Bugungi kunda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirish boʻyicha qator ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-oktyabrdagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati tashkiliy tuzilmasida 5 kishidan va hududiy boshqarmalar tarkibiy-tuzilmasida 2-3 kishidan iborat “Komplayens, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati” tashkil etilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentlik vazirlik bilan hamkorlikda har bir oilaviy poliklinika va shifoxonaning kirish joylarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chaqiriqlar, “ishonch telefonlari” va boshqa targʻibot materiallari joylashtirildi.
Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chaqiriqlar, targʻibot materiallari tayyorlanib, har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika va shifoxonaning kirish joylarida joylashtirilishi taʼminlandi.
Sogʻliqni saqlash xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish madaniyatini shakllantirish va ularning shu sohadagi bilimini oshirish maqsadida “Sogʻliqni saqlash xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid eslatma” tayyorlanib, tizim xodimlariga tarqatildi. Tizimdagi korrupsiyaga oid holatlar haqida tezkor xabar berish uchun “1203” qisqa raqamli “ishonch telefonlari” (Call-markazi) tashkil etildi.
Tibbiyot muassalarida korrupsiyaviy holatlarni oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrganish maqsadida Agentlik tashabbusi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda oʻrganishlar takshil etildi.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIOvaRIATM) Toshkent shahar filialining bir gurux xodimlari tomonidan kelib tushgan shikoyat arizasi boʻyicha Agentlik va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan RIOvaRIATM Toshkent shaxar filialida oʻrganish oʻtkazildi. Oʻrganishda filial direktori G.Xakimov tomonidan qonun talablariga zid ravishda oʻzini oʻzi “Torakoabdominal xirurgiya boʻlimi” mudiri hamda shu boʻlimga onkoxirurg lavozimlariga buyruq asosida tayinlab, 54 mln. soʻm byudjet mablagʻlarini qonunga xilof ravishda oylik ish haqi sifatida oʻzlashtirganligi, 22 mln. soʻm ijara toʻlovlarini undirish choralarini koʻrmaganligi, 2 mlrd. soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlarini notoʻgʻri sarflanganligi, filialda asosiy turdagi dori vositalarining mavjud emasligi sababli, aksariyat bemorlar tomonidan tashqaridan dori-darmonlarni olib kelayotganligi va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Oʻrganish natijalari boʻyicha toʻplangan hujjatlar asosida prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida “Komplayens, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati” tashkil etilishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarining murojaatlari, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda boshqa qonun xujjatlarining ijrosi yuzasidan vazirlik tizimidagi 395 ta davolash-profilaktika muassasalari, korxona va tashkilotlarda byudjet hamda byudjetdan tashqari mablagʻlarining sarflanishi boʻyicha oʻrganish va monitoringlar oʻtkazilgan. Ushbu oʻrganish va manitoringlar natijasida 2020-yildan bugungi kungacha jami 50 mlrd. soʻmdan ortiq moliyaviy xato kamchiliklar aniqlangan, shundan, kamomad va oʻzlashtirishlar 7 mlrd. soʻmni, noqonuniy va maqsadsiz xarajatlar 12 mlrd. soʻmni tashkil etadi, aniqlangan xato va kamchiliklarda yetkazilgan zararning 3 mlrd. soʻmi undirilgan.
Shu bilan birga aniqlangan 12 mlrd. soʻmlik 135 ta oʻrganish materiallari mansabdor shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan choralar koʻrishlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga hamda 1,8 mlrd soʻmlik xato-kamchiliklar boʻyicha 5 ta oʻrganish materiallari Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasiga yuborilgan.
Bundan tashqari, vazirlik tizimidagi tibbiyot muassasalari hamda korxona va tashkilotlarning xarajat smetalari va shtat jadvallarini roʻyxatga olish davrida oʻtkazilgan monitoring natijasida 22,7 mlrd. soʻmlik ortiqcha rejalashtirish holatlarining oldi olingan.
Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan oʻrganish materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organ va tegishli idoralarga yuborilishi taʼminlangan.
Oʻrganishlar davomida tizimdagi respublika va sogʻliqni saqlash boshqarmalarida qarashli 123 ta davolash profilaktika muassasalarida ishlab kelayotgan 882 nafar xodimlar tomonidan qalbaki malaka toifa sertifikatlari taqdim etilganligi natijasida xodimlarga 2015-2020-yillar davomida byudjet mablagʻlari hisobidan jami 18 mlrd. soʻm ish xaqi notoʻgʻri hisoblanib, 16 mlrd. soʻm ortiqcha toʻlovlar amalga oshirilganligi aniqlandi va hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idorlarga taqdim etilgan.
Shuningdek, Agentlik tomonidan hududiy sogʻliqni saqlash muassalalarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar boʻyicha oʻrganishlar tashkil etildi.
Unda, Andijon, Buxoro, Samarqand viloyatlari sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar joyiga chiqqan holda oʻrganildi.
Oʻrganish natijasida aniqlangan tizimli muammolar yuzasidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi.
1. Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy saytida tizimdagi barcha vakant oʻrinlar va ularga qoʻyilgan talablarni majburiy tarzda ochiq eʼlon qilinishini yoʻlga qoʻyish. Buning natijasida ochiq va shaffof mexanizm yaratilib, korrupsiya xavfi pasayishiga erishiladi.
2. Kelgusi oʻquv yillari uchun oʻrta maxsus tibbiyot xodimlarini tayyorlaydigan tibbiyot kollejlariga ajratiladigan qabul kvotalari sonini mavjud ehtiyojdan kelib chiqib qayta koʻrib chiqish.
3. Tibbiyot xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish, tizimda oʻzaro sogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirish hisobiga soha rivojlanishiga erishish, shuningdek sohada bozor mexanizmlarini joriy etish yoʻli bilan iqtisodiy samaradorlikni oshirish, ajratilgan byudjet mablagʻlarining talon-taroj etilishini oldini olish maqsadida tibbiyot xodimlariga bajarilgan ish hajmidan kelib chiqib ish haqi toʻlash tizimiga oʻtish maqsadga muvofiq. Bunda bajariladigan har bir amalyot uchun xizmat haqi belgilanadi va koʻproq mehnat qilgan xodimlar koʻproq moddiy manfaatdorlikka ega boʻladi. Natijada, bemorlarning sarson boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi va tibbiy xizmat sifati ham oʻsadi. Shuningdek, tizimda koʻp kuzatiladigan, byudjet mablagʻlarining talon-taroj etilishiga sabab boʻluvchi “oʻlik jonlar” illatiga ham barham beriladi.
4. Sogʻliqni saqlash tizimini (muassasalarni) moliyalashda aholi jon boshiga moliyalashtirish tizimiga oʻtish. Buning natijasida, tizimda oʻzaro sogʻlom raqobat yuzaga kelishi va tibbiy xizmat sifati oʻsishi bilan bir qatorda, byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarflash, oʻzlashtirish yoki talon-toroj etilishiga nisbatan kuchli jamoatchilik nazorati ham oʻrnatiladi.
5. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan diagnostika va davolash standartlarini ilgʻor horijiy tajribadan kelib chiqib “Dalillarga asoslangan tibbiyot” (Evidence-based medicine) tamoyillari asosida qayta koʻrib chiqish va samarali ekanligi klinik sinovlar orqali ilmiy dalillar bilan asoslanmagan dori vositalari va tibbiy jihozlarni diagnostika va davolash standartlaridan chiqarib tashlash. Standartlarni ishlab chiqishda dori vositalarining tijoriy nomlaridan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik.
6. Sohada zamonaviy informatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha boshlangan ishlarni toʻliq qayta inventarizatsiyadan oʻtkazish va sogʻliqni saqlash tizimidagi barcha muassasalar faoliyatni oʻziga qamrab oluvchi, soha xodimlari va fuqarolar uchun qulay boʻlgan, ilgʻor horijiy tajribalarni oʻzida aks ettirgan yagona elektron platforma (baza) strategiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish muddatlarini aniq belgilash. Sohada zamonaviy informatsion texnologiyalarni joriy etishni birlamchi vazifa deb belgilash. Buning natijasida tizimda yuzaga kelayotgan koʻplab korrupsion omillarning bartaraf etilishiga erishiladi.









