Smart shartnomalar haqida nimalarni bilasiz?

    Raqamlashtirish va moliyaviy texnologiyalarning joriy etilishi dunyoning aksariyat mamlakatlari iqtisodiyoti, moliya bozorlaridagi mavjud holatlarni tubdan oʻzgartirmoqda.

    Yangiliklar va zamonaviy infratuzilma tufayli ilgari shaxsiy ishtirok va koʻp vaqt talab qilgan koʻplab operatsiyalar, endilikda “bitta tugmani bosish” orqali bir necha daqiqada amalga oshirilishi mumkin boʻlib qoldi. Xususan, bu imkoniyat fuqarolik munosabatlaridagi kelishuvlar, turli shartnomalarini tuzishga ham taalluqlidir.

    Informatikaning taraqqiyoti natijasida kundalik hayotimizga smart shartnoma tushunchasi kirib keldi. Bu atama gʻoyasi ilk bor AQSHlik informatika, kriptografiya va huquq boʻyicha mutaxassis Nika Sabo tomonidan 1994-yilda ilgari surilgan boʻlib, u mazkur shartnomani “Tomonlar oʻrtasidagi majburiyatlarning raqamli vakili, shu jumladan ushbu majburiyatlarni bajarish uchun protokol”, deb taʼriflaydi.

    Olimlar esa uni ikki xil talqin qilishadi: «Smart shartnoma» va «Huquqiy smart shartnoma». Smart shartnoma oldindan belgilangan funksiyalarga koʻra, muayyan holat yoki shart vujudga kelsa, avtomatik tarzda ishga tushadigan kompyuter kodini anglatadi. Kod taqsimlangan registrda saqlanishi va qayta ishlanishi hamda unga har qanday natijaviy oʻzgarishlar yozilishi mumkin. Huquqiy smart shartnoma tushunchasi esa ikki va undan ortiq tomonlarning oʻzaro, programmali kod yordamida shakllantirilgan va avtomatizatsiyalashtirilgan qonun doirasidagi kelishuvi sanaladi. Oddiy til bilan aytganda, aqlli shartnoma zamonaviy axborot tehnologiyalar yordamida yaratiladigan virtual shartnoma boʻlib, anʼanaviy shartnomaning yangi avlodidir.

    Prezidentimizning 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida investitsiyaviy va tadbirkorlik faoliyatining turli shakllarini diversifikatsiya qilish uchun kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni, jumladan mayning, smart shartnoma (raqamli tranzaksiyalarni avtomatik tartibda amalga oshirish orqali huquq va majburiyatlar bajarilishini nazarda tutuvchi elektron shakldagi shartnoma), konsalting, emissiya, ayirboshlash, saqlash, taqsimlash, boshqarish, sugʻurtalash, kraud-fanding (jamoaviy moliyalashtirish), shuningdek, “blokcheyn” texnologiyalarini joriy etish uchun zarur huquqiy bazani yaratish kabi vazifalar belgilangan edi. Bu esa mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda smart shartnomalar faoliyati uchun platforma boʻladigan, blokcheyn texnologiyalariga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni ishlab chiqish va aqlli shartnomalardan keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish davlat ahamiyatiga molik ulkan vazifalarimizdan ekanligini koʻrishimiz mumkin.

    Majburiyatlarning bajarilishini AKT nazorat qiladi

    Smart shartnomaning bir qator afzalliklari mavjud. Yaʼni, mazkur turdagi shartnoma tuzish fuqarolar uchun oson boʻlib, ular faqat avvaldan belgilangan, “agar... keyin...” (If... then...) kabi koʻrinishdagi shartnoma shartlariga roziliklarni bildirishadi. Aqlli shartnoma faqat elektron muhitda mavjud boʻlib, elektron raqamli imzodan foydalanishni talab qiladi. Bunda shartnoma tuzmoqchi boʻlgan shaxsning shaxsiy roziligi kerak boʻlib, boshqa shaxslar nomidan bitimlar tuzilishining oldi olinadi.

    Dasturlash tilida yozilgan shartnoma shartlari yuqori darajada aniqlashtirilganligi sababli, anʼanaviy shartnomalardagidek sharxlash vositalarini bunday shartnomalarga qoʻllashning hojati yoʻq. Busiz ham ular aniq va tushunarliroq yozilgan boʻladi. Yana bir oʻziga xos jihati, ushbu turdagi shartnomalar bajarilishining aqlli nazorati mavjudligi boʻlib, smart shartnoma ijrosi jarayonida tomonlarining yoki biron-bir uchinchi shaxsning aralashuvi talab etilmaydi. Avvaldan belgilangan kod orqali majburiyatlar oʻz vaqtida bajarilishi axborot texnologiyalari yordamida taʼminlanadi.

    Bugungi kunda koʻplab afzalliklarga ega bunday shartnomalardan kengroq foydalanishdagi asosiy muammo, bu borada huquqni qoʻllash amaliyotining yoʻq ekanli, deyishimiz oʻrinlidir. Biroq, smart shartnomalarni koʻllash boʻyicha xorijiy mamlakatlar tajribasiga murojaat qilganda ham bunday kelishuvlar faoliyati blokcheyn platformalari bilan bogʻlanib, tegishli qonun normalari bilan tartibga solinishini, kuzatish mumkin. Jumladan, AQSHning bir necha shtatlari qonunchiligida smart shartnomalar tuzish bilan bogʻliq munosabatlar nazarda tutiladi. Masalan, Arizona qonunlariga koʻra, “Smart shartnoma sodir boʻladigan hodisalar bilan faollashtirilgan dasturdir va u tarqalgan markazsizlashtirilgan, koʻp foydalanuvchili reyestlarda roʻyxatga olinadi hamda bunday reyestrlarda aktivlarni boshqarishi va oʻtkazishi mumkin boʻladi. Florida, Nebraska, Tennissi, Vermont shtatlarida smart shartnoma elektron kelishuvlardanda koʻproq qoʻllanish sohasiga ega. Yaʼni, bunday reyestrda aktivlarni boshqarish va ayriboshlashdan tashqari, aktivlarni yaratish va tarqatish imkoniyatlari ham yaratilgan. Bundan tashqari, dasturiy mahsulotlarga nisbatan huquqlarni boshqarish va maʼlumotlarni sinxronizatsiyalash ham mumkin.

    Yurtimizda joriy qilishdagi muammolar

    Smart shartnomalardan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish borasida quyidagi taklif-tavsiyalarni ilgari surishimiz mumkin.

    Birinchidan, blokcheyn texnologiyalarini davlat tomonidan samarali tartibga solish, smart shartnoma ishtirokchilari oʻrtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan reglamentatsiya qilish maqsadida maxsus normativ-huquqiy xujjatlarni ishlab chiqish hamda mazkur sohaga aloqador boʻlgan mavjud huquqiy-xujjatlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish kerak. Chunki, koʻplab afzalliklariga qaramay, smart shartnomalarni tartibga soluvchi normalar qonunchilik doirasida mustahkamlab qoʻyilmaganligi undan nafaqat fuqarolik-huquqiy munosabatlar sohasida, balki davlat boshqaruvining barcha sohalarida yana-da kengroq qoʻllanilishiga toʻsqinlik qilib kelmoqda.

    Ikkinchidan, smart shartnomalardan foydalanishda, blokcheyn texnologiyasini koʻllashda yurisdiksiyani, yaʼni qaysi qonunchilik doirasida amalga oshirilishini belgilashning murakkab muammosini hal qilish zarurdir. Aniqrogʻi, bunday bitimlar markazlashtirilmagan blokcheyn tizimida ijro etilishini hisobga olsak, shartnomani rasmiylashtirishning haqiqiy joyini va shunga mos ravishda tomonlar sudga murojaat qilishi mumkin boʻlgan joyni aniqlash qiyin boʻladi. Nazariy jihatdan, sud tomonlar bitim tasdiqlangan istalgan joyga shikoyat berishi mumkinligi xususida qaror qilishi mumkin. Bu holatda, dunyo boʻylab joylashgan minglab tarmoqlar mavjudligini hisobga olsak, taraflar dunyoning istalgan yerida sudga tortilishi mumkin boʻladi. Ushbu muammoni hal qilish – prorogatsion havola(shartnomada ushbu bitim kelishuvi bilan bogʻliq nizolar qaysi sud organida, shu qatorda qaysi mamlakatda koʻrib chiqilishini belgilab beradigan havolani belgilash zarur. Ushbu havolada tomonlar har qanday nizolarni bitta muayyan yurisdiksiyada hal qilishga rozi ekanliklarini koʻrsatishi mumkin boʻladi.

    Uchinchidan, agar shartnoma bilan bogʻliq muammolar yuzaga chiqsa, tomonlar yurisdiksiya muammosini hal etib, odatda, tuman yoki viloyat sudiga murojaat qilishadi. Bunday protsedura, juda qimmatga tushadi va bir oydan koʻproq davom etishi, shubhasiz. Ammo, agar tomonlar kelishib, nizolarni hal qilishning muqobil usullari toʻgʻrisidagi bandni qoʻshishsa, ular murosasizliklarni arbitraj orqali kelishishlari mumkin boʻladi. Bugungi hakamlarning aksariyati ushbu texnologiya haqida yetarli bilim va amaliyotga ega boʻlmasligi mumkin. Aynan, shartnomada hakamdan blokcheyn platformalari boʻyicha muayyan tajribaga ega boʻlishni talab qiladigan bandni kiritish ikkala tomon uchun ham foydali boʻlishi, tabiiydir.

    Toʻrtinchidan, smart shartnomalarni tuzish uchun dasturiy tilni biladigan mutaxassislarni jalb qilish lozim. Smart shartnomalar nazariyasining oʻzi ham huquqshunoslik, ham texnik fanlar bilan bogʻliq ilmiy va amaliy qoidalarni tahlil etish hamda birlashtirishni nazarda tutadi. Bunda, smart shartnoma nazariyasini tadqiq etayotgan huquqshunoslar uchun tegishli texnik bilimlar bilan tanishtiruvchi seminar-treninglar tashkil etish, maqsadga muvofiqdir.

    Xulosa qilib aytganda, zamonaviy tendensiyalar shuni koʻrsatmoqdaki, smart shartnomalar tobora ommalashmoqda, ulardan foydalanish qulayligi ortmoqda, xorijiy mamlakatlarda aqlli shartnomalar yordamida texnologiyalarni takomillashtirish ustida alohida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bunday shartnoma vositachilarsiz tez va turli kelishuvlar tuzishga imkon beradi. Aqlli shartnoma mexanizmi uchinchi shaxslar va vositachilarning (notariuslar, huquqshunoslar) ishtirokini minimallashtirishga qaratilgan hamda moddiy jihatdan, bunday shartnomalar koʻproq foydaliroqdir. Shuningdek, smart shartnomalar inson va moddiy resurslarni tejashi va kelishuv shartlarining bir tomonlama oʻzgartirilishiga yoʻl koʻyilmasligi hamda shartlarning sharhlash extiyojisiz aniq, asosli va qonuniy yozilishi bilan ham ahamiyatlidir.

    Farangiz ZAYNOBIDDINOVA,

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti doktoranti