Sifatli taʼlim insoniyat kelajagini belgilaydi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 25-yanvar sonida Toshkent davlat pedagogika universiteti prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor Barno Abdullayevaning “Sifatli taʼlim insoniyat kelajagini belgilaydi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament aʼzolari huzurida eng asosiy va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hamda jamiyatni demokratik rivojlantirish boʻyicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud. Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi ham mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqeadir. avvalgilaridan farqli oʻlaroq, bu yil sifatli taʼlimga eʼtibor Murojaatnomaning mehvarini tashkil qildi.

    Yurtimizda ilmiy-nnovatsion ishlarni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, ilm-fan bilan shugʻullanayotganlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimi joriy etilgani jahon hamjamiyati tomonidan tobora koʻproq eʼtirof etilmoqda. Prezidentimiz Murojaatnomasi orqali nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo ahli mamlakatimizda erishilayotgan yutuqlardan xabardor boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Davlatimiz rahbarining soʻnggi uch yildagi Murojaatnomalarini tahlil qilsak, ajdodlarimiz qoldirgan umumbashariy ilmiy meros namunalaridan takror-takror iqtibos olinganiga guvoh boʻlamiz. Prezidentimiz 2019-yildagi Murojaatnomasida Imom Buxoriyning “Al-jome as-sahih” asaridan iqtibos aytilgan boʻlsa, 2021-yili Abu Ali ibn Sinoning “Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir boʻladigan qiyinchiliklardan qoʻrqmaydi”, degan gapini keltirgan edi.

    Oxirgi Murojaatnomada Yusuf Xos Hojibning “Zakovat bor joyda ulugʻlik boʻladi, bilim bor joyda buyuklik boʻladi”, Imom Moturidiyning “Elu yurt bilan hamdard boʻlib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga boʻlgay”, degan hikmatlari eslatildi. Bunday yondashuv nafaqat buyuk oʻtmishimizdan faxrlanish, balki pirovardida, ilmiy tadqiqotlarning metodologik asosini shakllantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

    Buyuk ajdodlarimizning mazkur fikrlari har bir insonni ilm-fan bilan shugʻullanish, umuman, ziyoli maqomiga erishishga chaqiradi. Prezidentimiz jamiyatda oʻqituvchilar va ilm egalarining maqomini koʻtarishni asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilab berdi. Davlatimiz rahbarining oʻtgan yilgi Murojaatnomasida juda koʻp statistik maʼlumotlar keltirilgan. Ular ilmiy sohada izlanish qilayotganlar uchun birlamchi manba boʻlib xizmat qiladi.

    Xususan, “Bu yil 381 nafar sportchimiz jahon va Osiyo musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va bilimdon yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgani barchamizni, albatta, quvontiradi. Mana shunday katta yutuqlarga erishishda fidokorona mehnati bilan munosib hissa qoʻshgan har bir yurtdoshimizga oʻz minnatdorligimni bildiraman”, degan soʻzlarini universitet jamoasi mehnatiga ham eʼtibor, deb qabul qildik.

    Zero, oʻtgan yili Toshkent davlat pedagogika universitetida bir talabamiz Oʻzbekiston Prezidenti stipendiyasi hamda toʻqqiz nafari boshqa nomdagi davlat stipendiyalari sovrindori boʻldi. Bu koʻrsatkich avvalgi yildagiga nisbatan ikki barobar koʻpaygan. Universitet talabalari pedagogika sohasidagi xalqaro internet olimpiadalarida beshta sov rinli oʻrinni qoʻlga kiritganini ham aytish joiz.

    Toshkent davlat pedagogika universiteti boshlangʻich taʼlim boʻyicha mutaxassislar tayyorlash borasida koʻp yillik tajribaga ega. Prezidentimizning “Kelgusi yildan boshlangʻich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Hozirgi vaqtda ular xalqaro ekspertizadan oʻtib, oʻzimizda sinovdan oʻtkazilmoqda. Lekin yuqori sinflarda-chi?

    Ochiq aytish kerak, ularda berilayotgan taʼlim va tarbiya sifati, oʻqituvchilarning bilimi va mahoratini talab darajasida, deb boʻlmaydi”, degan fikrlarini bevosita universitetimiz jamoasiga berilgan strategik topshiriq sifatida qabul qildik. Hozir ushbu tanqidiy fikrlardan kelib chiqqan holda, talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish va ijodiy fikrlash koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan metodikalarini ishlab chiqish, kitob mutoaalasiga qiziqishni yanada kuchaytirish, xorijiy tillardan milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega talabalar ulushini oshirish boʻyicha maqsadli ishlar rejalashtirildi va amalga oshirila boshlandi.

    Oʻtgan yili universitetimiz tomonidan taʼlim sifati past, muhiti ogʻir boʻlgan 30 ta umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilariga taʼlim sifatini oshirish hamda oʻqitishning didaktik imkoniyatlarini kengaytirish uchun Kembrij metodikasi boʻyicha sertifikatga ega mutaxassislar koʻmagida ilmiy-metodik yordam koʻrsatilgan edi. 2022-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti yurtimizdagi 30 ta oliy taʼlim muassasasi qatorida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda OTMlar taʼsirini baholovchi THE Impact Rankings xalqaro reytingidan joy oldi.

    2023-yil uchun QS Osiyo universitetlar reytingida yetakchi OTMlarning mingtaligi qatoridan oʻrin egallaganini eslab oʻtish oʻrinli. Bugun Yangi Oʻzbekistonda taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish, koʻzlagan maqsadlarimizga erishish uchun mustahkam zamin yaratilmoqda. Shunday ekan, bagʻrikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ishonchiga sazovor boʻlish uchun har birimiz bu yuksak ishonchni amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Zero, bunday yondashuv bizning nafaqat fuqarolik, balki, eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir.