Sirtqi taʼlim tugatildi talabalar oʻqishni qanday davom ettiradi?

    Sirtqi taʼlimni tamomlagan mutaxassisni rasmiy ishga qabul qilishda muammo paydo boʻlmaydimi, degan haqli savol tugʻilishi ham mumkin.

    Oliy taʼlim muassasalarida sirtqi taʼlim turi tugatilgach, aholi orasida taʼlimning mazkur turi nima sababdan tugatilgani, hozir sirtqi taʼlimda oʻqiyotgan talabalarning oʻqishni qay tartibda davom ettirishi, sirtqi taʼlimni tamomlagan mutaxassislarning faoliyat boshlashiga oid qator savollar paydo boʻlmoqda. Mana shu savollarga javob olish maqsadida

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi departamenti boshligʻi Abduvali XOLIQOVga murojaat qildik.

    — Sirtqi taʼlimga qabul davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-maydagi “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq tugatilgan. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab taʼlimning sirtqi shakliga kvota berilmadi. Shu bois, joriy yilda sirtqi oʻqishga hujjatlar qabul qilinmadi. Mazkur talab davlat OTMlari uchun ham, nodavlat oliygohlar uchun ham birdek amal qilmoqda. Xoʻsh, nima uchun bunday qarorga kelindi?

    Bilasiz, sirtqi taʼlim talabalari muayyan muddat darslarda qatnashadi. Oʻquv jarayonini ish, oilaviy majburiyatlar yoki boshqa hayotiy holatlar bilan birlashtirishga imkon beruvchi bu tizim, avvalo, katta yoshlilar oʻrtasida taʼlimga ehtiyojni qondirish, amaliyotda samarali faoliyat yuritishga xizmat qiladi.

    Bu taʼlim shaklining qayta tashkil etilishi natijasida yoshlar va katta yoshli aholi oʻrtasida oliy taʼlimga qamrov sezilarli darajada oshdi. Qator hududlarda ishlab yurgan fuqarolarga taʼlim olish imkoniyati yaratilgani ijobiy ijtimoiy va iqtisodiy natijalar berdi.

    Biroq vaqt oʻtishi bilan ushbu shaklda taʼlim olishning samaradorligi, akademik intizom, sifat nazorati va bilimlar chuqurligi bilan bogʻliq muammolar namoyon boʻldi. Aniqrogʻi, sirtqi taʼlim formatida tahsil olayotganlar uchun amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish, muntazam bilimni baholash hamda yuqori taʼlim standartlariga rioya qilishda muayyan qiyinchiliklar yuzaga kela boshladi.

    Aynan shu sabablarga koʻra, 2025-yildan boshlab, yurtimizda oliy taʼlim sifatini yanada oshirish, taʼlim jarayonida “ustoz-shogird” anʼanalarini mustahkamlash va amaliy koʻnikmalarga asoslangan oʻqitish tizimini kuchaytirish maqsadida sirtqi taʼlim shakli bosqichma-bosqich tugatildi.

    Sirtqi taʼlimga qabul 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab toʻxtatilgan boʻlsa-da, hozir mazkur shaklda tahsil olayotgan talabalar uchun barcha oʻquv jarayoni belgilangan tartibda davom ettiriladi. Ular tanlagan yoʻnalishi boʻyicha amaldagi davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va fan dasturlariga muvofiq oʻqishni yakuniga yetkazish imkoniyatiga ega.

    Oliy taʼlim muassasalari ushbu talabalar uchun oʻquv mashgʻulotlarini sifatli tashkil etish, ularni zarur axborot resurslari va amaliy mashgʻulotlar bilan taʼminlash boʻyicha zimmasidagi masʼuliyatni toʻliq bajarishi lozim. Bu esa har bir talaba uchun taʼlim sifatini taʼminlash hamda mutaxassis sifatida yetarli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlib, OTMni bitirishni kafolatlaydi.

    Sirtqi taʼlimni tamomlagan mutaxassisni rasmiy ishga qabul qilishda muammo paydo boʻlmaydimi, degan haqli savol tugʻilishi ham mumkin. Avvalo, sirtqi taʼlimda tahsil olib, belgilangan tartibda diplom olgan shaxslar qonunchilikka muvofiq toʻliq oliy maʼlumotli mutaxassis hisoblanadi. Ularga beriladigan diplom kunduzgi, kechki yoki masofaviy taʼlim shaklidagi diplomlar bilan teng yuridik kuchga ega. Demak, ularni davlat yoki xususiy sektorda rasmiy ishga qabul qilishda hech qanday huquqiy toʻsiq mavjud emas.

    Mehnat kodeksi va “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, ishga qabul qilishda taʼlim shakli emas, balki oliy maʼlumot haqidagi rasmiy hujjat — diplom asos boʻladi. Shuningdek, davlat tashkilotlari va yirik korxonalarda kadrlar tanlab olinayotganda ham sirtqi taʼlimda oʻqigan mutaxassislar umumiy mezonlar asosida baholanadi.

    Boshqa jihatdan, sirtqi taʼlimni tamomlagan mutaxassislarning mehnat bozorida raqobatbardosh boʻlishi, asosan, ularning amaliy tajribasi, soha boʻyicha bilim ­darajasi va doimiy oʻz ustida ishlashiga bogʻliq. Shuning uchun ularga bilim va koʻnikmasini muntazam oshirib borish tavsiya etiladi.

    Bundan tashqari, sirtqi taʼlimda oʻqib, ishlab yurgan fuqarolarning taʼlim olish imkoniyati ham cheklanmaydi. Ular oʻqishni toʻliq tugallaydi. Qolaversa, kelgusida kunduzgi taʼlimga muqobil shakllar, jumladan, masofaviy, kechki va maqbullashtirilgan kunduzgi (part-time) taʼlim shakllari bosqichma-bosqich rivojlantiriladi. Ularga qabul koʻrsatkichlari kengaytirib boriladi. Bu esa muayyan ish oʻrniga ega abituriyentlar uchun oʻqish va mehnat faoliyatini bir vaqtda olib borish imkonini beradi. Masofaviy taʼlim zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etiladi. Talabalar bevosita taʼlim muassasasiga kelmay bilim oladi.

    Shu bilan birga, kechki taʼlim shaklida oʻqish ish vaqtidan keyingi soatlarda ishlovchi shaxslarga qulay grafik asosida tashkil etiladi. Hukumat tomonidan bu borada tashkiliy-huquqiy mexanizmlar takomillashtirilib, oʻquv dasturlari talabga moslashtirilishi va taʼlim sifati taʼminlanishi boʻyicha aniq choralar koʻrilmoqda.

    — Yana bir jihat mavjud: hozir kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha 1-bosqichda oʻqiyotgan talaba keyingi oʻquv yilidan oʻqishini sirtqiga koʻchirsa boʻladimi? Yuqori bosqichda oʻqiyotganlar-chi?

    — Talabalarning arizasiga asosan, oʻqishini sirtqi taʼlim shakli mavjud guruhlarga belgilangan tartibda koʻchirish imkoniyati mavjud. Bunda talabalardan belgilangan muddat va tartibda oʻqishini koʻchirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtish talab etiladi.

    2025/2026 oʻquv yilidan boshlab taʼlimning sirtqi shakliga qabul toʻliq tugatilishi barcha yoʻnalishga, jumladan, ikkinchi mutaxassislikka ham taalluqli. Shu munosabat bilan ikkinchi mutaxassislik boʻyicha ham sirtqi taʼlim shaklida yangi qabul amalga oshirilmaydi. Ushbu yoʻnalishda taʼlim olishni istovchilar uchun kunduzgi, masofaviy yoki kechki taʼlim shakllarining mavjud taʼlim yoʻnalishlari tavsiya etiladi.

    Bu oʻrinda asosiy maqsad taʼlim sifatini oshirish, oʻqitish jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish va mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Shuningdek, avvalgi yillarda sirtqi taʼlim shaklida ikkinchi mutaxassislikka qabul qilinganlar tahsilni belgilangan tartibda davom ettiradi.

    Mazkur farmonga muvofiq, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi hamda manfaatdor tashkilotlar bilan birga ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tartibi boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi.

    Maqbullashtirilgan kunduzgi taʼlim shakli (part-time taʼlim) — talabalarga ish joyi bilan bogʻliq faoliyatni davom ettirgan holda, kunduzgi taʼlim tizimi asosida oʻqish imkonini beradigan zamonaviy va qulay taʼlim formati boʻlib, unda oʻquv jarayoni va ish faoliyati muvozanatli tarzda yuritiladi. Normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgach, ushbu taʼlim shaklini joriy etish va rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻriladi.

    Hozir mamlakatimizdagi 21 ta davlat oliy taʼlim muassasasida tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha masofaviy taʼlim shakli samarali yoʻlga qoʻyilgan. 2025/2026 oʻquv yilida boshqa oliy taʼlim tashkilotlarida ham masofaviy taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, masofaviy taʼlim platformalari yaratilib, zarur kontentlar bilan toʻldiriladi. Masofaviy taʼlim shakliga oʻqishga kirish umumiy tartibda amalga oshirilib, abituriyentlardan qoʻshimcha majburiyat talab etilmaydi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA yozib oldi.