SMTI direktori: Oʻzbekiston va Turkiya transport-tranzit sohasida ulkan hamkorlik salohiyatiga ega

    Fikr 15 Dekabr 2022 1211

    Oʻzbekiston hududi orqali tranzit tashish hajmini joriy 7 million tonnadan 2030-yilda 23 million tonnagacha oshirishga yordam beradi.

    Poytaxtimizda boʻlib oʻtayotgan “Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi raisligi va Oʻzbekiston – Turkiya munosabatlarining istiqbollari” mavzusidagi anjumanda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori (SMTI) Eldor Aripov, Yevroosiyoning geostrategik jihatdan muhim nuqtalarida joylashgan Oʻzbekiston va Turkiya transport-tranzit sohasida ulkan hamkorlik salohiyatiga egaligini qayd etdi.

    “Xususan, savdo-iqtisodiy aloqalarimizni yanada kengaytirish imkonini beradigan “Osiyo–tinch okeani – Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa” multimodal transport yoʻlagi loyihasining oʻrni beqiyos sanaladi”, -dedi SMTI rahbari.

    Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi transport sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik Oʻzbekiston hududi orqali tranzit tashish hajmini joriy 7 million tonnadan 2030 yilda 23 million tonnagacha oshirishga yordam beradi.

    “Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligining yana bir ustuvor yoʻnalishi – bu energetika sohasi hisoblanadi. Oʻtgan yillar davomida yurtimizda turk kompaniyalari bilan hamkorlikda 5 ta yirik energetika loyihasi amalga oshirildi”, – taʼkidladi Eldor Aripov.

    Uning fikricha, ushbu loyihalarning amalga oshirilishi mamlakatimiz energetik xavfsizligini taʼminlashga, milliy sanoatimizning rivojlanishiga, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishiga va iqtisodiyotning turli sohalariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilmoqda.

    Bundan tashqari, “ikki tomonlama aloqalarimizning jadal rivojida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi oʻzaro hamkorlik muhim rol oʻynaydi. Bunda, shak-shubxasiz, nufuzli mintaqaviy tuzilma maqomida mustahkamlanib, zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining muhim elementiga aylanib borayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) oʻziga xos oʻrni bor”, - dedi mutaxassis.

    Eldor Aripov koʻp tomonlama samarali hamkorlik yanada rivojlantirish uchun tahliliy institutlar oʻrtasidagi aloqalarni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishini ham alohida taʼkidlab oʻtdi.

    “Ushbu xamkorlik doirasida biz siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va kommunikatsiya sohalarida TDTning mavjud ulkan salohiyatini samarali amalga oshirish masalasini batafsil koʻrib chiqish imkoniyati paydo boʻladi”, - deya soʻzini yakunladi SMTI rahbari.

    Eslatib oʻtamiz, ushbu tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Turkiyaning “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.