Muhokama etilgan Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda hamon saqlanib qolayotgan tizimli muammolarni hal etish va aholiga qulaylik yaratish hamda qonunlarga hurmat hissini shakllantirish maqsadida oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Toshkent shahrida 2023-yil iyun oyidan boshlab oʻtkazilgan reyd tadbirlarida individual harakatlanish vositalari boshqaruvchilari tomonidan 200 dan ortiq yoʻl harakati qoidalari buzilganligi aniqlangan.
Shu sababli skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek individual harakatlanish vositalarining va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun bilan yoʻl-patrul xizmati xodimlarining xizmatni oʻtash vaqtida yoʻl harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning oʻzida jarima qoʻllashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.
Yoʻllarda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralarga qaramasdan, bugungi kunda yuk avtotransport vositalari bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari soni hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda, oqibatda esa halok boʻlganlar va jarohat olgan fuqarolarning soni ham kam emas.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yoʻlning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan.
Ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmaganligi sababli aksariyat hollarda haydovchilar yoʻllarning chap qatorlarida bemalol harakatlanishmoqda va bu holat avtomobil yoʻllarida tirbandliklarga va avariya holatlari sodir boʻlishiga sabab boʻlmoqda.
Jumladan, 2024-yilning oʻtgan 7-oyida yuk avtotransport vositalari bilan bogʻliq 303 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilgani oqibatida 108 nafar fuqaro halok boʻlgan, 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Aynan shu jihatlarni eʼtiborga olgan holda Qonunda yuk avtomobillari yoʻlning chetki chap qatorida harakatlanganligi (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Parlament aʼzolarining fikricha, Qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlashga, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga, shuningdek fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.