, Botir Zokirov repertuariga kiritsa”, deb orzu qilardim. Akam esa eshitib koʻrardi-da, “Yoʻq, hali bor, pishmagan”, derdi. Shukr, koʻp fursat oʻtmay, shunday baxtga musharraf boʻldim. 1974-yil “Majnuntol” qoʻshigʻini yozgan boʻlsam, bir yildan keyin “qoʻshiq juda chiroyli chiqibdi, maylimi, men kuylasam”, deya soʻragan. Oʻshanda yuragim yorilib ketay degan. Hozir ham kuchli hayajon bilan eslayman.

    Guruh yildan yilga rivojlana boshladi. Biroq aʼzolarining turli shaxsiy sabablarga koʻra tarkibdan asta-sekin ketishi oqibatida “Yalla” yana ijodiy inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Ammo uning shunchaki yoʻqolib ketishiga yoʻl qoʻyib boʻlmas, qandaydir chora koʻrish kerak edi. Shunda Farrux Zokirovga akasi Botir Zokirov guruhga ijodga chanqoq, yuragida oʻti bor, yangilikka intiluvchan yoshlarni jalb qilishni maslahat berdi. Yangi zamon, yangi yoʻnalishlar kirib kelayotgan pallada avvalgidek boʻshang holatda ijod qilib boʻlmasdi.

    1979-yilda “Yalla” guruhi Yaltadagi “Krimskiye zori” festivaliga bordi. F.Zokirov oʻsha yerda musiqani yaxshi tushunadigan, turli sozlarni bemalol chaladigan, eng muhimi, “Yalla”ga moliyaviy koʻmak berishi mumkin boʻlgan Rustam Ilyosov bilan tanishib qoldi. Asli toshkentlik, deyarli qoʻshni boʻlgan bu ikki shaxsning oʻzaro uchrashuvi har tomonlama manfaatli boʻlib chiqdi. Zero, moliyaviy inqirozga yuz tutgan guruhga bunday ijodkor suv bilan havodek zarur edi. Guruhga befarq boʻlmagan Rustamga erkin ijod qilishi uchun ijodiy maydon kerak edi. Oʻzaro kelishuvlar natijasida u “Yalla”ning aʼzosi va prodyuseriga aylandi.

    70-yillar oxirida “Yalla” tarkibi toʻliq yangilandi, faqat F.Zokirov badiiy rahbar sifatida qoldi. Guruhga oʻsha damlarda Abbos Aliyev, Alisher Toʻlaganov, Javlon Toʻxtayev kelib qoʻshildi.

    “Yalla” va uning “tashrif qogʻozlari”

    Guruh yana jonlandi. Yangidan yangi qoʻshiqlar yozilib, konsert ustiga konsert tashkil qilina boshladi. Yangilangan “Yalla”ning ilk qoʻshigʻi “Soʻnggi poema” boʻldi. Robindranat Tagor sheʼri, Aleksey Ribnikov musiqasi bilan aytiluvchi ushbu qoʻshiq haqiqatan ham muvaffaqiyat debochasi boʻldi va u hamon guruh repertuaridan tushmay kelmoqda.

    “Uchquduq” ham uzoq yillar muxlislar qalbidan joy olgan qoʻshiqqa aylandi. Shoir Yuriy Entin qalamiga mansub ushbu sheʼrga Farrux Zokirov Zarafshonda boʻlgan gastroli chogʻida favqulodda kuy bastaladi va u oʻsha kuni tinglovchilar hukmiga havola etildi.

    1980-yilda Moskvadan bir guruh televideniye xodimlari kelib, “Yil qoʻshigʻi” tanloviga nomzodlar qidirishga tushadi. Tabiiyki, “Yalla” ham yaxshi qoʻshiqlaridan biri “Uchquduq”ni tayyorlaydi. Ammo ayrim sabablarga koʻra, uni televideniye orqali koʻrsatish man etiladi. Televideniye xodimlari yozib olgan tasma saqlanib qoladi va “Uchquduq” “Yil qoʻshigʻi” sifatida eʼtirof etiladi. Shundan soʻng u ishchilar shahri Uquduq madhiyasiga, “Yalla”ning esa navbatdagi “tashrif qogʻozi”ga aylanadi.

    Nafaqat “Uchquduq”, balki Oʻzbekistonning boshqa shaharlariga atab aytilgan qoʻshiqlar ham “Yalla”ni butun mamlakatga tanitdi. Guruhning “Shahrisabz”, “Samarqandning moviy gumbazlari”, “Toshkentim – onam”, “Dor oʻynang” kabi qoʻshiqlari koʻtarinkiligi, yorqinligi va samimiyligi bilan ajralib turadi.

    – Biz dunyoning turli mamlakatlari shaharlari chiroyini taʼriflashga, koʻrku tarovatidan hayratlanishga oʻrganib qolganmiz, – degan edi intervyularining birida Farrux Zokirov. – Biroq, yonimizdagi koʻrkam goʻshalarning qadriga yetmaymiz. Oʻzgalardan eshitganda esa, ha-ya, deb xijolatomuz hayratga tushamiz. “Yalla” qoʻshiqlari esa bizni lol qoldirgan joylar oʻz diyorimizda ham borligini eslatib turadi.

    Guruhning “Moviy gumbazlar”, “Choyxona”, “Boroda verblyuda”, “Na vostoke” kabi qoʻshiqlari ham shuhrat topdi. 1981-yili “Shahrisabz”, 1989-yili esa “Choyxona” qoʻshiqlari uchun “Yalla” butunittifoq mukofoti laureati boʻldi.

    Xalqaro sahnalar zabti

    Guruhning shuhrati dunyoning juda koʻplab mamlakatlariga yoyildi, sobiq ittifoq va Sharq musiqasini sevuvchi mamlakatlarning barchasi uni yaxshi taniy va ardoqlay boshladi. “Yalla”, asosan, oʻzbek va rus tillarida ijod qilgani sabab sobiq ittifoqda juda tez nom qozondi.

    “Yalla”ning sobiq ittifoq boʻylab gastrollari, ijodiy uchrashuvlari samarali boʻldi. Ansambl Moskvadagi Olimpiya sport majmuasi, “Dinamo” konsert-sport zali, “Zvyozdniy” shaharchasida konsertlar berdi. Sankt-Peterburgdagi “Yubileyniy” sport saroyidagi konserti esa oʻn kun davom etdi. Bunday konsertlar tomoshabinlar uchun haqiqiy bayramga aylanib ketar edi.

    Ansambl Polshada yosh qoʻshiqchilarning “Estrada bahori” festivalida qatnashdi. Oʻzbekistonlik yigitlar chiqishi lozim boʻlgan konsert dasturi “Muslim Magomayev taqdim etadi” deb nomlangan, yaʼni konsertning asosiy qismi mashhur xonandaning qoʻshiqlaridan iborat edi. Negadir Muslim Magomayev tadbirga kechikadi. Har yomonlikning bir yaxshi tarafi bor, deganlaridek, Magomayevning kechikishi “Yalla”ga sahnada koʻproq kuylash imkonini beradi. Shundan soʻng ansamblning muxlislari soni keskin ortib ketadi.

    Koʻp oʻtmay guruh aʼzolari “Melodiya” Butunittifoq grammafonga yozish studiyasida bir qancha qoʻshigʻini, jumladan, “Andijon polkasi”, “Qiz bola” va yosh xonanda Larisa Kandalova ijrosidagi ikkita qoʻshiq yozilgan dastlabki albomni chiqarishga muvaffaq boʻldi.

    Oradan koʻp oʻtmay “Yalla” Bolgariya, Ruminiya va Germaniyaga ikki oylik safar qildi. Yoshlar va talabalarning Berlindagi jahon festivalida qatnashdi. Festival uchun Yevgeniy Shiryayev ataylab ikkita qoʻshiq – “Xirosima” va “Yallama yorim”ni yozib berdi. Ansambl festivalning oltin medaliga sazovor boʻldi. “Yallama yorim” qoʻshigʻi festivalning eng zoʻr qoʻshigʻi – shlyageri sifatida qayd etildi.

    Yoshlarning estetik tarbiyasiga qoʻshgan hissasi va yuksak ijodiy yutuqlari uchun 1975-yilda “Yalla”ga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jamoa” unvoni berildi. Oʻsha paytgacha hech bir ansambl koʻplab xalqaro festivallarda qatnashib, muvaffaqiyat qozonmagan va yuqori oʻrinlarni egallamagandi.

    Guruh aʼzolari keyinchalik Moʻgʻuliston va Vyetnamga safar qilib, dastavval Xanoy milliy opera teatrida, soʻngra markaziy oʻyingohda konsert berdi. Vyetnamliklar uni olqishlar bilan kutib oldi va hukumat guruh aʼzolarini “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirladi.

    Xorijiy gastrollardan qaytgan “Yalla” yurtimizda bir necha kun, aytish mumkin boʻlsa, hisobot konserti berdi. Oʻsha konsertdan soʻng yana uzoq gastrollar boshlandi. Bu galgi manzillar Germaniya Demokratik Respublikasi, Bolgariya, Vengriya, Polsha va Chexoslovakiya edi. Bu mamlakatlarga qayta-qayta safarlarga sabab u yerlardagi muxlislar mehri boʻldi.

    Oʻsha paytlarda “Yalla” guruhi birinchilardan boʻlib xayriya konsertlari uyushtirdi. Samarqanddagi Registon maydonida uch oqshom “Barcha zamonlarning choyxonasi” dasturi namoyish etildi. Har kech ulkan maydonga minglab tomoshabinlar yigʻildi. Konsertlardan tushgan mablagʻ tinchlik hamda nogironlar jamgʻarmalariga oʻtkazib berildi.

    Muvaffaqiyatlarning bosh omili – milliylik

    Guruhning ijodiy yoʻliga koʻplab sanʼatkorlar havas qiladi. Ushbu guruh sabab yurtimizda estrada sanʼati ancha oʻsdi, jahonning koʻplab mamlakatlari aholisi “Yalla” bois yurtimizni tanidi, ajoyib sanʼatimiz mavjudligidan xabar topdi, qadriyatlarimiz, milliy anʼanalarimizdan bahra oldi, eng muhimi, qalbini aynan shu guruhga, uning xush xonishlari va nolalariga bogʻladi.

    “Yalla” deyilsa, yuragimiz ajib bir iftixor, gʻurur tuygʻusiga toʻlib ketadi. Guruh dunyoga tanilgan boʻlsa-da, tom maʼnoda Oʻzbekistonniki, oʻzbek xalqinikidir. Tugʻilishidan tortib, nomi qoʻyilishigacha chin maʼnoda xalqonaligi koʻzga tashlanib turadi.

    Guruh repertuaridagi qoʻshiqlar rang-barang: ular nafaqat janr, qolaversa, yoʻnalish jihatidan ham bir-birini takrorlamaydi. Xalqona ohanglarda kuylangan qoʻshiqlari haqiqatan ham nomiga mos: u elning “Yalla”sidir.

    Cheksiz mehr ifodasi

    Yoshlar nimani va qanday kuylayotganiga qarab, nimani orzu qilayotganini, qanday yashayotganini, ularni nimaga oʻrgatayotganimizni bilib olishimiz mumkin. Farrux Zokirov va “Yalla” ansamblining hayotsevar, zukko sanʼati yoshlarga Vatanni, doʻstlikni sevish, dunyoni yorugʻ ranglarda tasavvur qilishni oʻrgatadi. Bugungi jahon miqyosidagi keskinlashuv zamonida insonni olijanob ruhda tarbiyalaydi. Axir, sanʼatning ulugʻvor va bosh vazifasi ham shunda-ku!

    “Yalla” ansamblining ijodiy jamoasini mukofotlash toʻgʻrisida kuni kecha Oʻzbekiston Prezidenti imzolagan farmon millionlab musiqa muxlislari uchun quvonchli xushxabar boʻldi. Unga koʻra, “Yalla” ansamblining badiiy rahbari, ustoz sanʼatkor Farrux Zokirov “El-yurt hurmati” ordeni bilan, mazkur ansambl sozandalari Abbos Aliyev, Javlon Toʻxtayev, Timur Xalikov, ansambl direktori Igor Xalikov “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.

    Bundan yarim asr muqaddam tashkil etilgan “Yalla” ansambli betakror ijrosi, teran oʻzbekona maʼnaviyati, xalqimizga, milliyligimizga, sahnaga, muxlislarga muhabbati va sadoqati bois yillar osha yuksak darajada ijod qilib kelmoqda. Biz jahon musiqa yulduzlarining qoʻshiqlarini har qancha tinglamaylik, ularni olqishlamaylik, baribir ustoz sanʼatkor, Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov va “Yalla” ansamblining oʻrni boʻlakcha.

    Maqolani Prezident farmonida keltirilgan misralar bilan yakunlashni lozim topdik: “Oʻzining yorqin isteʼdodi, yuksak professional mahorati, koʻp yillik samarali ijodiy faoliyati bilan oʻzbek estrada sanʼatini rivojlantirish, uning shon-shuhratini xalqaro miqyosda keng targʻib etish, xalqlar oʻrtasida madaniy aloqalar, oʻzaro doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi, navqiron iqtidor egalarining qobiliyatini roʻyobga chiqarish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun...”.

    Mana, xalqimiz oʻz “Yalla”sini nima uchun yaxshi koʻradi!

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri