Siz bilgan va bilmagan sirli Andijon

    Bilasizmi? 10 Dekabr 2020 8124

    Vodiy qadimdan turli tarixiy voqealarga guvoh boʻlgan maskan. Ayniqsa, Andijon Movaraunnahrning asosiy shaharlaridan biri boʻlganligi barchamizga maʼlum. Bugun Z.M.Bobur yurti boʻlmish koʻhna shaharga mahalliy va xorijiy sayyohlar eʼtibori ortib bormoqda.

    Quyida eʼtiboringizga hududning ayrim diqqatga sazovor maskanlari haqida qiziqarli maʼlumotlar havola etamiz.

    Dukchi Eshon qoʻzgʻolonida isyonchilar qatl etilgan qalʼa Andijon shahridagi Dukchi Eshon MFYsida qad koʻtargan joylashgan boʻlib, u Chor Rossiyasi harbiy qismi uchun mudofaa qoʻrgʻoni sifatida bunyod etilgan. Uning 10 metrdan ortiq baland boʻlgan devorlaridan Andijon shahrining mahalla va koʻchalari kaftdek koʻrinib turgan va shu joydan turib isyonlarni bostirish imkoniyati boʻlgan. Maʼlumotlarga koʻra, qalʼaning bir necha kazarma binolari, qurol-aslaha omborlari, oshxona, toʻpxonalardan iborat mudofaa qoʻrgʻoni boʻlgan.

    Qalʼa 130-yil davomida juda koʻplab tarixiy voqealarni, xususan, 1898-yil Dukchi Eshon boshchiligidagi (qoʻzgʻolon ayovsiz bostirilib, 19 nafar qoʻzgʻolonchi Qalʼa maydonida osib oʻldirilgan. Bu yer dastlabki shahidlar maskaniga aylangan) urush fojialarining guvohi boʻlgan.

    Asakada maʼrifat nurini sochgan inson Xoʻja Abdulloh Tugʻdor maqbarasi (mahalliy aholi orasida “Pistamozor” deb yuritiladi) VII asrda Qoraxoniylar podshohligi davrida 70 yil mobaynida Oʻzgan shahri poytahti hisoblangan.

    Berilgan manbalarda yozilishicha, Xoʻja Abdulloh Tugʻdor oʻsha davrda yashagan ulugʻ zot Qilich Burxoniddin Said avlodidan boʻlib, paygʻambarlar avlodiga borib taqaladi. Z.M.Boburning piri ham oʻsha avloddan boʻlgan degan maʼlumotlar ham bor. Qoʻqon xonligi tashkil topgach, atrofdagi shahar va qishloqlarga oʻsha ulugʻ zotlarning avlodlaridan yuborilgan. Xoʻja Abdulloh bugungi Asaka hududiga kelib oʻrnashib, aholiga ilm-maʼrifat tarqatgan. Tahminan 1840-yilda vafot etgan va bugungi tumandagi “Pistamozor” deb atalgan joyiga dafn qilingan.

    Shoir Xuvaydoning oʻgʻli qayta tiklagan ziyoratgoh. Andijon viloyatining qoʻshni Qirgʻiziston bilan chegaradosh boʻlgan eng chekka sharqiy-janubiy hududida joylashgan Fozilmon ota ziyoratgohidagi buloqning suvi “tirik suv” deb hisoblanadi va undan necha asrlar davomida koʻplab odamlar shifo topib keladi.

    XIII asrda yashab oʻtgan diniy ulamo Sayid Fozilmon Dehlaviy nomi bilan bogʻliq boʻlib, olamdan oʻtgach shu joyga dafn qilingan. XVI asr oxirida kelgan kuchli sel natijasida Fozilmon ota maqbarasi loyqa ostida qoladi. 1805-yilda tasavvuf ilmining yirik vakili, shoir Xoʻjanazar Gʻoyibnazar oʻgʻli Huvaydoning oʻgʻli Xolmuhammad Eshon ibn Xuvaydo tomonidan qabr oʻrni aniqlanib, maqbara qayta tiklanadi.

    Nima uchun “Devonaboy” masjidi? Yoshi ulugʻ insonlarning hikoya qilishicha, “Devonaboy” haqida xalq orasida turli rivoyatlar yuradi. Ulardan biri shuki, oʻtmishda davlatmand odam yashab oʻtgan boʻlib, ibodatlarida Tangridan hamisha farzand tilagan. Shunda bor boyligini nochor odamlarga tarqatib yuborishni va dunyoni darbadar kezib, ibodatga kirishi tushida maʼlum boʻladi. U tushida maʼlum boʻlgan barcha vazifani bajo etadi va farzandli boʻladi. Albatta, bu xalq tilidagi miflardan biri. Bu kabi hikoyatlar adogʻsiz. Ammo Andijonning diniy-maʼrifiy, ijtimoiy-maʼnaviy hayotida muhim ahamiyatga ega “Devonaboy” masjidi nima uchun bu nomda ekanini hech kim aniq bilmaydi.

    Maʼlumotlarga koʻra, hududning Eski shahar qismida joylashgan ushbu masjid XIX asrning oxirida qurilgan. Kirish qismi gumbazsimon boʻlib, qoʻsh tomonida minoralar koʻtarilgan. Minora va masjid peshtoqlari sharqona bezaklar bilan bezatilgan.

    Masjidga hayit namozida besh ming, juma namozlarida 3.5 mingdan ziyod, odatdagi kunlarda esa 300 nafarga yaqin moʻmin-musulmon ibodat qilish uchun tashrif buyuradi.

    Bibiseshanba ziyoratgohiga faqat ayollar keladimi? 200-yil avval tashkil etilgan Bibiseshanba ziyoratgohiga mahalliy hamda xorijiy sayyohlar, ayolu erkak, yoshu qari birday buloq suvlaridan shifo olish uchun qeladilar. Ziyoratgoh ichida turli xastaliklarga davo boʻluvchi bir nechta shifobaxsh buloqlar mavjud boʻlib, maskanga mahalliy aholi tomonidan muqaddas qadamjo sifatida qaraladi va har seshanba kuni bu yerga kelib qizlar kokil kestiradi hamda farzand koʻrmaganlar oʻzlariga farzand tilab ibodat qiladi… Ziyoratgoh haqidagi haqiqatlar toʻliq isbotlanmagan boʻlsa-da, mahalliy aholi maskan toʻgʻrisidagi turli hikoyat va xislatlarga qattiq ishonadi.

    Qishda issiq, yozda salqin havo taftli sirli tepalik – Jingirtepa (yana bir nomi Jungʻortepa) iqlim havosini moʻtadillashtiruvchi va muvozanatini ushlab turuvchi, qishda issiq, yozda salqin havo taftini baxsh etuvchi xislatga ega.

    Asrlarga tengdosh tabiiy-arxeologik yodgorlik ajdodlarimizning Ulugʻ togʻdan Ershiga habar beruvchi koʻprik boʻlgani koʻplab asarlarda yozib oʻtilgan. Masalan, tarixchi olim, yozuvchi Mannob Egamberdiyevning “Sariq ajdar hamlasi” romanidagi “Ulugʻ togʻda tutun koʻrindi” deb nomlangan hikoyasida qadimgi Xitoy va Dovon oʻrtasida boʻlib oʻtgan urush voqealari bayon qilingan. Unda Oʻsh-Selat yoʻli boʻylab Ershiga bostirib kelayotgan yov hamlasi haqida hukmdorning Jingirtepadagi harbiy qoʻmondoni qarorgohiga ershiliklarni ogoh qilish maqsadida archadan oʻt yoqib habar berishi tasvirlangan.

    Shuningdek, ushbu tepalikdan turib, Ershi qalʼasining tashqi shahristoni soqchilariga savdo karvonlari yoki dushman kelayotganiga ishora berib turilgan.

    Yulduz Oʻrmonova