Oddiy misol,onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassalar xizmati tufayli nazorat-kassa daftarini yuritishga umuman ehtiyoj qolmadi.  Ish kuni oxirida har bir nazorat kassa mashinasi bo'yicha kunlik hisobotni chiqarib olish kabi majburiyatlar ham endi yo'q. Naqd pul tushumi miqdoridan qat'i nazar uni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali tadbirkorlik sub'ektlari o'zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega bo'ldi. Sotuvlar tarixini yaratish, kassir-xodimlarni nazorat qilish kabi vazifalarni ham hozirda onlayn-NKM va virtual kassalar bajaryapti.

YAngi tizimning boshqa foydali jihatlari haqida tadbirkorlik  sub'ektlari vakillarining o'zidan eshitgan, bilgan ma'qul:

 - Onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassalarda naqd pul yoki plastik kartalar orqali amalga oshirilgan har bir hisob-kitoblar to'g'risidagi ma'lumotlar soliq to'lovchining «shaxsiy kabinet»ida shakllanadi. Bu bilan tadbirkorlik sub'ekti har bir shoxobchalarning kassalari kesimida kunlik, oylik va yillik realizatsiya ma'lumotlarini shakllantira olishi mumkin. Bunday ko'mak tadbirkorga har doim muhim, - deydi Farg'ona shahridagi "TOSHLOQ UNIVERSAL TRADE" MCHJ dorixonasi savdo bo'limi boshlig'i Habibullo Tojiboev.

Sirdaryo viloyati SHirin shahrida ro'yxatdan o'tgan «Abdu-farm» xususiy korxonasi rahbari Abduaziz Boyzoqov qayd etishicha, mazkur korxona yil boshidan buyon onlayn-NKMdan foydalanmoqda.

-Qurilmani sotib olish uchun qilgan xarajatlarimizni soliqlardan chegirib qolinishi juda katta engillik bo'ldi, - deydi A.Boyzoqov. - Birinchi chorak uchun aylanmadan olinadigan soliqdan korxonamiz hisobiga 2 million 230 ming so'm mablag' tejab qolindi.

Ha, joriy yilda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanishga o'tgan tadbirkorlik sube'ktlari uchun uni xarid qilish va o'rnatish bilan bog'liq xarajatlar summasini keyingi soliq to'lovi hisobidan kamaytirish huquqi berildi. Bunda kamaytirish miqdori (summasi) bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmasligi kerak. Mazkur imtiyoz faqat 2021 yil 1 yanvargacha amal qiladi.

Ayni vaqtga kelib, 5 turdagi onlayn-NKM, 5 turdagi virtual kassalar va 9 ta TXKM Davlat reestriga kiritildi. Aytish joiz, har bir model` va versiyaning o'z afzalliklari bor. Ular, jumladan, buxgalterlik dasturlari bilan o'zaro aloqasi, mavjud va realizatsiya qilingan tovarlar hisobining avtomatlashtirilish darajasi bilan farqlanadi. Tadbirkorlik sub'ektlari mana shu jihatlarga e'tibor qaratgan holda o'z xohishlariga ko'ra, ulardan istalgan birini sotib olishi mumkin. Masalan, Korzinka.uz brendi ostida faoliyat yuritayotgan savdo markazlari hozirda «Pos2k» virtual kassasi xizmatidan foydalanishni ma'qul ko'ryapti. «Oxymed‑Retail» virtual kassa dasturiy mahsuloti esa Oxymed brendi ostida faoliyat olib borilayotgan dorixonalar tanloviga aylanmoqda. 

SHu o'rinda tadbirkorlik sub'ektlari uchun foydali bo'lgan yana bir ma'lumotni qayd etish joiz: «YAngi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Virtual kassa» dasturiy mahsuloti tadbirkorlik sub'ektlariga bepul taqdim etiladi. Unga ega bo'lish uchun tadbirkorlik sub'ektlari virtual kassa dasturiy mahsulotiga texnik xizmat ko'rsatuvchi «Soliq Servis» DUK bilan o'zaro shartnoma imzolaydi. Bunda fiskal modul va unga ko'rsatiladigan xizmatlar uchun amalga oshirilgan bir yillik to'lov (bazaviy hisoblash miqdorning bir birobari - 223 ming so'm) to'lanadi xolos, shuningdek, savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchasi mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (ijara shartnomasi yoki kadastr hujjati) taqdim etilishi lozim.

Aytish kerakki, 2020 yil 1 avgustgacha 20 000 ta tadbirkorlik sub'ektlari onlayn-NKM va virtuallar kassalar tizimiga o'tishi kutilyapti. Ayni vaqtda esa yurtimiz bo'ylab 20950 dan ortiq tadbirkorlik sub'ektlari onlayn-NKM yoki virtual kassalardan foydalanmoqda. Bu ko'rsatkich asosan alkogol`, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, avtomobillarga benzin, dizel` va gaz yoqilg'isi quyish savdosi bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlariga taalluqli. CHunki qonunchilikka ko'ra, joriy yil boshidan aynan mana shu yo'nalishlardagi tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatiga onlayn-NKM yoki virtual kassalar tatbiq etilmoqda. 

 O'tgan yil yakunlari bo'yicha yillik tushumi besh milliard so'mdan oshgan tadbirkorlik sub'ektlari shu yilning 1 avgustidan mazkur yangi tizimga o'tadi. Yil yakunlari bo'yicha  yillik tushumi yuz million so'mdan oshgan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatiga esa 2021 yil 1 yanvardan joriy etiladi. Qolgan barcha tadbirkorlik sub'ektlari uchun bu muddat 2022 yil 1 yanvar` etib qat'iy belgilangan. 

Demak, onlayn nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassalardan foydalanish ko'rsatkichiga oid raqamlar sur'ati o'sishda davom etadi. Bundan kim yutadi: soliq xizmati organimi yoki tadbirkor? Ba'zan mana shu savollar atrofida bahsli munozaralarga duch kelamiz. Fikrimcha, masalaga bunday yondashuv to'g'ri emas. Sababi yangi tizim faqat u yoki bu tomonning emas, barchaning manfaatiga birday xizmat qiladi.

O'zingiz o'ylab ko'ring, onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassalar chop etgan cheklar orqali real vaqt rejimida sohadagi tushumlarni nazorat qilish imkoni paydo bo'ladi, soliq bazasini shakllantirish manbalari yanada to'liq qamrab olinadi, tushumlarni yashirish usullarini cheklash imkoni paydo bo'ladi. Natijada xufyona iqtisodiyot ulushi qisqaradi. Xo'sh, bundan butun jamiyat va davlat manfaatdor emasmi aslida?!

Nodir SOLIEV.

«YAngi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazining

Onlayn nazorat-kassa mashinalari, virtual kassalar

va fiskal modullarni joriy qilish bo'limi mutaxassisi