Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi tomonidan ishlab chiqarilgan polietilen mahsuloti toʻliq ichki bozorga realizatsiyasi qilinmoqda

    Sanoat 28 May 2022 1344

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlashga moʻljallangan yurtimizdagi birinchi yirik korxona hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yildagi “Polietilen ishlab chiqaradigan Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi qurilishi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq barpo etilib, 2001 yil 21 dekabrda ishga tushurildi.

    Yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan majmuada 2002 yildan boshlab “UzClear®” tovar belgisi ostida birinchi oʻzbek polimeri ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan. Majmuada birinchilardan boʻlib “ISO 9001” va “OHSAS 18001” xalqaro standart tizimi muvafaqqiyatli joriy etildi.

    Shurtan gaz kimyo majmuasi texnologiyasi 150 markadagi yuqori, oʻrta va past bosimli chiziqli polietilen ishlab chiqarishga imkoniyati mavjud boʻlib, yiliga 4,0 mlrd kub metr quyidagi tabiiy gaz xom ashyosini qayta ishlash quvvatiga ega:

    • 3,5 mlrd kub metr tozalangan gaz;
    • 125 ming tonnadan ortiq polietilen granulalari;
    • 110 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz;
    • 90 ming tonnadan ortiq gaz kondensati;
    • 1 ming tonna oltingugurt mahsulotlarini ishlab chiqaradi.

    Oʻtgan 2021 yilda majmua tomonidan 4,2 mlrd kub metr tabiiy gaz xom ashyosi qayta ishlanib, 135,2 ming tonna polietilen granulalari, 3,5 mlrd kub metr tozalangan gaz,117,5 ming tonna suyultirilgan gaz, 103,6 ming tonna gaz kondensati 1,1 ming tonna oltingugurt mahsulotlari ishlab chiqarilib, maxsulotlarning yillik ishlab chiqarish rejasi oʻrtacha 103 foizga bajarildi. Shuni aytish lozimki, soʻngi yillarda ichki bozorda talabning keskin oshishi tufayli majmua tomonidan ishlab chiqarilgan polietilen mahsuloti toʻliq ichki bozorga realizatsiyasi qilinmoqda.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ va majmua mutaxassislari tomonidan operatsion samaradorlikni oshirish boʻyicha barcha faoliyat yoʻnalishlarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yuqori koʻrsatkichlarni yillar mobaynida barqarorligini taʼminlashga erishilmoqda. Xususan, “Ernst&Young” kompaniyasi bilan olib borilayotgan amaliy ishlar tufayli polietilen markalarini ishlab chiqarishda oʻtish davrini va texnologik qurilmalarning taʼmirlash vaqtlarini optimallashtirish orqali majmuaning uzluksiz ishlashi taʼminlanmoqda.

    Respublikamizga 2021 yilda importdan kirgan polimerlar tahlili (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra) shuni koʻrsatdiki, bugungi kunda “Oʻzbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan yiliga 490 ming tonna polietilen va 90 ming tonna polipropilen ishlab chiqarilishiga qaramasdan, turli hil koʻrinishda polietilen hamda polipropilen granulalari va undan olinadigan buyumlar koʻrinishida 83,96 mln doll (59 ming tonna) polietilen va 91,47 mln doll (93 ming tonna) polipropilen Rossiya, Eron, Qozogʻiston, Turkmaniston kabi davlatlardan import qilingan. Oldingi 5 yilga nisbatan import qilingan polietilen hajmi 2,5 barobarga va polipropilen hajmi esa 1,4 barobarga mos ravishda ortgan.

    Shu sababdan ichki bozorda mahsulotga boʻlgan talabni qondirish maqsadida tayyor neft gaz-kimyo mahsulotlari hajmini koʻpaytirish va turlarini kengaytirish, import oʻrnini bosish hamda respublikaning eksport salohiyatini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq “Shoʻrtan gaz kimyo kompleksining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

    Loyiha “Uzbekistan GTL” MCHJda ishlab chiqariladigan yillik 430 ming tonna sintetik naftani chuqur qayta ishlash orqali importdan olib kelinayotgan va bugungi kunda muqobili boʻlmagan qiymati 550 mln dollar boʻlgan 280 ming tonna truba, plenka, puflangan, quyma polietilen markalarini, hamda 100 ming tonna gomo, quyma, trubalar uchun polipropilenning yangi markalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, 800 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

    Xulosa qilib shuni taʼkidlash kerakki, respublikamizda gaz kimyo sohasini rivojlantirish, mahalliy xom ashyolar asosida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqaligina mamlakatimizning polimerlar xom ashyosiga boʻlgan mustaqilligini taʼminlash bilan bir qatorda, sohadagi kichik va oʻrta biznes subʼektlarini kelajakda barqaror ishlashiga, rivojlanishiga mastahkam zamin yaratiladi va shu turdagi mahsulotlar eksport hajmi oshadi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati