Sifat yangi imkoniyatlarni ochib beradi

    Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan “Sifat nazorati” teleko'rsatuvi bilan hamkorlikda jami 171 nomdagi (28 turdagi) mahsulotlar nazorat xaridi amalga oshirildi.

    AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida аgentlik direktor o'rinbosari A'zam Qurbonov yurtimizda bo'lib o'tgan Sifat haftaligi doirasida o'tkazilgan tadbirlar, amalga oshirilgan loyihalar xususida ma'lumot berdi:

    Tadbirda qayd etilishicha, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining sog'lom ovqatlanishini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” 2020 yil 10 noyabrdagi qaroriga asosan, yurtimizda joriy yil 11-noyabr` – Sifat kuni va 22-27-noyabr` kunlari Sifat haftaligi o'tkazildi.

    Haftalik doirasida joylarda “Sifat yangi imkoniyatlarni ochib beradi” mavzusida 115 ta tadbirlar tashkillashtirilib, ularda 6,5 mingga yaqin iste'molchilar, tadbirkorlar va yoshlar qamrab olindi.

    SHuningdek, aholiga xizmat ko'rsatish sohasida savdo ob'ektlari va bozorlarda o'rganishlar o'tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bo'yicha choralar-ko'rildi, tegishli ko'rsatmalar berildi.

    Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-fevraldagi 59-sonli qaroriga muvofiq, Agentlik manfaatdor vazirlik va idorlar bilan reja-grafik asosida ichki iste'mol bozorida sifatsiz tovarlar sotilishining oldini olish maqsadida chakana savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalarida xalq iste'moli tovarlarining nazorat xaridlari o'tkazildi.

    Agentlik tomonidan va “Sifat nazorati” teleko'rsatuvi bilan hamkorlikda 171 nomdagi (28 turdagi) mahsulotlar nazorat xaridi amalga oshirildi. Ularning ekspertiza natijalariga ko'ra, 20 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlangan. SHundan 5 ta korxonaga berilgan muvofiqlik sertifikati vakolatli organ (“O'zstandart” agentligi) tomonidan bekor qilindi.

    Bundan tashqari, respublikaning ichki iste'mol bozorlarida markirovkalash va oziq-ovqat xavfsizligi talablariga rioya qilinishini tahlil qilish maqsadida 284 ta savdo ob'ektida kuzatuv yo'li bilan olingan oziq-ovqat mahsulotlarini markirovkalash qoidalari 1 045 ta holatda (97 foizi mahalliy mahsulot) buzilganligi qayd etilgan.

    Sifat haftaligi davomida aholiga ommaviy axborot vositalari orqali sifatli va xavfsiz ovqatlanish tamoyillari, tarkibida tuz, qand va yog' miqdori belgilangan me'yorlardan yuqori bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlarining inson sog'lig'i uchun zarari, bolalar va o'smirlar tomonidan kuchli gazlangan, rangli, shirin hamda energetik ichimliklarning iste'molini tartibga solish bo'yicha tavsiyalar aks etgan reportajlar va lavhalar tayyorlandi hamda davra suhbatlari, brifinglar,uchrashuvlar va interv`yular shaklida keng jamoatchilikka etkazildi.