Jadid aybnomasi tufayli hayoti taʼqibu quvgʻinlar ostida oʻtgan shoʻrlik vatandoshlarimizning gunohlari nima edi? Oʻqib-oʻrganaylik, bilimdonlikda jahonga chiqib, haq-huquqlarimizni tiklaylik, butun odam boʻlaylik kabi odilona daʼvatlar uchun nahotki otish, osish, surgunlarga badargʻa qilish oʻrinli va adolatli boʻlsa?! Aynan shunday jazolardan qochgan shoʻrlik Sirojiddin Sidqiy endigina balogʻat yoshiga yetgan chogʻida vagonga xufiyona joylashib, katta vodiyga qochish orqali jonini saqlab qolgan edi. Bular oʻtgan asr boshidagi gaplar. Unga qadar tortilgan jabru sitamlarni aytib, ado qilib boʻlmaydi...
Sirojiddinbek ziyoli oilada tugʻilib oʻsgan. Otasi Mirzohid Oxund domla Xondayliq qishlogʻidagi hovlisida maktabdorlik, yaʼni diniy va dunyoviy ilm-ziyoni tarqatish bilan mashgʻul edi. Hazrat domla nomi bilan tanilgan bu insondan bilim olish ilinjida Chimkent va Sayram tomonlardan, hatto katta vodiy — Fargʻonadan ham talabgorlar kelib, ustozning moʻjazgina hujralarida yashashar, bilim olishdan boʻsh paytlarida tomorqa ishlariga yordamlashishardi. Bagʻrikeng ustoz hech kimdan haq soʻramasdi. Toʻrt oʻgʻil va bir qizning oʻrtanchasi Sirojiddin oʻn toʻqqiz yoshga yetguncha shundayin saxovatpesha xonadonda yashadi. Sirojiddinbek katta shahar — Toshkentga otlanib, qolgan umrini ilm izlash, Vatanni ozod va farovon darajaga koʻtarishdagi betinim kurashlar bagʻrida oʻtkazdi. Bu haqda “Chirogʻim, men Sidqiyman, Handaqliqiyman” deb nomlangan kitobimda batafsil yoritgan edim. Endi esa vatandoshlarimga, ayniqsa yoshlarimizga, qalbi odamiy fazilatlar, insongagina xos mehr-oqibatga limmo-lim azizlarimiz haqida baholi qudrat yozmoqdaman. Zero, bunday fazilatlar kamyob boʻlib borayotgani sir emas.
Sirojiddin Mirzohid oʻgʻli — Sidqiy Handaqliqiy hayotida avvalo, serqirra fazilatlar sohibi Mirzohid ota, yaʼni Hazrat domlaning ibratomuz umri alohida oʻrin egallaydi. Shu bilan bir qatorda ustozning sevimli shogirdi, Toshkentga borib, mudarris domla darajasiga koʻtarilgan Imomali otaning xizmatlarini alohida aytib oʻtish oʻrinli. Qolaversa, Toshkent bagʻrida ne-ne mashaqqatlar bilan yashagan Sirojiddin Sidqiyning davrdosh doʻstlari, ustozlari Kamiy, Iffat, Rizoiy, Tavallo, Behbudiy, Kamol Turbatiy, Fitrat, Choʻlpon kabi vatanparvarlarning Sirojiddin Sidqiyga juda katta ijobiy taʼsirlari boʻlgan. Sibir surgunidan qochib, katta vodiyda azob-uqubatlar ogʻushida yashar ekan, bagʻrikeng ziyolilar unga tayanch-madad boʻlishgan. Bu borada birgina Rizoiy Andijoniyning yillar davomida Sidqiyga koʻrsatgan gʻamxoʻrligini aytib oʻtish kifoya.
Umr boʻyi taʼqibu kuvgʻinlardan qocha-qocha Toshkentga qaytgan Sirojiddin Sidqiyning soʻnggi safari Parveztepa atrofi boʻldi. Oʻttizinchi yillar boshida Sidqiyning ona qishlogʻi Xondayliqdan bu yerlarga koʻchib tusha boshlagan yurtdoshlari shoirni jon-dillari bilan bagʻirlariga olishdi, hashar uyushtirishib, moʻjazgina hovli-joy ham tiklab berishgan. Shoir esa bu hovlini nodir anvoyi gulu daraxtlar bilan yasantirib, umri soʻngiga qadar ushbu makonda hayot kechirdi...
Ijod olamiga nazar tashlasak, serqirra adibning ustoz, doʻst va shogirdlari behisob edi. Ular safida eng mehribon, sofdil, jonkuyar shogirdi sifatida Abdulla Nosirovni yuksak ehtirom bilan eʼtirof etamiz. Jonli qomus nomi bilan mashhur boʻlgan Abdulla ota bolalik chogʻidanoq hattotlik sanʼati sirlarini astoydil oʻzlashtirgan va umri soʻngiga qadar Sirojiddin Sidqiyni yuksak ehtirom va astoydil hurmat bilan qalbida asradi. Ustoz hayoti va ijodini yuzaga chiqarish uchun betinim kurashdi. Bu savobli, mashaqqatli va olijanob hayot yoʻlida adabiyotshunos olim, tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniyni ham chetlab oʻtish mumkin emas.
Sirojiddin Maxdum Mirzohid oʻgʻli — Sidqiy Handaqliqiy hayoti va ijodi bilan oʻtgan asrning oltmishinchi yillari oxirida shugʻullana boshlagan edim. Bu oʻrtada dorulfununning filologiya fakulteti talabasiga uylandim. Shu-shu hamqishlogʻimiz Sirojiddin Sidqiy Handaqliqiy hayoti va ijodi yoʻlida birgalikda shugʻullanishga kirishdik.
Katta vodiydan tortib butun Oʻrta Osiyo boʻylab Sidqiyni eshitgan, tanigan, bilgan insonlardan maʼlumotlar toʻplar edim. Ayolim esa kunu tun mashinkani chiqillatib ularni qogʻozga tushirardi. Bilmadim, toʻgʻri qildimmi, yo... Hamma narsa mening nomimda chop etilar, shoʻrlik jufti halolim chekkada qolib ketavergan ekan. Yana mening jizzakiligim, zardayu dashnomlarimni aytmaysizmi! Qani endi unda bir ogʻiz eʼtiroz, norozilik yoki gap qaytarish boʻlsa. Sirojiddin Sidqiyga oid kitoblar chop etilganida olamga sigʻmas quvonchlarini-ku taʼriflashga tilim ojiz. Men bosar-tusarimni bilmayman, jadidlar olamining yetuk namoyandasi Sirojiddin Sidqiyni goʻyo oʻzim olamga tanitgandek. Afsuski, mehribonim umrining soʻnggi kunlarini yashayotganini qaydan ham bilardim?! Ayniqsa, birgina soʻrovi yuragim toʻriga qadaldi-qoldi: “Hamqishlogʻingiz Sirojiddin Sidqiy uy-muzeyini yaratish haqida nega bosh qotirmaysiz? Ota-bobolarimiz ikki ming yildan ziyod vaqtdan beri yashagan Qoʻrgʻontepa bagʻrida noyob shu inshootni qurish tashabbuskori boʻlmasangiz, bu ishga kim qoʻl uradi? Shu orqali Qoʻrgʻontepa nafaqat Boʻstonliq tumani, butun Oʻzbekiston, hatto olam odamlarining ziyoratgohiga aylanishi aniq. Shu bilan birga, kutubxona ham bitadi. Uyimizda hech kim oʻqimay uvol boʻlib yotgan mingdan ortiq noyob kitoblarimizni sovgʻa qilamiz. Ham Sidqiyning uy-muzeyi, ham maʼnaviyat markazi paydo boʻladi. Tepalik va uning chor tarafi yanayam koʻrkamlashib, haqiqiy guzar va sayrgohga aylanadi. Qoʻrgʻontepa bilan tengdosh chinorlar bagʻrida turistlar mehmonxonasi yaratilsa, ularning tarixini yozib bersangiz, ajoyib maʼnaviy va madaniy meros qoladi kelajakka!”
Yarim asrga yaqin muddat yosh avlodga oʻzbek tili va adabiyotidan bilim berib kelgan umrdoshim shunday noyob fikrlarni aytar ekan, yuragim orqaga tortib ketdi! Jufti halolimning umri nahotki tugab borayotgan boʻlsa?!
Ha, bu haqiqat edi. Jahondagi goʻzallikda ham, donolikda ham, sabru bardoshda ham havas qilsa arzigulik umr yoʻldoshimni “tez yordam” Zangiotaga olib ketib, ikki kundan soʻng... muzdakkina qilib olib kelib berishdi.. Uning ezgu fikr-maslahatlari menga meros boʻlib qoldi.
Shu kezda ham Sirojiddin Sidqiyning ming bir azoblar bilan yashagan hayoti menga tayanch boʻldi. Ulugʻ shoir bogʻiga qandoq borganimni bilmayman. Koʻzlarimdan shashqator yosh bilan Sidqiy oʻgitlarini oʻqiyman: “Odam uch xil boʻlur, — deb yozadi shoir. — Butun odam, yarim odam, odam hisobinda boʻlmagan odam. Butun odam uldirki, oʻz aqliga ish buyurib, kasbu korga mashgʻul boʻlur, kirishur va tirishur. Yarim odam uldirki, biron ishning uhdasidan chiqa olmas. Lokin oʻzganing irshodi (koʻrsatmasi) birlan ishga kirishur va tirishur. Odam hisobinda boʻlmagan odam uldirki, na unisining va na bunisining uhdasidan chiqur. Ular dangasalar, tekinxoʻrlar va yalqovlar jamoasi erurki, taʼma birlan kechinurlar”.
Sidqiy nasihatlarini oʻqib oʻtirar ekanman, yelkamda kimningdur kaftini sezdim. Bosh koʻtarib, bogʻ rahbari Dilshod Saʼdullayevichni koʻrdim.
— Bu qadar yonib kuyavermang, — koʻngil soʻradi u. Uning hamma voqeadan xabari bor ekan. — Siz xalqimizga, Sidqiy kabi ulugʻ insonlar hayoti va ijodi bilan, ayniqsa, yoshlarni xabardor etishga keraksiz.
— Men oldin oʻtishim lozim edi... Axir jufti halolimdan olti yosh ulugʻligim bor edi-ku.
— Hay-hay, unaqa demang! — yupatdi Dilshod Tillaxoʻjayev. — Demak, siz yashashingiz kerak, bu olamda qiladigan ishlaringiz hali bor ekan. Yaratgan Egamizning izmi shu!
Bu voqeadan keyin oʻzimni ancha qoʻlga oldim. Jufti halolimning menga aytgan oʻsha maslahatlari, aniqrogʻi, vasiyatlarini amalga oshirishga kirishishim kerak. Shu kunning ertasigayoq Boʻstonliq tumani hokimining qabuliga kirdim. Hokim ham menga taskin berib, biz birgalikda qishloqqa chiqdik. Sirojiddin Sidqiyning uy-muzeyi va kutubxona quriladigan joylarni koʻrdik. Ayniqsa, ikki ming yildan ziyod umr koʻrayotgan bobochinorlar u kishida chuqur taassurot uygʻotdi.
— Qoʻrgʻontepa va bobochinorlar tarixini ham yaxshilab yozib bering, ularni abadiylashtirish va turizmga oid masalalar bilan alohida shugʻullanamiz, — dedi hokim osmonoʻpar goʻzalliklarga havas bilan tikilar ekan. — Yonginamizda shunaqa ajoyib tabiat goʻzalliklari turib, biz qayoqlardan moʻjizalar izlab yuribmiz.
Darhaqiqat, shunday. Inson odatda shundoq yonginasidagi baxtni negadir uzoqlardan qidirib yuradi. Oʻz yurtidagi qahramonlarga ham, yurtning goʻzal sarhadlariga ham chin dildan eʼtibor qaratavermaydi. Vaholanki, biz yurtimizning har qarich yerini asrab-avaylashimiz, vatanparvar, fidoiy insonlarni doim xotirlashimiz lozim. Ayniqsa, kelajak tayanchi boʻlgan yosh avlod esa bu boradagi ezgu tashabbuslarda faol ishtirok etsa, hayotimizda tub ijobiy oʻzgarishlar koʻlami yanada kengayaveradi. Zotan, insonning ezgu maqsadi, orzulari-niyatlari, avvalo, Vatanda ulgʻayadi, Vatanda amalga oshadi.
Asad ASIL,
yozuvchi